Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Men junub holatida soch va shu kabilarni tozalab bo‘lmasligi haqida eshitganman. Lekin bir do‘stim, unday gap yo‘q, olsa bo‘laveradi, dedi. Aslida junub holatda soch, tirnoq va kindik osti tuklarini olsa bo‘ladimi yoki yo‘qmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Junublik holatida soch va tirnoq olish hamda badandagi ortiqcha tuklarni tozalash makruh hisoblanadi. Bu ishning makruhligiga faqihlarimiz, Alloh taolo ularni rahmatiga olsin, dalil o‘laroq “Sharhi shir’atil islom” kitobida kelgan quyidagi hadisni keltiradilar: “Kim g‘usl qilishdan oldin tuklarini olsa, har bir soch tolasi (qiyomat kuni) kelib: "Ey Robbim! Nima sababdan meni poklamay turib, olib tashlaganini undan so‘ra”, deydi.
Imom G‘azzoliy rahimahulloh ham “Ihyo ulumiddin” kitobida tuk, tirnoq kabi tanadan nopok holda ajratilgan narsalar qiyomat kunida da’vo qilishi haqidagi rivoyatni keltirganlar.
Fuqaholarimiz biror masalaga joiz yoki nojoiz deb hukm aytgan bo‘lsalar, albatta, ma’lum bir dalilga asoslanadilar. Shu sababli mo‘tabar kitoblarimizda kelgan gaplarga amal qilish eng to‘g‘ri yo‘l hisoblanadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
Ispaniyaning “Orta Lectura” nashrida O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada qayd etilishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston turli nufuzli xalqaro reytinglarda hamda xorijiy davlatlarning sayyohlar uchun tavsiyalarida yuqori xavfsizlik darajasiga ega mamlakatlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
World Justice Project (WJP) tomonidan e’lon qilingan “Rule of Law Index 2025” natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston “Tartib va xavfsizlik” ko‘rsatkichi bo‘yicha 143 ta mamlakat orasida 17-o‘rinni, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyodagi 15 ta mamlakat orasida esa 1-o‘rinni egalladi.
WJP indeksi 215 mingdan ortiq fuqarolar hamda 4 ming 100 nafardan ziyod huquqshunos va ekspertlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomalarga asoslangani bilan ahamiyatlidir.
“Gallup” kompaniyasining “2025 Global Safety Report” ma’ruzasida ta’kidlanishicha, O‘zbekiston aholisining 86 foizi kechasi yolg‘iz yurganda o‘zini to‘liq xavfsiz his qiladi. Bu ko‘rsatkich dunyo bo‘yicha o‘rtacha 73 foizlik darajadan sezilarli darajada yuqoridir. Shu bilan birga, “Law and Order Index”ning kengroq ko‘rsatkichi bo‘yicha mamlakatimiz 100 dan 91 ball to‘pladi.
Institute for Economics & Peace tomonidan tuziladigan “Global Peace Index 2026” natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston o‘z pozitsiyasini 30 pog‘onaga yaxshilab, 163 ta mamlakat orasida 1,726 ko‘rsatkich bilan 37-o‘ringa ko‘tarildi. 2026 yilgi rasmiy hisobotda mamlakatimiz tinchlik ko‘rsatkichlari eng yuqori sur’atda yaxshilangan davlatlar qatoriga kiritildi.
AQSH Davlat departamenti “Travel Advisories” tizimida O‘zbekistonga “Level 1 – Exercise Normal Precautions” darajasini, ya’ni “Odatiy ehtiyot choralariga rioya qilish” tavsiyasini bergan. 2026 yil yanvarda yangilangan tavsiyanomada xavf darajasi oshirilmadi. Bu AQSH Davlat departamenti tomonidan xalqaro sayohatlar uchun belgilanadigan eng past xavf darajasi hisoblanadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati