So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda haj safariga oid asossiz e’lonlar ko‘paymoqda. Afsuski, o‘tgan yili yuzlab o‘zbekistonliklar noqonuniy yo‘llar bilan hajga borib, ibodatlarini to‘liq ado eta olishmadi. Ba’zilari deportatsiya qilindi, qamaldi, hatto vafot etganlar ham bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda hajni tashkil etish Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi zimmasiga yuklatilgan. Ular Saudiya Arabistoni bilan rasmiy shartnomalar asosida ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatadi.
Saudiya Arabistoni qonunlariga ko‘ra, haj faqat vakolatli tashkilotlar orqali amalga oshiriladi. Noqonuniy yo‘llar bilan hajga borish ibodat qilish imkoniyatini bermaydi va qonunbuzarlik hisoblanadi. Bunday harakatlar deportatsiya va katta miqdorda jarimaga sabab bo‘lishi mumkin.
Ziyoratingiz xavfsiz bo‘lishi uchun firibgarlarga aldanmang va davlat ko‘magida tashkil etilayotgan rasmiy haj safarini tanlang.
Ogoh bo‘ling, firibgarlarga aldanmang!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasining «Hidoyat» va «Mo‘minalar» jurnallari hamda «Islom nuri» gazetasiga 2026 yil uchun obuna mavsumida faol ishtirok etib, nashrlarni xalqimiz orasida keng targ‘ib qilishga munosib hissa qo‘shgan imom-xatiblar va mas’ullarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Navoiy viloyati bosh imom-xatibi Temurxon domla Atoyev, shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi «Shamsuddinxon Boboxonov» nashriyot-matbaa ijodiy uyi vakillari — Davriy nashrlar bo‘limi boshlig‘i Ibrohim Inomov hamda bosh muharrir Abdujalil Ho‘jamov ishtirok etdilar.
Tadbir davomida diniy-ma’rifiy nashrlarning bugungi kundagi o‘rni va ahamiyati, ularni keng ommaga yetkazishda imom-xatiblar hamda mas’ullarning vazifalari haqida atroflicha fikr yuritildi.
Tadbir yakunida obuna jarayonlarida faol ishtirok etgan bir guruh imom-xatiblar va mas’ullarga tashakkurnomalar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.