Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Iyul, 2026   |   2 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:23
Quyosh
04:58
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:58
Xufton
21:31
Bismillah
16 Iyul, 2026, 2 Safar, 1448

Hayvonlar ham Jannatga kiradimi?

07.04.2026   21606   1 min.
Hayvonlar ham Jannatga kiradimi?

Savol: Yer yuzida yashagan hayvonlardan birortasi jannatga kiradimi va agar shunday bo‘lsa, qaysilari?

Javob: Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: ...Va vaqtiki, vahshiy hayvonlar bir joyga to‘plansa (Takvir surasi, 5-oyat).

Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Qiyomat kuni barcha jonzot Alloh taoloning huzuriga to‘planadi”.

Demak, qiyomat kuni sur chalinadi va hamma olamlar Robbining huzuriga to‘planadi. Biroq, tirilishdan keyingi abadiy hayot faqat odamlar va jinlar uchundir. Hayvonlar uchun jannat yoki do‘zax, mukofot yo jazo yo‘q. Ammo, solihlarning do‘sti bo‘lgan yoki haqiqat yo‘lida vafot etgan ba’zi hayvonlar, Alloh taoloning irodasi bilan Jannatga kiradilar.

Masalan, Alloh yo‘lida qurbon qilingan hayvonlar Jannatga kiradi. Bundan tashqari, mufassir Imom Muqotilning “Mishkatul-Anvar” asarida quyidagi o‘nta hayvon ham Jannatga kirishi bayon etilgan:

1. Ibrohim alayhissalomning ho‘kizi.
2. Ismoil alayhissalom o‘rniga qurbon qilingan qo‘chqor.
3. Solih alayhissalomning mo‘jiza sifatida berilgan tuya.
4. Yunus alayhissalomni yutib yuborgan baliq.
5. Muso alayhissalomning sigiri.
6. Uzayr alayhissalomning xachiri.
7. Sulaymon alayhissalomning chumolisi.
8. Sulaymon alayhissalomning Malika Bilqisga jo‘natgan hudhudi.
9. G‘or egalarining Qitmir ismli iti.
10. Rasululloh alayhissalomning Qasvo ismli tuyalari.

Davron NURMUHAMMAD

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Jazirama issiq kunlarda sog‘liqni saqlash bo‘yicha tavsiyalar

16.07.2026   4994   3 min.
Jazirama issiq kunlarda sog‘liqni saqlash bo‘yicha tavsiyalar

Hozirgi chilla davrining jazirama kunlarida sog‘liqni asrash uchun quyidagi tavsiyalarga amal qiling.

Jaziramadan saqlanish uchun ko‘proq suv iching, soya-salqin joylarda bo‘ling va yengil kiyimlar kiying. Quyosh nurlari tik tushadigan vaqtda ko‘chaga chiqmaslikka harakat qiling, yog‘li va og‘ir taomlar o‘rniga yengil ovqatlarni tanlang. Och rangli, tabiiy matolardan tikilgan kiyimlar kiyish tavsiya etiladi.

Issiq kunlarda quyidagi qoidalarga amal qiling:

Suv ichish

  • Chanqamasangiz ham har soatda oz-ozdan, taxminan 1 stakandan suv iching. Suv juda muzdek bo‘lmasligi kerak.
  • Bir kunda o‘rtacha 2,5-3 litr oddiy suv iste’mol qilish tavsiya etiladi.
  • Ayron, limonli, yalpizli suv va ko‘k choy kabi salqin ichimliklar ham foydali.

Eslatma: Arterial qon bosimi past (gipotoniya) bo‘lgan kishilarga juda sovuq ko‘k choy ichish tavsiya etilmaydi, chunki u qon bosimini yanada pasaytirishi mumkin.

  • Nordon mevalardan tayyorlangan kompotlarga shakar o‘rniga oz miqdorda novvot qo‘shish ichimlikning ta’mini yaxshilaydi, quvvat beradi, ovqat hazm qilish tizimini tinchlantirishga yordam beradi.
  • Gazlangan shirin ichimliklar va energetik ichimliklarni iste’mol qilish tavsiya etilmaydi, chunki ular organizmning yanada suvsizlanishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Yengil kiyining

  • Och rangli, keng va tabiiy matolardan tikilgan kiyimlar kiyishga harakat qiling. Bunday kiyimlar tananing qizib ketishini kamaytiradi.

Bosh va ko‘zlarni himoya qiling

  • Tashqariga chiqqanda albatta bosh kiyim (kepka, shlyapa yoki panama) kiying.
  • Ko‘zlarni ultrabinafsha nurlaridan himoya qilish uchun quyosh ko‘zoynagidan foydalaning.
  • Imkon bo‘lsa, soyabondan ham foydalaning.

Soyada yuring

  • Kunning eng issiq vaqti — soat 11:00 dan 17:00 gacha — to‘g‘ridan to‘g‘ri quyosh nurlari ostida yurmaslikka harakat qiling.

To‘g‘ri ovqatlaning

  • Yog‘li va og‘ir taomlar o‘rniga yengil sho‘rvalar, sabzavot va mevalar, ayron hamda sut mahsulotlarini iste’mol qiling.

Uyni salqin saqlang

  • Ertalab va kechqurun derazalarni ochib xonani shamollating.
  • Kunduzi esa deraza va pardalarni yopib, xonaning qizib ketishining oldini oling.

Quyoshdan himoyalaning

  • Ko‘chaga chiqishdan oldin ochiq teri qismlariga SPF himoya darajasiga ega bo‘lgan quyoshdan himoyalovchi krem surting.

Bolalar va nabiralarga alohida e’tibor bering

  • Ularning kiyimi yengil va tabiiy matodan bo‘lishiga ahamiyat bering.
  • Bolalarga tez-tez suv ichish kerakligini tushuntiring va buni nazorat qiling.
  • Sog‘lom ovqatlanishga odatlantiring. Ayniqsa, chips, gazlangan shirin ichimliklar va boshqa zararli mahsulotlarni iste’mol qilmasliklarini tushuntiring.

Agar to‘garaklarga borishsa, o‘zlari bilan olib ketishlari uchun quyidagilarni tayyorlab berish mumkin:

  • Kepakli nondan tayyorlangan, pishloq yoki tovuq filesi qo‘shilgan sog‘lom buterbrodlar.
  • Issiq havoda tez buziladigan kolbasa va mayonezdan foydalanmang.
  • Yuvilgan meva va sabzavotlar (olma, nok, banan, sabzi, bodring). Ular chanqoqni bosadi va vitaminlarga boy.
  • Yuvilib quritilgan quruq mevalar, bodom, yong‘oq, mag‘iz, turshak va novvot bo‘laklari quvvat beradi, miya faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi hamda issiqda tez buzilmaydi.
  • Bolaning sumkasida doimo toza, gazlanmagan va xona haroratidagi suv bo‘lishi shart.

O‘zingizni va oila a’zolaringizni ehtiyot qiling. Sog‘lig‘ingizga befarq bo‘lmang!

Nargiza TUYCHIYEVA,
O‘MI hamshirasi.

Jazirama issiq kunlarda sog‘liqni saqlash bo‘yicha tavsiyalar
Maqolalar