Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Sentabr, 2026   |   27 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:36
Quyosh
05:57
Peshin
12:20
Asr
16:51
Shom
18:47
Xufton
20:04
Bismillah
09 Sentabr, 2026, 27 Rabi`ul avval, 1448

Eng ko‘p salavot aytganlar

14.04.2026   21034   5 min.
Eng ko‘p salavot aytganlar

Mo‘min kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga yaqin bo‘lishni, U zotga yaqinlashtiruvchi amallarni bajarishni ko‘zlab yashaydi. Alloh taolo Qur’oni karimning Ahzob surasi, 56-oyatida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga qurbat hosil qilishning bosh omili deya salavot va salom yo‘llash ekanini aytib o‘tgan:

 

إِنَّ ٱللَّهَ وَمَلَـٰۤىِٕكَتَهُۥ یُصَلُّونَ عَلَى ٱلنَّبِیِّۚ یَـٰۤأَیُّهَا ٱلَّذِینَ ءَامَنُوا۟ صَلُّوا۟ عَلَیۡهِ وَسَلِّمُوا۟ تَسۡلِیمًا

“Albatta Alloh va Uning farishtalari Nabiyga salovot ayturlar. Ey, iymon keltirganlar! Siz ham unga salovot ayting va salom yuboring!”.

Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh alayhi vasallam: “Menga juma kuni va juma kechasi salavot aytishni ko‘paytiringlar. Kim menga bir salavot aytsa, Alloh unga o‘nta salavot aytadi, deganlar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Nabiy alayhi vasallamga salavot aytish Qur’on orqali ham, hadislar bilan ham buyurilgan amaldir. Nabiy ssllallohu alayhi vasallamga Alloh taolo, farishtalar va payg‘ambarlar ham salavot aytishadi. Biz mo‘minlar ham salavot aytishga buyurilganmiz. Bu, nafaqat Alloh oldidagi bandalik vazifamiz, balki ikki olam saodatini ko‘rsatgan ikki olam Sarvari oldidagi ummatlik tashakkurimizdir!

Ya’ni, salavot tilimiz oson aytadigan, yengil qaraladigan oddiy kalima emas, aksincha, Nabiy sollallohu alayhi vasallamga minnatdorchilik bildirishimiz, rahmat aytishimiz hamda Alloh huzurida yanada darajalari ko‘tarilishini so‘rab bergan duoimizdir.

Salavot so‘zi – duo, rahmat, ulug‘lash va maqtash ma’nolarini anglatadi.

Salavot kimdan hosil bo‘lishiga ko‘ra turli ma’nolarni ifoda etadi. Salavot Alloh taolodan bo‘lsa rahmat, farishtalardan bo‘lsa istig‘for, insonlardan esa duo va ulug‘lashdir. Demak, biz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning haqqilariga salavot ila duo qilgan, sha’ni obro‘larini yanada ulug‘lagan bo‘lamiz. Salavotni ko‘paytirgan sari, Nabiy sollallohu alayhi vasallamga yaqinlashib boramiz.

Nabiy sollallohu alayhi vasallamga salavot aytish maxsus vaqt, kun yoki makonga xoslanmaydi. Biroq, quyidagi holatlarda salavot aytishga yanada diqqatli bo‘lish talab qilinadi:

Duoning avvalida, o‘rtasida va oxirida;
Masjidga kirayotganda va chiqayotganda;
Musulmon birodarlari bilan ko‘rishganda;
Bir majlis va yig‘ilishga to‘planganda;
Xayrli so‘zlarni gapirishdan avval;
Ertalab va kech kirganda;
Uyquga ketishdan avval va uyg‘onganda;
Quloqqa g‘uvullagan ovoz eshitilganda;
Biror narsani unutib qo‘yganda;
G‘am, qayg‘u qiyinchilik vaqtida.

Bundan boshqa o‘rinlarda ham salavot zikr sifatida aytilaveradi. Ko‘p salavot aytishning foydasi ulkan bo‘lib, foydalarning eng ulug‘i qiyomat kuni Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan yaqin bo‘lish va u zotning shafoatlariga erishishdir.

Ibn Masud raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kuni menga eng yaqin odamlar menga ko‘p salavot aytganlaridir, deganlar.

Shuningdek, salavot aytish nifoqdan pok bo‘lish va do‘zaxdan najot topishga sabab bo‘ladigan ulug‘ amaldir. Va yana dunyo-yu oxiratda hojatlar ravon bo‘lishining sababi hamdir.

Jobir raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim menga har kuni 100 marta salavot aytsa, Alloh taolo uning 100 ta hojatini ravon qiladi. 70 tasi oxiratda, 30 tasi esa dunyoda”, dedilar.

Salavot aytgan kishiga yaxshilik eshiklari ochiladi faqirlik eshiklari esa yopiladi, gunoh va xatolari kechirilishiga sabab bo‘ladi.

Salavot aytishning bu dunyoda foydalari sanab sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan darajada ko‘p bo‘lsa, oxiratda ham xuddi shunday. Masalan, salavot sohibi uchun qiyomat kuni sirotdan o‘tishda nur, qiyomatning daxshatli holatlaridan najot va omonlik bo‘ladi.

Shu bilan birga, sirotdan o‘tishni ham yengillashtiradi. Hattoki salavot aytgan kishi jannat xushxabarini olmaguncha vafot etmaydi.

Buning dalili Ibn Qoyyim rahimahulloh “Jilaul afham”da Anas ibn Molikdan rivoyat qilgan hadis bo‘lib, Rasululloh alayhi vasallam: “Kim bir kunda ming marta salavot aytsa, jannatdagi o‘rnini bilmay turib o‘lmaydi” (Zaif hadis).

Salavot aytish va uning fazilatlari haqida ko‘plab maqbul va mardud, zaif hadislar mavjud. Ularning umumiy mazmunidan xulosa qilinsa, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga har kuni salavot aytish imon va ixlos taqazosidir. Olimlar eng ko‘p adad sifatida bir kunda 300 ta salavot aytishni tavsiya qiladilar.

Salavot lafzining eng afzali har namoz ichida aytiladigan mashhur salavotdir. Asosiysi, sanoq yoxud adad emas – ixlos va muhabbat ila aytilgan salavotdir!


Abdulloh Sirojiddinning “Nabiy alayhi vasallamga salavot aytish” kitobi asosida
“Hadis va islom tarixi” kafedrasi katta o‘qituvchisi
N.Saidakbarova va 2-kurs talabasi M.Nigmatova tayyorladi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Al Jazeera”: O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi shakllanishi va taraqqiyotida yuksak o‘rin egallaydi

09.09.2026   7954   1 min.
“Al Jazeera”: O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi shakllanishi va taraqqiyotida yuksak o‘rin egallaydi

Qatarning “Al Jazeera” nashrida Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforum haqida maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Maqola muallifi, xalqaro mediaforumda ishtirok etgan Muhammad A’moriyning ta’kidlashicha, yaqinda Toshkent shahrida bunyod etilgan O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi mediaforum ishtirokchilarida katta taassurot qoldirgan.

Markazda O‘zbekiston hududida islom sivilizatsiyasining shakllanishi va taraqqiyoti, tarixiy yodgorliklar, qo‘lyozmalar, arxeologik topilmalar hamda buyuk allomalar merosi o‘rin olgan. Muzeyda qariyb 8 mingta tarixiy ashyo va eksponat saqlanishi, ular orqali Movarounnahr xalqlarining qadimgi davrlardan boshlab ilm-fan va madaniyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi namoyish etilgan.

Maqolada yozilishicha, muzey ekspozitsiyalari asosan to‘rt muhim tarixiy davrni qamrab olishiga e’tibor qaratilgan. Bular – islomdan oldingi davr, Movarounnahrdagi birinchi uyg‘onish davri, Temuriylar davri va Islom sivilizatsiyasiga oid qimmatli Qur’on qo‘lyozmalari namoyish etilgan zaldir.

Ushbu majmuada Usmon Mus'hafiga alohida o‘rin berilgan. Shu bilan birga, muzeyda qadimgi shaharlar, Buyuk Ipak yo‘li, haj an’analari, Ka’ba va uning muqaddas yodgorliklari bilan bog‘liq eksponatlar ham taqdim qilingan.

Materialda O‘zbekiston va Markaziy Osiyo tarixida chuqur iz qoldirgan buyuk allomalar – Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Abu Nasr Forobiy, Mirzo Ulug‘bek, Kamoliddin Behzod, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi tarixiy shaxslarning ilm-fan, din, madaniyat, san’at va davlatchilik rivojiga qo‘shgan hissasi keng yoritilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari