Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Sentabr, 2026   |   6 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:45
Quyosh
06:05
Peshin
12:18
Asr
16:40
Shom
18:33
Xufton
19:49
Bismillah
17 Sentabr, 2026, 6 Rabi`us soni, 1448

Men vafot etsam, ortimdan nima qoladi?

06.04.2026   19583   8 min.
Men vafot etsam, ortimdan nima qoladi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bir hadis sharhi

Inson bu dunyoda mehmon, har bir jon egasi bir kun kelib bu dunyodan o‘tadi. Ammo, islom ta’limoti insonni faqat dunyo bilan cheklab qo‘ymaydi, balki uning bu dunyoda qilgan ayrim amallari savobi vafotidan so‘ng ham davom etishi haqida ta’lim beradi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam inson vafotidan keyin ham ayrim amallarning savobi to‘xtamasligini ma’lum qilib, ushbu hadisni (yuqoridagi hadisni) aytganlar:

عن أبي هريرة رضي الله عنه أن رسول اللهﷺقال: «إذا ماتَ الإنسانُ انقَطَعَ عنه عَمَلُه إلَّا مِن ثَلاثةٍ: مِن صَدَقةٍ جاريةٍ، أو عِلمٍ يُنتَفَعُ به، أو ولَدٍ صالِحٍ يَدعو له».

“Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Inson vafot etganda, uch narsadan boshqa barcha amallari savobi undan uziladi: joriy sadaqa, (odamlarga) foydasi tegadigan ilm yoki uning haqqiga duo qiladigan solih farzand”, dedilar[1].

Ushbu hadis bizga juda muhim haqiqatni o‘rgatadi: inson uchun bir kun kelib uning hayoti tugaydi, u xayrli ishlar qilishdan to‘xtaydi, ammo u vafot etib ketgan bo‘lsa ham bu dunyoda qilgan ayrim amallari orqali o‘ziga yetadigan savoblar to‘xtamaydi. Bu Alloh taoloning rahmati va fazlidandir. U Zot bandalarining gunohlarini mag‘firat qilib, oxiratda darajalarini ko‘tarish uchun va savoblarini vafotidan keyin ham davom ettirish uchun ko‘plab sabablarni yaratib qo‘ygan.

Ushbu hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bayon qiladilarki, inson vafot etgach, dunyodagi amallari undan uziladi, ya’ni u endi u solih amallar qilishni qanchalar istasa ham buni amalga oshira olmaydi. Savoblariga savob qo‘sha olmaydi. Agar u yaxshilik qilgan bo‘lsa, shu yaxshiligi o‘ziga, agar yomonlik qilgan bo‘lsa, u ham o‘ziga. Endi amal qilish yoki tavba qilish imkoni yo‘q. Qilgan yaxshi amallariga savob yozilib bo‘lgan, nomai a’moli – amallar daftari yopilgan bo‘ladi. Ammo, o‘zidan so‘ng bu dunyoda uch narsani qoldirgan bo‘lsa, u bundan mustasnodir. Bu amallarning savobi va foydasi inson vafoti sababli to‘xtab qolmaydi, uzilmaydi:

Ulardan birinchisi sadaqai joriya – savobi bardavom bo‘lgan sadaqadir. Sadaqa moddiy va ma’naviy ko‘rinishga ega bo‘lib, yaxshi so‘z ham sadaqadir. Sadaqa – Alloh taoloning roziligini topish, qurbat hosil qilish niyati bilan beriladigan narsadir. Bu ma’no zakot va ixtiyoriy sadaqani o‘zi ichiga oladi, ya’ni ixtiyoriy mol chiqarish sadaqa deyiladi, farz mol chiqarish esa zakot deyiladi. Gohida qilingan har bir yaxshilik ish ham sadaqa deyiladi. Sadaqa ikki turli bo‘lib, ulardan biri sadaqa qilish bilan ko‘zlangan savob niyatiga yarasha beriladi va shu sadaqa to‘xtashi bilan unga beriladigan savob ham yopiladi. Sadaqai joriya esa uzoq muddatli savob manbai bo‘lib, jamiyatga foydasi qancha muddat tegib tursa, savobi ham shuncha vaqt davom etadigan xayrli ishlardir. Ya’ni, jamiyatga foydasi davomiy bo‘lgan ishlar sadaqai joriya sanaladi va savobi ham doimiy bo‘ladi. Masalan:

  • masjid qurish;
  • suv chiqarish, quduq yoki ariq qazish;
  • yo‘l, ko‘prik qurish;
  • bog‘ barpo qilish;
  • zavod, fabrika qurish;
  • maktab yoki madrasa tashkil qilish yoki boshqa bir ilm dargohlari qurish va ular faoliyatiga yordam berish;
  • vaqf qilish, manfaat keltiradigan mulkini masjid yoki ilm dargohlariga doimiy foydalanishga berish, karvonsaroylar qurish;
  • odamlarga uzoq yillar davomida manfaati tegib turadigan bunyodkorlik ishlarni amalga oshirish.

Bunday narsalar inson vafot etganidan keyin ham odamlarga xizmat qilaveradi. Shu sababli savobi ham doimiy bo‘ladi.

Ikkinchisi jamiyatga foydasi tegadigan ilmdir. Ya’ni inson vafotidan keyin ham odamlar undan foydalanadigan ilm. Ilmning “foyda beradigan” deya ta’kidlanishi sababi foyda bermaydigan ilm o‘z egasiga savob keltirmaydi.

Agar inson biror ilm o‘rgatsa, kitob yozsa, odamlarni yaxshilikka yo‘naltirsa, uning vafotidan keyin ham o‘sha ilmdan foydalangan har bir inson sababli unga savob yozilib turadi.

Ilm – inson qoldirishi mumkin bo‘lgan eng qimmatli meroslardan biridir.

Uchinchisi solih farzand qoldirishidir. Hadis matnida farzand “solih” deb ta’kidlandi, chunki ota-onaga noqobil farzanddan savob yetmaydi.

Ota-ona haqqiga duo qiluvchi solih farzand  ota-ona uchun eng katta baxt va buyuk ne’matdir. Agar farzand yaxshi amallar qilsa, ibodatlarida ota-ona haqqiga duo qilsa, buning savobi ota-onasiga ham yetib turadi. Hatto boshqa hadislarda ota-onaning farzandiga bergan eng katta hadyasi yaxshi tarbiya ekani aytilgan.

Hadisda farzandning ota-onasi haqqiga mag‘firat so‘rab duo qilishi zikr qilingani zamirida farzandni bu ishga rag‘batlantirish ma’nosi ham bor. Aslida esa, solih farzandning amallaridan – u duo qilsa ham, qilmasa ham – ota-onaga savob yetib turaveradi. Bu xuddi bir kishi daraxt ekib qo‘ysa, uning mevasidan yegan insonlar sababli ular duo qilsa ham, qilmasa ham unga savob yozilishiga o‘xshaydi.

Ibn Moja rivoyatida kelgan: “Albatta, insonning jannatdagi darajasi ko‘tariladi va u: «“Bu qayerdan keldi?” deb so‘raydi. Unga: “Farzanding sen uchun istig‘for aytgani sababli”, deb javob beriladi».

Yana Ibn Moja rivoyatida: “Mo‘minga uning vafotidan keyin ham amallari va yaxshiliklaridan yetib turadigan narsalardan biri – u o‘rgatgan va tarqatgan ilm, qoldirgan solih farzand, meros qilib qoldirgan mus'haf, qurgan masjid, yo‘lovchilar uchun qurgan uy (rabot, karvonsaroy), oqizgan ariq yoki hayotligida molidan chiqargan sadaqadir. Bu ishlar unga vafotidan keyin ham yetib turadi”.

Savobi yangilanib turadigan bu kabi amallarning savobi insonga vafotidan keyin ham yetib boradi. Shuningdek, inson yo‘lga qo‘ygan har qanday yaxshilik va uning asari qolsa ham, u shu hadis zamiridagi hukm ostiga kiradi. Chunki Imom Muslim rivoyatida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Kim Islomda yaxshi bir sunnat (yo‘l)ni joriy qilsa, o‘sha amalning savobi va undan keyin amal qilganlarning savobi – ularning savobidan hech narsa kamaytirilmagan holda – yoziladi”.

Bunga jamiyatda joriy qilingan yaxshi urf-odatlar, tartib-intizom va yo‘l qoidalarini misol qilib keltirish mumkin.

Demak, ushbu hadisga ko‘ra inson faqat bugun uchun emas, vafotidan keyin uchun ham yashashi kerak, mol-dunyo – abadiy savob qoldirish uchun berilgan imkoniyatdir. Sadaqai joriya, foydali ilmni tarqatish va farzandga berilgan go‘zal tarbiya  insonning hayotidan keyingi hayotiga sarmoyasidir.

Ushbu hadisda:

  • ota-onani vafotidan keyin ham ehtirom qilishga targ‘ib;
  • foydali ilmni o‘rganish va uni tarqatishga rag‘bat;
  • joriy sadaqalar qilishga chaqiriq;
  • farzandni solih qilib tarbiyalashga targ‘ib mavjud.

Fikrimiz xulosasida aytar so‘zimiz shuki, har birimiz o‘zimizga “Men vafot etsam, ortimdan nima qoladi? Qanday ezgu ishlar qoladi?” deb savol beraylik! Agar ortimizda bir insonga bo‘lsa ham foydamiz tegadigan narsa qoldirgan bo‘lsak, jamiyatga foydasi tegadigan biror ilm o‘rgatgan bo‘lsak, bir yaxshi farzand tarbiyalagan bo‘lsak, demak, umrimizni behuda o‘tkazmagan, bu hayotda yashashdan haqiqiy manfaatga erishgan bo‘lamiz.

1] Roviy: Abu Hurayra. Muhaddis: Imom Muslim. Manba: Sahihu Muslim. Hadis raqami: 1631. Hukmi: sahih. Taxrij: Imom Muslim rivoyat qilgan, “Sahihul Buxoriy”da rivoyat qilinmagan hadislardandir.

Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Boshqa maqolalar
Maqolalar

XI asrda Samarqandda tibbiyot muassasalari faoliyati qanday bo‘lgan?

16.09.2026   8997   5 min.
XI asrda Samarqandda tibbiyot muassasalari faoliyati qanday bo‘lgan?

XI asr o‘rtalarida Samarqand zaminida barpo etilgan tabobat maskani hamda uning mukammal moliyaviy-iqtisodiy ta’minoti o‘rta asrlar Sharq davlatchiligida ijtimoiy himoya va xalq salomatligini muhofaza qilish yuqori darajada tashkil etilganini namoyon etadi.

Sharqshunos tadqiqotchi M.Xadr tomonidan e’lon qilingan va keyinchalik taniqli olim O.Bolshakov tomonidan atroflicha tadqiq etilgan XI asr o‘rtalariga oid ikkita vaqf hujjati G‘arbiy Qoraxoniylar xoqonligining hukmdori Ibrohim Tamg‘achxon davriga taalluqlidir. O‘rta asrlar arab muarrixi Ibn Fuvatiyning guvohlik berishicha, Ibrohim faqihlarning qat’iy xulosasisiz biror kimsaga jazo tayinlamagan hamda hech kimning mol-mulkini musodara etmagan odil hukmdor timsoli bo‘lgan. Shu bois u Bag‘dod xalifasi Qoim tomonidan “Davlat tayanchi” hamda “Sharq va Chin podshohi” kabi oliy darajali unvonlar bilan sharaflangan.

Ushbu ma’rifatparvar hukmdor tashabbusi bilan Samarqand shahrida faoliyat boshlagan “Dor al-marzo”, ya’ni Bemorlar uyi shahar fuqarolari bilan birga musofirlar uchun ham bepul tibbiy yordam ko‘rsatuvchi yirik ijtimoiy markaz bo‘lgan. Vaqfnoma matnida mazkur dorushshifoning jo‘g‘rofiy o‘rni, ichki me’moriy tuzilishi, xizmatchilar safi, ularga ajratiladigan maosh hamda muassasani muttasil mablag‘ bilan ta’minlab turuvchi ko‘chmas mulklar tafsiloti bayon etilgan.

Tarixiy hujjatlarga ko‘ra, shifoxona Samarqandning gavjum savdo chorrahalaridan birida – So‘g‘d bozori va Zargarlar mahallasi tutashgan hududda qad rostlagan. Xastaxonaning kundalik xarajatlarini, bemorlarning to‘laqonli ovqatlanishi va zarur dori-darmonlar ta’minotini kafolatlash maqsadida xoqon o‘z shaxsiy mulki hisoblangan “Timi palos” karvonsaroyini hamda beshta yordamchi xona, uchta hujra va uch do‘kondan iborat savdo rastalarini vaqf mulki sifatida muassasa ixtiyoriga topshirgan. Vaqfnoma shartiga binoan, ushbu tijorat inshootlaridan tushadigan barcha ijara daromadlari muayyan hissalarga – teng yuz qismga taqsimlanib, shifo maskani ehtiyojlariga yo‘naltirilgan.

Mazkur maskanda faoliyat yuritgan mutaxassislar tarkibi va xizmat haqining taqsimlanish tartibi o‘sha davr jamiyatining ma’naviy va tabaqaviy qiyofasini anglashda qimmatli dalildir. Jumladan, umumiy tushumning yuz qismdan iborat hisobidan eng katta ulush – naq o‘n qismi bevosita bosh tabibga tayinlangan. E’tiborga molik jihati shundaki, shifoxonaning umumiy ma’muriy boshqaruvchisi va moliyaviy nazoratchisi bo‘lgan mutasarrifga sakkiz qism maosh ajratilgan. Ilm va amaliyot sohibi bo‘lmish hoziq tabibga ijrochi boshqaruvchidan yuqoriroq haq to‘langani qoraxoniylar jamiyatida yuqori malakali tibbiyot mutaxassislari mehnati yuksak qadrlanganini ko‘rsatadi. Bundan tashqari, muassasada qon oluvchi muolajachi – fassod, mohir pazandalar hamda xizmatchilar ham mehnat qilgan. Vaqf tushumidan alohida xizmatchiga besh qism, oshpazga uch qism maosh belgilangan.

Hujjatda xastalarning huquqlarini muhofaza qilishga ustuvor ahamiyat qaratilgan. Vaqfnoma talabiga ko‘ra, davolanayotgan kishilar xastalikdan butunlay forig‘ bo‘lguniga qadar ularni shifoxonadan chiqarib yuborish yoki bezovta qilish qat’iyan man etilgan. Shaharning yerlik fuqarosi va tashrif buyurgan musofirlar birdek bepul tibbiy ko‘mak olish huquqidan foydalangan. Bemor sog‘aygachgina o‘rnini boshqa muhtoj xastaga bo‘shatib berishi lozim bo‘lgan. Mazkur nizom talablarini o‘zgartirish yoki bekor qilish taqiqlanib, vaqf shartlarining abadiy kuchda qolishi muhrlangan.

Taniqli tarixchi va tangashunos olim Ye.Davidovich vaqfnomadagi pul muomalasiga oid tafsilotlarni tadqiq etar ekan, hujjat tasdiqlangan paytda Samarqandda amalda bo‘lgan tangalarning aniq qiymati qayd etilganini ta’kidlaydi. Unga muvofiq, bir misqol sof oltin qiymati aynan qirq yetti kumush dirhamga tenglashtirilgan. Hujjatda tangalar xarid quvvatining pasayishi, ya’ni pul qadrsizlanishi ehtimoliga qarshi maxsus muhofaza bandi kiritilgan bo‘lib, agar istiqbolda dirhamning bozor bahosi o‘zgarsa, xodimlarning ish haqi va shifoxona xarajatlari hujjat tuzilgan kundagi sof oltin o‘lchov mezoni bo‘yicha yangi muomaladagi dirhamlarda qayta hisoblab to‘lanishi shart qilib qo‘yilgan. Bu esa o‘rta asrlar huquqiy amaliyotida moliyaviy barqarorlikni asrash va muassasani moddiy tanazzuldan himoya qilishning ilg‘or tizimi mavjud bo‘lganini ko‘rsatadi.

Ibrohim tashabbusi bilan rasmiylashtirilgan ikkinchi vaqf hujjati Samarqandning “Bobulhadid”, ya’ni Temir darvoza mavzesida barpo qilingan madrasaga tegishlidir. Atrofida Xotun Malika maydoni va xonaqohlar joylashgan mazkur ta’lim dargohi ham talabalar va mudarrislar uchun moddiy sharoitlarni kafolatlagan. Agar davrlar o‘tib shifoxona yoki madrasa binolari tabiiy ofat yoki zamonlar evrilishi sabab yaroqsiz holga kelsa va ularni tiklash imkonsiz bo‘lib qolsa, vaqfnoma shartiga ko‘ra, ajratilgan ko‘chmas mulklarning barcha daromadlari abadiy ravishda Samarqanddagi beva-bechora va kambag‘al qatlam ehtiyojlariga sarflanishi belgilab qo‘yilgan.

Manbashunos olimlarning qayd etishicha, faqih Burhoniddin Mahmudning “Muhit al-Burhoniy” asari tarkibida saqlanib qolgan mazkur vaqf hujjatlari XI asrda Turonda shaharsozlik madaniyati, ijtimoiy institutlarni barqaror moliyalashtirish va tibbiy yordam tizimi yuqori darajada bo‘lganidan dalolat beruvchi muhim tarixiy yodgorlikdir. Ibrohim Tamg‘achxonning bu xayrli amali o‘zbek davlatchiligi tarixida ijtimoiy adolat va fuqarolar muhofazasi bosh mezon bo‘lganini namoyon etadi.

Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA

O'zbekiston yangiliklari