1. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhuda namoz arkonlarini o‘rniga qo‘yib, chiroyli o‘qigan qullarini ozod etish odati bor edi. Xojalarining bunday fe’lini bilgan qullari xo‘jako‘rsinga chiroyli namoz o‘qirdilar. Hazrati Abdulloh roziyallohu anhu esalar ularni ozod etardilar. Bu haqda kimdir u zot roziyallohu anhuga buni eslatganida: “Modomiki, kimdir Allohning diniga aloqador narsada meni aldamoqchi ekan, marhamat, men aldanishga tayyorman!” – deb javob beribdilar.
2. Axnaf ibn Qays[1] quddisa sirruhudan:
– Xushxulqlikni kimdan o‘rgandingiz? – deya so‘rashganda u zot quddisa sirruhu:
– Qays ibn Osim an-Naqriy quddisa sirruhudan, – deb javob berdilar.
Shunda undan:
– Qaysning qay bir xulqidan ibratlandingiz, – deya so‘rashganida hazrati Axnaf aytdilar:
– Bir gal Qaysning joriyasi unga kabob qovuradigan cho‘g‘li idishda kabob keltirayotib qo‘lidan tushirib yubordi. Ittifoqo, bu uning chaqalog‘ining ustiga tushib, go‘dak nobud bo‘ldi. Bundan boyagi cho‘ri ayol dahshatga tushib, aqldan ozayozdi. Bu holni ko‘rgan Qays unga shunday dedilar:
– Qo‘rqma, senga hech qanday ziyon yetmaydi, men seni Alloh yo‘lida, Alloh uchun ozod etdim!
3. Bolalar Uvays Qaraniy quddisa sirruhuni ko‘rishganida tosh otishardi. Shunda u zot quddisa sirruhu aytardilar:
– Agar menga tosh otmasdan turolmasangiz, mayli, oting, faqat maydarog‘idan, toki oyoqlarimni qattiq jarohatlamasin. Yo‘qsa, turib ibodat qilishga yaramay qolaman.
4. Bir gal qandaydir kishi Axnaf ibn Qays quddisa sirruhuga dashnom bergani holda ketidan ergashib kelardi. U zot o‘z mahallalariga yaqin yetib kelganlarida to‘xtab shunday dedilar:
– Ey yigit, menga tag‘in aytadigan gaping bo‘lsa, hammasini shu yerda aytaqol, yo‘qsa, bu mahallaning ba’zi telbasifat kishilari so‘kinishingni eshitib senga zarar yetkazib qo‘yishlari mumkinligidan xavotirdaman.
5. Naql qilishadiki, bir kuni amirul mo‘miniyn Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahu xizmatkorni chaqirgan edilar, javob bermadi. Qayta-qayta chaqirgan edilar, yana javob bermadi... Nochor, o‘zlari turib borib so‘radilar:
– Chaqirganimni eshitmadingmi?..
Xizmatkor eshitganiga iqror bo‘ldi. Shunda Mo‘minlar amiri karramallohu vajhahu:
– Chaqirganimni eshitgan bo‘lsang, nimaga axir javob bermaysan, – deb so‘radilar. Shunda xizmatkor:
– Jazolamasligingizni bilib, shunchaki eringanimdan bormagandim...– deya javob berdi.
Shunda hazrati Ali karramallohu vajhahu unga:
– Seni Alloh uchun ozod etdim! – dedilar.
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.
[1] Axnaf ibn Qays (Alloh u zotdan rozi bo‘lsin) benihoya kamtar va ko‘plab yaxshi xulq sohibi bo‘lganlar. Arablar u kishini maqtalgan xulq va odoblari tufayli misol qilib keltiradilar - Muharrir.
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida 2026-2027 o‘quv yilining 1-sonli Kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishni institut rektori, Kengash raisi Uyg‘un G‘afurov boshqardi.
Majlisda muassasaning yangi o‘quv yilidagi faoliyatiga oid quyidagi muhim masalalar ko‘rib chiqildi va tasdiqlandi:
Institut Kengashi, tarkibiy bo‘limlar va kafedralarning 2026-2027 o‘quv yiliga mo‘ljallangan yillik rejalari hamda o‘tgan o‘quv yilidagi buyruqlar va murojaatlar ijrosi tahlil qilindi.
Bitiruv malakaviy ishlari mavzulari tasdiqlanib, ilmiy rahbarlar biriktirildi; fan oyliklari, to‘garaklar tashkil etish hamda yangi o‘quv qo‘llanmalarini nashrga tavsiya etish masalalari hal etildi.
Talabalar turar joyi to‘lovlari, ichki tartib-qoidalar va professor-o‘qituvchilar navbatchiligi tasdiqlandi.
Ta’lim tizimida ilk bor “Faxriy doktor”, “Faxriy professor”, “Faxriy dots.nt”, “Faxriy ustoz” va “Faxriy talaba” maqomlarini ta’sis etish, tegishli nizom hamda ko‘krak nishonlari eskizlari ma’qullandi.
Institutning 55 yillik yubileyini keng nishonlash rejasi, muassasani xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish tayyorgarligi hamda 2030 yilgacha bo‘lgan rivojlanish strategiyasi ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish so‘nggida kun tartibidagi barcha yo‘nalishlar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilinib, mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati