So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda haj safariga oid asossiz e’lonlar ko‘paymoqda. Afsuski, o‘tgan yili yuzlab o‘zbekistonliklar noqonuniy yo‘llar bilan hajga borib, ibodatlarini to‘liq ado eta olishmadi. Ba’zilari deportatsiya qilindi, qamaldi, hatto vafot etganlar ham bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda hajni tashkil etish Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi zimmasiga yuklatilgan. Ular Saudiya Arabistoni bilan rasmiy shartnomalar asosida ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatadi.
Saudiya Arabistoni qonunlariga ko‘ra, haj faqat vakolatli tashkilotlar orqali amalga oshiriladi. Noqonuniy yo‘llar bilan hajga borish ibodat qilish imkoniyatini bermaydi va qonunbuzarlik hisoblanadi. Bunday harakatlar deportatsiya va katta miqdorda jarimaga sabab bo‘lishi mumkin.
Ziyoratingiz xavfsiz bo‘lishi uchun firibgarlarga aldanmang va davlat ko‘magida tashkil etilayotgan rasmiy haj safarini tanlang.
Ogoh bo‘ling, firibgarlarga aldanmang!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Menga mustaqillikning dastlabki yillarida ham haj safariga kelish nasib etgan edi. O‘sha paytlardagi sharoit bilan bugungi imkoniyatlarni solishtirsam, rostdan ham yer bilan osmoncha farq bor. U vaqtlarda xizmat ko‘rsatish, joylashish va tashkiliy ishlar ancha qiyin kechardi.
Bugun esa hojilar uchun barcha qulayliklar yaratilgan, keksalarga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda. Hojilarga e’tibor yuqori darajaga chiqibdi. Buni yurtimiz aeroportidayoq his qildim. Xizmat ko‘rsatish juda tartibli, sifatli tashkil etilibdi. Bugungi imkoniyatlarning qiyosi yo‘q!
Ko‘zimda yosh bilan Madinai munavvaraga, Payg‘ambarimiz alayhissalom masjidlariga kirib bordim. Makkai mukarramada ham ibodatlarimizni ko‘nglimiz to‘q, xotirjam ado etyapmiz.
Biz keksalarning tillarimizda faqat duo: ilohim, yurtimizda mana shunday keng imkoniyat va yuksak e’tiborni ta’minlab berayotgan muhtaram Prezidentimiz sog‘-salomat bo‘lsinlar, el-yurt tinchligi va xalqimiz farovonligi yo‘lidagi ishlarida Alloh yor bo‘lsin».
No‘monjon SHOKIROV,
Toshkent shahri