O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent islom instituti dots.nti va poytaxtimizdagi "Mulla Xolmirza ota" masjidi imom-xatibi Abdurasul domla Abdullayevning turmush o‘rtog‘i, Toshkent shahar Olmazor tumani otinoyisi Mavjuda hoji onaning vafoti munosabati bilan u kishining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhumani O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlari va solih amallarini o‘zlariga hamroh aylasin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Haq taolo marhumaning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan marhumaning yaqinlariga, xususan, Abdurasul domla Abdullayevga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda "Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz", degan sabrlilarga xushxabar bering».
Janoza namozi bugun, 4 aprel kuni Olmazor tumani "Do‘stjonboy" jome masjidida peshin namozidan so‘ng o‘qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz
Mamlakatimizda har yili “9 may – Xotira va qadrlash kuni” sifatida keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida “Inson qadri ulug‘, xotira muqaddas” shiori ostida haftalik tadbirlar tashkil etish rejalashtirilgan.
Mazkur haftalik tadbirlar rejasi doirasida Toshkent islom instituti rahbariyati, professor-o‘qituvchi va talabalari Hazrati Imom majmuasidagi Qaffol Shoshiy maqbarasini ziyorat qildilar.
Qaffol Shoshiy maqbarasida muhaddis va tilshunos Abu Bakr Muhammad ibn Ali ash-Shoshiy (904-976), O‘rta Osiyo va Qozog‘iston diniy nazorati birinchi muftiysi Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon (1858-1957), sobiq muftiy, Toshkent islom instituti ta’sischilaridan biri Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon (1908-1982), Saidahrorxon Maxdum ibn Abdulloh Maxdum (1876-1922), Bahodirxon Maxdum ibn Imom Muhammadxon Eshon (1848-1909), Imom Muhammadxon Eshon ibn Yunusxo‘ja Eshon (vaf. 1882) kabi ulamolarning qabri mavjud.
Institut rektori Uyg‘un G‘afurov “Qaffoli Shoshiy” maqbarasi, unda yotgan Abu Bakr Shoshiy, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari idorasining birinchi muftiysi Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon va muftiy Ziyovuddin ibn Eshon Boboxon, ustozlari Bahodirxon Maxdum to‘g‘risida qimmatli ilmiy ma’lumotlarni gapirib berdi.
O‘tganlar ruhlarini shod etish uchun Qur’oni karim oyatlari tilovat qilinib, institut talabalari tomonidan tayyorlangan Xatmi Qur’on savoblari mazkur maqbarada dafn qilingan ulamolar ruhoniyatiga bag‘ishlandi hamda ularning haqlariga ko‘plab duoi xayrlar qilindi. Zero, o‘tgan ajdodlarimizni xotirlash va ularning solih amallarini esga olish buyuk an’analarmiz va qadriyatlarimizdan hisoblanadi.
Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam bu borada shunday marhamat qilganlar: “Dunyodan o‘tib ketlaringizni yaxshiliklari bilan esga olingizlar”.
@oliymahad – diniy-ma’rifiy kanal!