Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bolalar zo‘ravonligi bo‘yicha ekspert Shanta Dyub aytadi: “Ota-onalar baland ovozlari va “ahmoq”, “dangasa” kabi so‘zlari farzandlariga qanchalik salbiy ta’sir ko‘rsatishini afsuski yaxshi bilishmaydi”.
Tadqiqotchi Piter Fonagining qayd etishicha, bolalar kattalar nima desa, shunga ishonadigan bo‘ladi. Ular kattalarni jiddiy qabul qiladi. Kattalarning bolalarga qo‘pol so‘zlari nafaqat bolalarning miyasiga shikast yetkazadi, balki jamiyat bilan aloqa qila olmasligiga ham sabab bo‘ladi.
21 ming nafar ishtirokchi qatnashgan tadqiqotda: bolalikda qo‘pol muomalada voyaga yetganlar boshqalarga qaraganda 20% foiz ko‘proq giyohvand moddalar iste’mol qilishga moyil bo‘lishi, ularning qamoqqa tushib qolish xavfi esa ota-onasining baqirishlarini eshitmaganlarga qaraganda 2 barobar ko‘proq ekani aniqlandi.
Bolalardan o‘zlari eshitadigan eng yomon so‘zlarni so‘rashganda “Hech qanday foydang tegmaydi”, “Ahmoqsan”, “Hech narsani eplolmaysan” iboralarini, eng yaxshilarini so‘rashganda esa “Sen uddalaysan”, “Sen bilan faxrlanaman” iboralarini aytishgan.
Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bir safar oilamiz bilan bir nechta davlatlarga sayohat qilish uchun yo‘lga chiqdik. Bir davlat chegarasiga yetib borganimizda, u yerda juda katta tirbandlikka duch keldik.
Kun botgunicha shu yerda qolib ketdik. Tirbandlik sabab chegaradan o‘ta olmadik. Mashinadagi uka-singillarim asabiylashgan, kimdir xavotirda, kimdir esa g‘azabda edi. Faqat otam xotirjam edi. U sokinlik bilan:
— Bu ham o‘tib ketadi, — dedi.
So‘ng qo‘shib qo‘ydi:
— Yillar o‘tgach, sizlar bu voqeani eslaysizlar va unga kulib qo‘yasizlar.
Darhaqiqat, hozir onam bu voqeani har safar eslaganda, tabassum bilan hikoya qiladi.
Bu hayotdagi oddiy, ammo muhim haqiqatni ko‘rsatadi: hech bir holat doimiy emas. Inson qiyinchilikka duch kelganda, og‘riq ko‘pincha o‘z haqiqiy hajmidan kattaroq ko‘rinadi. Xuddi shunday, quvonchli lahzalar ham bizga abadiydek tuyulishi mumkin.
Otam ham o‘sha kuni qiynalgan edi, ammo xotirjam edi. Chunki u bu qiyinchilik ham o‘tib ketishini bilardi. U baxtli kunlarda ham xotirjam edi, chunki baxt ham abadiy emasligini anglardi.
Ba’zilar buni sovuqqonlik deb atashi mumkin. Men esa buni qalb xotirjamligi deb atayman.
Bu shunday xotirjamlikki, insonga yaxshi kunlarda ham, qiyin kunlarda ham o‘zini barqaror his qilishga yordam beradi.
Bu tamoyil otamning so‘nggi kunlarida ham yaqqol namoyon bo‘ldi. U hayotining oxirgi kunlarida ham ajoyib xotirjamlik va ichki osoyishtalik bilan yashadi.
Hatto otam bunday deb aytardi:
— Hatto og‘riq ham o‘tib ketadi. O‘lim ham o‘tib ketadi.
Uning so‘nggi kunlaridagi xotirjamlik holatini hali ham to‘liq tushunib yetolmayman.
Bu qoida mashhur hikmatga o‘xshaydi:
“Hech narsa abadiy emas”.
Qiyinchiliklar ham o‘tadi, quvonchlar ham o‘tadi. Shuning uchun inson har bir holatda muvozanatni saqlashni o‘rganishi kerak.
Davron NURMUHAMMAD