Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bolalar zo‘ravonligi bo‘yicha ekspert Shanta Dyub aytadi: “Ota-onalar baland ovozlari va “ahmoq”, “dangasa” kabi so‘zlari farzandlariga qanchalik salbiy ta’sir ko‘rsatishini afsuski yaxshi bilishmaydi”.
Tadqiqotchi Piter Fonagining qayd etishicha, bolalar kattalar nima desa, shunga ishonadigan bo‘ladi. Ular kattalarni jiddiy qabul qiladi. Kattalarning bolalarga qo‘pol so‘zlari nafaqat bolalarning miyasiga shikast yetkazadi, balki jamiyat bilan aloqa qila olmasligiga ham sabab bo‘ladi.
21 ming nafar ishtirokchi qatnashgan tadqiqotda: bolalikda qo‘pol muomalada voyaga yetganlar boshqalarga qaraganda 20% foiz ko‘proq giyohvand moddalar iste’mol qilishga moyil bo‘lishi, ularning qamoqqa tushib qolish xavfi esa ota-onasining baqirishlarini eshitmaganlarga qaraganda 2 barobar ko‘proq ekani aniqlandi.
Bolalardan o‘zlari eshitadigan eng yomon so‘zlarni so‘rashganda “Hech qanday foydang tegmaydi”, “Ahmoqsan”, “Hech narsani eplolmaysan” iboralarini, eng yaxshilarini so‘rashganda esa “Sen uddalaysan”, “Sen bilan faxrlanaman” iboralarini aytishgan.
Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV