Bismillahir Rohmanir Rohiym
Imom Buxoriy o‘zining sahih hadislar to‘plamida mana bu voqeani hikoya qiladi: Bani Isroildan bo‘lgan kishi bir odamdan ming dinor qarz berishini so‘radi.
Haligi odam: Guvohing bormi? deb so‘radi.
U: Guvohim Alloh, dedi.
Haligi odam: To‘g‘ri aytding, Alloh guvohlikka kifoya qilur, dedi.
Vakiling bormi? dedi.
U: Vakilim Alloh, deb javob berdi.
Haligi odam: Alloh vakillikga kifoya qilur, dedi va unga ming dinorni berdi. Bir muddatni belgilab, va’dalashishgach, qarzni olgan odam qaytib ketdi.
Bu ikki qarz beruvchi va qarz oluvchining o‘rtasida bir daryo bor edi. Va’dalashilgan vaqt yetib kelgach, qarz olgan odam qarzlarini egasiga qaytarish uchun haqdorning oldiga bormoqchi bo‘lib, daryoning u tomoniga o‘tish uchun qirg‘oqda qayiq kelishini kutib turdi, lekin kech tushib, ancha vaqt o‘tishiga qaramasdan daryoda hech qanday qayiq ko‘rinmadi.
Shunda u Alloh taologa munojot qilib: Allohim, qo‘limdagi pullarning egasi guvoh so‘raganida ham, vakil so‘raganida ham Seni ko‘rsatgan edim, Allohim, bu maktubimni unga yetkazgin, dedi va bir yog‘ochni olib, uni o‘yib, ichiga pullarni joylashtirdi, yoniga yozgan maktubini ham qo‘yib qo‘ydi, so‘ngra yog‘ochni daryoga otib yubordi. Bu yog‘och Allohning izni va lutfi-inoyati bilan suvda suzib ketdi. Xuddi ana shu paytda o‘sha pullarning egasi ham va’daga binoan daryo yoqasida qarzdorni kutib turgan edi. U yerda hech kim yo‘qligini ko‘rgach ortiga qaytmoqchi bo‘lib, o‘zicha: Hech bo‘lmasa uyimga o‘tin olaman, deb turgan paytda oldiga bir yog‘och suzib keldi, u yog‘ochni uyiga olib ketdi. Uyga kelib, yog‘ochni yorgach, ichidan uning pullari va bir parcha maktub chiqdi.
Chunki guvoh bo‘lgan Alloh qarzdorga yordam bergan, vakil bo‘lgan Alloh o‘z vakolatini ado qilgan edi. U Zot naqadar Buyukdir. “Alloh, Undan o‘zga ibodatga sazovor zot yo‘q. Bas, mo‘minlar Allohning O‘zigagina tavakkal qilsinlar” (Tag‘obun surasi, 13-oyat).
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Farg‘ona viloyati filialining fidoyi xodimlari va volontyorlari tomonidan saxovatpesha xalqimiz tomonidan qilingan xayr-ehsonlar ezgu maqsadlar yo‘lida sarflanmoqda.
Navbatdagi xayriya tadbiri doirasida Uchko‘prik tumanida yashovchi, jigar sirrozi kasalligiga chalingan og‘ir bemor Kazakov Ilyosjon Yoqubovichning holidan xabar olinib, unga jarrohlik amaliyoti xarajatlari uchun 132 million 500 ming so‘m miqdorida xayriya mablag‘i, oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmasi, Mus'haf va boshqa ehsonlar topshirildi.
Bugun bemorlar va ehtiyojmand insonlarga ko‘rsatilayotgan bunday ko‘mak — xalqimizning mehr-oqibati, saxovati va hamjihatligining yorqin ifodasidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati