Soxta salafiylar dunyoning qayeriga bormasin, musulmonlar orasida tushunmovchiliklar, ixtiloflar va tashvishlar avj oladi. Bugungi kunda ularning ahli sunna val-jamoadan og'ishgani, ular na sahobalar va na tobe'inlar yo'lidan yurmayotganlari o'z isbotini topib ulgurgan. Ko'plab ulamolar tomonidan ularning buzg'unchi g'oyalariga nisbatan ilmiy raddiyalar e'lon qilingan. Jumladan HIH asrda yashab, ijod etgan mashhur hindistonlik olim Muhammad Siddiq Hasan al-Qanujiy (1832-1890) soxta salafiylar haqida fikr bildirib, bunday deydi: “Hozirgi kunda bir riyokor va shuhratparast guruh paydo bo'lgan bo'lib, ular Qur'on va hadisni bilish va unga amal qilishni da'vo qilmoqda… Ajablanarlisi shundaki, ular o'zlarini eng ixlosli va taqvodor, deb boshqalarni mushriklar deb nomlamoqda. Ular eng mutaassib va dinda g'uluvga ketgan kishilardir. Bu dindan emas, balki Yer yuzida tarqalgan fitna va katta fasoddir” (“Taqlidul-aimma” 16-17 betlar].
O'tgan asrimizning ko'zga ko'ringan etuk allomalardan biri mehrob shahidi Shayx Muhammad Said Ramazon Butiy rahimahulloh o'zlarining “salafiylar” deb atayotganlarga raddiya sifatida “Salafiylik islomiy mazhab emas, balki u muborak davr bosqichidir” nomli asarlarida jumladan bunday deydilar: “Islom dinining o'tgan o'n to'rt asrlik tarixi davomida biror mo''tabar imom yoki ulamodan eshitmaganmizki, musulmonlarning hidoyatda bo'lishlarining hujjati “salafiylar” deb nomlagan guruhga mansub bo'lish hisoblansa. Balki, “salafiylik” degan guruhga mansub bo'lishning o'zi ayni bid'atdir” (231-232-betlar).
Hulosa qilib aytganda ota-bobolarimiz, ming yillik mo'min-musulmonlar barchasi ahli sunna val-jamoa ta'limotida bo'lib kelishgan. Birok, yigirmanchi milodiy asrning o'rtalariga kelib, ahli sunna val-jamoadan og'ishgan vahhobiylik oqimi tizimidan sizib, yangi va soxta salafiylik yuzaga keldi. Asrlar davomida Islom ulamolari tomonidan yozilgan asarlar va orttirilgan malaka, erishilgan yutuqlarni rad etib, faqatgina “salafi solihlar” davrini e'tiborga olish da'vosida bo'lish soxta salafiylikning tor mohiyatini namoyon etadi.
Bugungi kunimizda yurtdoshlarimiz ichida ham bilib-bilmay soxta salafiylarning asossiz da'volarining ta'sirida yurgan kishilarning mavjud ekanligi ushbu toifaning ildizlarini o'rganib, uning asl mohiyatini ochib berish, uni odamlarga, xalqimizga to'g'ri tushuntirib berish dolzarb ekanligini bildirmoqda.
Ma'rufxon Aloxodjayev,
Namangan shahar "Abdulqodir qori" jome masjidi imom-xatibi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xalqaro ilmiy-ma’rifiy muloqot va islom sivilizatsiyasi merosini zamonaviy nuqtayi nazardan o‘rganish uchun muhim maydonga aylanmoqda. Bu haqda Polsha musulmonlari uyushmasi raisi, muftiy Tomash Mishkevich Markazga tashrifi chog‘ida ta’kidladi.
Muftiy boshchiligidagi delegatsiya tashrif davomida Markazning tarix, ilm-fan, madaniyat va din bilan bog‘liq boy merosi, shuningdek, uning xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirishdagi o‘rni bilan tanishdi.
Tomash Mishkevich, Polsha musulmonlari uyushmasi raisi, muftiy:
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tarix, ilm-fan, madaniyat va din bilan bog‘liq ulkan merosni o‘zida mujassam etgan. U nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami sivilizatsiyasini namoyon etadi. Markaz faoliyati orqali islom sivilizatsiyasining zamonaviy ilmiy talqini va uning bugungi kun uchun ahamiyati ochib berilmoqda.
Bugun Markaz xalqaro maydonda, ilm-fan va tarixga bag‘ishlangan forumlar, konferensiyalar hamda uchrashuvlar doirasida muhim o‘rin egallamoqda. U xalqaro ilmiy muloqot va hamkorlik uchun zamonaviy maydon yaratmoqda. Ushbu Markazning tashkil etilgani va bugun samarali faoliyat yuritayotgani uchun O‘zbekiston Prezidentiga, O‘zbekiston xalqiga hamda bu ezgu ishga hissa qo‘shayotgan barcha insonlarga minnatdorlik bildiraman», — dedi Polsha muftiysi.
Tashrif yakunida Tomash Mishkevich «Faxriy mehmonlar» kitobida ham o‘z taassurotlarini qoldirdi. Unda mehmon Markazning diniy, madaniy va tarixiy ahamiyatini alohida ta’kidlab, shunday yozdi:
«Dinimiz — Islom, shuningdek, madaniyatimiz va tariximiz uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan bunday ulug‘vor maskanga tashrif buyurish men uchun katta sharaf va mamnuniyat bag‘ishladi».
Shundan so‘ng Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Suhbatda Markazning xalqaro ilmiy-ma’rifiy maydondagi o‘rni va hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Uchrashuv yakunida mehmonga esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati