Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2026   |   1 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:02
Quyosh
05:31
Peshin
12:28
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:54
Bismillah
14 Avgust, 2026, 1 Rabi`ul avval, 1448

Agar menga tosh otmasdan turolmasangiz....

13.04.2026   11963   3 min.
Agar menga tosh otmasdan turolmasangiz....

1. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhuda namoz arkonlarini o‘rniga qo‘yib, chiroyli o‘qigan qullarini ozod etish odati bor edi. Xojalarining bunday fe’lini bilgan qullari xo‘jako‘rsinga chiroyli namoz o‘qirdilar. Hazrati Abdulloh roziyallohu anhu esalar  ularni  ozod  etardilar. Bu  haqda  kimdir u zot roziyallohu anhuga buni eslatganida: “Modomiki, kimdir Allohning diniga aloqador narsada meni aldamoqchi ekan, marhamat, men aldanishga tayyorman!” – deb javob beribdilar.

2. Axnaf ibn Qays[1] quddisa sirruhudan:

– Xushxulqlikni kimdan o‘rgandingiz? – deya so‘rashganda u zot quddisa sirruhu:

– Qays ibn Osim an-Naqriy quddisa sirruhudan, – deb javob berdilar.

Shunda undan:

– Qaysning qay bir xulqidan ibratlandingiz, – deya so‘rashganida hazrati Axnaf aytdilar:

– Bir gal Qaysning joriyasi unga kabob qovuradigan cho‘g‘li idishda kabob keltirayotib qo‘lidan tushirib yubordi. Ittifoqo, bu uning chaqalog‘ining ustiga tushib, go‘dak  nobud  bo‘ldi. Bundan boyagi  cho‘ri ayol dahshatga tushib, aqldan ozayozdi. Bu holni ko‘rgan Qays unga shunday dedilar:

– Qo‘rqma, senga hech qanday ziyon yetmaydi, men seni Alloh yo‘lida, Alloh uchun ozod etdim!

3. Bolalar Uvays Qaraniy quddisa sirruhuni ko‘rishganida tosh otishardi. Shunda u zot quddisa sirruhu aytardilar:

– Agar menga tosh otmasdan turolmasangiz, mayli, oting, faqat maydarog‘idan, toki oyoqlarimni qattiq jarohatlamasin. Yo‘qsa, turib ibodat qilishga yaramay qolaman.

4. Bir gal qandaydir kishi Axnaf ibn Qays quddisa sirruhuga dashnom bergani holda ketidan ergashib kelardi. U zot o‘z mahallalariga yaqin yetib kelganlarida to‘xtab shunday dedilar:

– Ey yigit, menga tag‘in aytadigan gaping bo‘lsa, hammasini shu yerda aytaqol, yo‘qsa, bu mahallaning ba’zi telbasifat kishilari so‘kinishingni eshitib senga zarar yetkazib qo‘yishlari  mumkinligidan  xavotirdaman.

5. Naql qilishadiki, bir kuni amirul mo‘miniyn Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahu xizmatkorni chaqirgan edilar, javob bermadi. Qayta-qayta chaqirgan edilar, yana javob bermadi... Nochor, o‘zlari turib borib so‘radilar:

– Chaqirganimni eshitmadingmi?..

Xizmatkor eshitganiga iqror bo‘ldi. Shunda Mo‘minlar amiri karramallohu vajhahu:

– Chaqirganimni eshitgan bo‘lsang, nimaga axir javob bermaysan, – deb so‘radilar. Shunda xizmatkor:

– Jazolamasligingizni bilib, shunchaki eringanimdan bormagandim...– deya javob berdi.

Shunda hazrati Ali karramallohu vajhahu unga:

– Seni Alloh uchun ozod etdim! – dedilar.

“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.


[1] Axnaf ibn Qays (Alloh u zotdan rozi bo‘lsin) benihoya kamtar va ko‘plab yaxshi xulq sohibi bo‘lganlar. Arablar u kishini maqtalgan xulq va odoblari tufayli misol qilib keltiradilar - Muharrir.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Toshkent islom instituti va Hadis ilmi maktabida ijodiy imtihonlar o‘tkaziladi

10.08.2026   17995   1 min.
Toshkent islom instituti va Hadis ilmi maktabida ijodiy imtihonlar o‘tkaziladi

Toshkent islom instituti magistratura bosqichi hamda Hadis ilmi maktabiga hujjat topshirgan talabgorlar uchun joriy yilning 11 avgust kuni ijodiy imtihonlar o‘tkaziladi.
 

Talabgorlar tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha quyidagi fanlardan imtihon topshiradilar:

  • Teologiya (Tafsir va Qur’on ilmlari): Qur’oni karim va tajvid, Tafsir;

  • Teologiya (Hanafiylik va fiqh ilmlari): Fiqh, Usulul-fiqh;

  • Hadis ilmi maktabi: Hadis va mustalahul hadis.


Imtihonlar 11 avgust kuni soat 8:00 da Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti binosida boshlanadi. Talabgorlarni ro‘yxatga olish jarayoni soat 7:30 dan start oladi.


Muhim eslatma: Abituriyentlar imtihonga pasport (yoki ID-karta) asli hamda «Imtihon ruxsatnomasi» bilan kelishlari shart. Ushbu hujjatlardan biri bo‘lmagan talabgorlar imtihonga kiritilmaydi.

Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Zarqaynar 18-berk ko‘chasi, 47-uy.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari