Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Sentabr, 2026   |   25 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:34
Quyosh
05:55
Peshin
12:21
Asr
16:54
Shom
18:50
Xufton
20:08
Bismillah
07 Sentabr, 2026, 25 Rabi`ul avval, 1448

Islomni qabul qildi

17.04.2026   20116   1 min.
Islomni qabul qildi

Kurash insonning jismonan kuchli, baquvvat bo‘lishini ta’minlaydigan engmuhim sport turlaridan biri hisoblanadi. Islom dinida kurash tushish va kurash musobaqalarini o‘tkazish doimo qo‘llab quvvatlanadi.

Hadisda rivoyat qilinishicha, bir kuni Yazid ibn Rukona uch yuzta qo‘y yetaklab Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilariga keldi va “Ey Muhammad, men bilan kurashasanmi?” dedi. U zot alayhissalom: “Agar seni yiqitsam nima tikasan? dedilar. U: “Yuzta qo‘y”, dedi. Ular kurash tushishgan edi. Yazid ibn Rukona yiqildi. U: “Yana qayta tushasanmi?” dedi. U zot: “Nima tikasan? dedilar. U: “Boshqa yuztasini”, dedi. Ular kurash tushishdi. U yana yiqildi. Uchinchisida ham shunday bo‘ldi. Shunda u: “Ey Muhammad, sendan avval biror kishi mening kuragimni yerga tekkizmagan edi”, dedi va Islomni qabul qildi.

Shunda u: “Endi ahlimga nima deyman? Bitta qo‘yimni bo‘ri yedi, biri qochib ketdi, uchinchisini nima deyman?” dedi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Biz seni yiqitib, qo‘ylaringga ega bo‘lish uchun kurash tushmadik. Qo‘ylaringni olib, ketaver”, dedilar.

Ushbu hadisdan olinadigan foydalar quyidagilardir:

  1. Islom dinida kurash kabi sport turlari joizligi;
  2.  Musulmon kishi o‘zga din vakili bilan musobaqalashishi joizligi;
  3.  Musobaqaga sovrin uchun biror narsa tikish joizligi;
  4.  Mag‘lub kishi mag‘lubiyatini to‘g‘ri tan ola bilishi va raqibiga yaxshi munosabatda bo‘lishi;
  5.  G‘olib mag‘lub raqibini xafa qilmasligi.

Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘lining
"Islomda salomatlik" kitobidan olindi

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Duolar ijobati halol luqma bilan

07.09.2026   2779   2 min.
Duolar ijobati halol luqma bilan

“Alloh taolo bandasining halol ortidan quvib holdan toygan holida ko‘rishni yaxshi ko‘radi” (Imom Suyutiy rivoyati).

* * *

“Albatta, Alloh taolo sizlarning shifongizni sizlarga harom bo‘lgan narsada qilgan emas!” (Imom Tabaroniy va Imom Bayhaqiy rivoyati).

* * *

“Kishining og‘ziga tuproq solishi harom luqma solishidan yaxshiroqdir”

(Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyati).

* * *

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Haromdan oziqlangan hech bir jasad jannatga kirmaydi”(Imom Abu A’lo rivoyati).


Duoning qabul bo‘lishi uchun ikkita sabab lozim. Birinchisi, halol luqmadir.


Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib, duosi qabul bo‘lmaganidan arz qilganida, u zot: “Ey Sa’d, haromdan uzoq bo‘lgin! Chunki kimning qorniga harom luqma kirsa, uning duosi qirq kungacha ijobat bo‘lmas”, dedilar.


Yahyo ibn Muoz aytadi: “Ibodat Alloh xazinalaridan biridir. Bu xazinaning kaliti esa duodir. Bu kalitning tishlari esa halol kasb va halol luqmadir”.


Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Ayrim kishilar Allohning moliga nohaq sho‘ng‘iydilar. Qiyomat kunida ularga do‘zax bo‘lur” (Imom Buxoriy rivoyati).


Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam yana aytganlar: «Bir kishi uzoq safar qiladi, sochi to‘zg‘ib, ust-boshi chang bo‘ladi. Qo‘llarini osmonga cho‘zib: “Ey Rabbim, ey Rabbim”, deydi. Holbuki, yegani harom, ichgani harom, kiygani harom va haromdan oziqlangan. Bas, uning duosi qanday ijobat bo‘lsin?!» (Imom Muslim rivoyati).

 

Nigora MIRZAYEVA, to‘pladi.

“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 9-sonidan

Ibratli hikoyalar