Robbimga ishonch ila duo etarman,
Ko‘p o‘tmay uning ijobatin ko‘rarman.
Ertalab uyg‘ongan vaqtingizda bir oz o‘ylab ko‘ring. Bugun tong otdi. Ushbu tong qanchadan-qancha faqirlar ustidan nur sochdi, siz esa ne’mat ichidasiz. Bu tong minglab hibsdagilar, qanchadan-qancha ochlar uzra nur sochmoqda, siz esa qorningiz to‘q va ozodlikdasiz. Qanchadan-qancha ayollar musibatga uchragan, yaqinlarini yo‘qotgan, siz esa salomat va baxtiyorsiz. Qancha ayollarning ko‘zida yosh, minglab onalarning qalbida azob va yana qancha go‘daklarning tomog‘ida alam qichqirig‘i bor. Siz esa tabassum bilan yashamoqdasiz. Shunday ekan, Allohning karami va lutfi uchun U zotga hamd ayting.
O‘zingiz bilan yolg‘iz qoling hamda sizda qancha mol-dunyo va ne’matlar borligini bir hisob-kitob qilib ko‘ring: Chiroy, mol-mulk, oila, uy, Vatan, nur, havo, taom, dori-darmon va hokazo... Shunday ekan, xursand bo‘ling va baxtni his eting!
Shu’la: O‘zingizdagi pullar evasizga faqirlar duosi va miskinlar muhabbatini sotib oling.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV