Savol: Yer yuzida yashagan hayvonlardan birortasi jannatga kiradimi va agar shunday bo‘lsa, qaysilari?
Javob: Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: “...Va vaqtiki, vahshiy hayvonlar bir joyga to‘plansa” (Takvir surasi, 5-oyat).
Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Qiyomat kuni barcha jonzot Alloh taoloning huzuriga to‘planadi”.
Demak, qiyomat kuni sur chalinadi va hamma olamlar Robbining huzuriga to‘planadi. Biroq, tirilishdan keyingi abadiy hayot faqat odamlar va jinlar uchundir. Hayvonlar uchun jannat yoki do‘zax, mukofot yo jazo yo‘q. Ammo, solihlarning do‘sti bo‘lgan yoki haqiqat yo‘lida vafot etgan ba’zi hayvonlar, Alloh taoloning irodasi bilan Jannatga kiradilar.
Masalan, Alloh yo‘lida qurbon qilingan hayvonlar Jannatga kiradi. Bundan tashqari, mufassir Imom Muqotilning “Mishkatul-Anvar” asarida quyidagi o‘nta hayvon ham Jannatga kirishi bayon etilgan:
1. Ibrohim alayhissalomning ho‘kizi.
2. Ismoil alayhissalom o‘rniga qurbon qilingan qo‘chqor.
3. Solih alayhissalomning mo‘jiza sifatida berilgan tuya.
4. Yunus alayhissalomni yutib yuborgan baliq.
5. Muso alayhissalomning sigiri.
6. Uzayr alayhissalomning xachiri.
7. Sulaymon alayhissalomning chumolisi.
8. Sulaymon alayhissalomning Malika Bilqisga jo‘natgan hudhudi.
9. G‘or egalarining Qitmir ismli iti.
10. Rasululloh alayhissalomning Qasvo ismli tuyalari.
Davron NURMUHAMMAD
Tumandagi “Mulla Jumaboy” jome masjidida o‘tkazilgan tashkiliy yig‘ilishda qoziyot mas’ullari, bosh imom-xatiblar, hojilar va mahalla raislari jam bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan iyul oyining “Obodonlashtirish va mehr-saxovat oyligi” deb e’lon qilinishi munosabati bilan tumanda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, imom-xatiblar va masjid qavmi boshchiligida ko‘chalar, masjid atroflari tozalandi. Shuningdek, imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan fuqarolarning hovli-joylarida hashar yo‘li bilan obodonlashtirish ishlari olib borildi.
Ishchi guruh a’zolari To‘rtko‘l tumanidagi 10 ta masjid va 20 ta mahallaga biriktirilib, quyidagi xayrli amallar bajarildi:
Hojilarni jalb etgan holda mahallalardagi muammoli oilalar holidan xabar olindi;
Homiylar ko‘magida 120 ta ehtiyojmand xonadonga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi;
Ko‘makka muhtoj oilalarning farzandlariga yangi o‘quv yili uchun maktab formalari tarqatildi;
Imom-xatiblarning faoliyati o‘rganilib, masjid boshqaruvi va ma’rifiy ishlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Tadbir yakunida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, hududda diniy-ma’rifiy muhitni sog‘lomlashtirish va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti
Matbuot xizmati