“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida bitiruvchi talabalarni ishga taqsimlashga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Mamlakatimizda yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning salohiyatini yuzaga chiqarish borasidagi davlat siyosatining izchil davomi sifatida, 2026 yil 8 aprel kuni "Xoja Buxoriy" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida muhim tadbir tashkil etildi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Kadrlar, Ta’lim va ilmiy-tadqiqot hamda Masjidlar bilan ishlish bo‘limlari mas’ul xodimlari ishtirok etdilar.
Mehmonlar dastlab ta’lim muassasasida talabalar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar bilan yaqindin tanishib, so‘ng bitiruvchi kurs talabalari bilan ochiq muloqot o‘tkazdilar. Uchrashuv davomida yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va soha oldida turgan istiqbolli vazifalar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Muloqotning asosiy qismi bitiruvchilarni ishga taqsimlash masalasiga bag‘ishlandi. Mas’ullar tomonidan bo‘lajak mutaxassislarga kelgusi mehnat faoliyatida amal qilishi lozim bo‘lgan kasbiy etika va muhim tavsiyalar tushuntirildi.
Shuningdek, ta’limni yuqori bosqichlarda davom ettirish istagida bo‘lgan yoshlar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar alohida qayd etildi. Samimiy ruhda o‘tgan yig‘ilish yakunida bitiruvchilarning kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyat va zafarlar tilandi.
“Xoja Buxoriy” islom ta’lim muassasasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga 2026-2027 o‘quv yili uchun kirish test sinovlarining 5-hudud (Buxoro viloyati) bo‘yicha imtihon jarayonlari Mir Arab oliy madrasasi binosida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur hudud bo‘yicha diniy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan 657 nafar abituriyent test sinovlarida ishtirok etdi.
Imtihonlarning shaffofligi, adolatliligi hamda tartib-intizomini ta’minlash maqsadida jarayonlarga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul rahbarlari, diniy ta’lim muassasalari mutasaddilari, pedagog-o‘qituvchilar hamda ichki ishlar va tibbiyot xodimlari jalb etildi.
Test sinovlari boshlanishidan oldin abituriyentlarga imtihon topshirish tartibi va baholash mezonlari batafsil tushuntirildi. Barcha jarayonlar belgilangan talab va qoidalarga muvofiq, yuqori darajada tashkil etildi.
Tashkilotchilar test jarayonlarining shaffof va tartibli o‘tishiga yaqindan ko‘maklashgan Buxoro shahar ichki ishlar organi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi tibbiyot xodimlari hamda diniy ta’lim muassasalari vakillariga o‘z minnatdorligini bildirdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati