Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Men junub holatida soch va shu kabilarni tozalab bo‘lmasligi haqida eshitganman. Lekin bir do‘stim, unday gap yo‘q, olsa bo‘laveradi, dedi. Aslida junub holatda soch, tirnoq va kindik osti tuklarini olsa bo‘ladimi yoki yo‘qmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Junublik holatida soch va tirnoq olish hamda badandagi ortiqcha tuklarni tozalash makruh hisoblanadi. Bu ishning makruhligiga faqihlarimiz, Alloh taolo ularni rahmatiga olsin, dalil o‘laroq “Sharhi shir’atil islom” kitobida kelgan quyidagi hadisni keltiradilar: “Kim g‘usl qilishdan oldin tuklarini olsa, har bir soch tolasi (qiyomat kuni) kelib: "Ey Robbim! Nima sababdan meni poklamay turib, olib tashlaganini undan so‘ra”, deydi.
Imom G‘azzoliy rahimahulloh ham “Ihyo ulumiddin” kitobida tuk, tirnoq kabi tanadan nopok holda ajratilgan narsalar qiyomat kunida da’vo qilishi haqidagi rivoyatni keltirganlar.
Fuqaholarimiz biror masalaga joiz yoki nojoiz deb hukm aytgan bo‘lsalar, albatta, ma’lum bir dalilga asoslanadilar. Shu sababli mo‘tabar kitoblarimizda kelgan gaplarga amal qilish eng to‘g‘ri yo‘l hisoblanadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Chirchiq shahrida kam ta’minlangan hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga quvonch ulashishga qaratilgan saxovat tadbiri o‘tkazildi.
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov tadbirda ishtirok etib, bolajonlarga samimiy tilaklar bildirdi.
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Toshkent viloyati filiali ko‘magida 35 nafar bolaning har biriga velosiped va turli sovg‘alar berildi. Shuningdek, tadbirda saxovatpesha homiylar tomonidan bayramona dasturxon yozilib, bolajonlar uchun ko‘ngilochar va bayramona dastur tashkil etildi.
Bunday xayrli tashabbuslar yurtimizda inson qadri, oila va bolalar manfaatlariga yuksak e’tibor qaratilayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
Saxovat tadbiri bolajonlarga unutilmas quvonch bag‘ishlab, ularning qalbida Vatanga muhabbat va ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Toshkent viloyati vakilligi Matbuot xizmati