Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan raqamlashtirish islohotlari doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan diniy soha xodimlari faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, imom-xatiblar va imom-noiblarining kundalik ish faoliyati hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlari monitoringi KPI (samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlari) platformasi orqali nazorat qilinmoqda.
Shu munosabat bilan, joriy yilning 9 aprel kuni Andijon viloyatida shahar va tuman bosh imom-xatiblari hamda masjid hujjatlariga mas’ul xodimlar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Muzaffar Kamolov va Kadrlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Salohiddin Sherxonovlar ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar imom-xatiblarning ilmiy va kasbiy mahoratini oshirish, faoliyatdagi kamchiliklarni bartaraf etish hamda ish jarayonini tizimli tashkil etishda KPI platformasidan samarali foydalanish bo‘yicha zarur ko‘rsatma va topshiriqlar berdilar.
Muslimun.uz
Joriy yilning 13–16 sentyabr kunlari Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi hamda uning doirasidagi bir qator tadbirlar bo‘lib o‘tadi.
Yig‘inlarda turkiy dunyoning yetakchi din peshvolari – O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Allohshukur Poshshozoda, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Safi Arpagush, Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy nazorati raisi, muftiy Abdulaziz qori Zakirov, Turkmaniston muftiyci Rahmon Qurbonmurodov kabilar boshchiligidagi turkiy davlatlar ulamolaridan iborat delegatsiyalar ishtirok etadi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi safidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi, Fatvo markazi, hududiy vakilliklar hamda oliy diniy ta’lim muassasalaridan vakillar joy olgan.
Tadbirlar doirasida ulamolar musulmon ummati uchun muhim bo‘lgan shar’iy masalalar, zamonaviy fatvolar va mushtarak tashabbuslarni muhokama qilib, yakuniy hujjatlarni imzolaydilar. Shuningdek, ilmiy-amaliy anjuman, ikki tomonlama muzokaralar hamda tabarruk qadamjolar ziyorati ham rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati