Ey Allohga va qiyomat kuniga ishonganlar, yuqorida aytilganlardan xulosa chiqarib o‘z holatlaringizni quyidagi so‘zlar asosida qiyoslab qo‘rishingiz mumkin. Alloh taolo aytadi:
“Holbuki, oxirat yaxshiroq va boqiyroqdir!” (A’laa surasi, 17-oyat ).
Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Sadaqa bilan mol kamaymaydi” (Abu Kabsha roziyallohu anhudan rivoyat qilingan, Imom Termiziy, Imom Ahmad).
“O‘ziga nisbatan qilingan zulmni kechirgan inson, albatta, shu sababli ulug‘lik topadi” (Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan, Imom Muslim rivoyati).
“Sadaqa yetti yuz va undan ham ko‘proq marotabaga ko‘payadi” (“Riyozus-solihiyn” da xuddi ma’nodagi hadisi sharif bor “Sadaqa uchun yetti yuz mislicha qarshilik beriladi”, 2-jild, VI, 86, 95).
“Molini Alloh yo‘lida sarflaganning savobi 700 misligacha ortadi” (Imom Bayhaqiy).
“Bir bandaning rizqidan barcha insonu jin birlashib aqalli zarracha miqdorda kamaytirishga uringanlarida ham Allohning iznisiz bunga erisholmaydilar” (Abdulloh ibn Abbosdan Imom Termiziy rivoyat qilgan).
Bilki, dunyo sendan yuz o‘girganda nafsingni bundan rozi holda topsang va hamda dunyodagi senga tegishli bo‘lgan nasibani tortib olib, seni undan mahrum etgan xusumatchini shunday qilgani uchun seva olsang, haqiqiy iymon sohibi ekansan.
Hozir men senga shunday bir mezon-ulchovni o‘rgatamanki uni yordamida o‘zing bemalol dunyo uchun qilingan amal qanday bo‘ladi va oxirat uchun qilingan amal qanday bo‘ladi, yaxshi farqlay oladigan bo‘lasan.
Shuni bilginki, odamlar o‘rtasida kelishmovchilik, xusumat va bahsu munozara keltirib chiqaradigan har qanday holat, bu dunyo uchun bo‘lgan amallarning natijasi bo‘lib, Alloh undan qaytargandir. Haqiqatni olib qaraganda, oxirat uchun qilingan amallarda dunyoga o‘rin yo‘q, da’voyu janjal ham chiqmaydi. Bunday ishlarga kunduzlari ro‘zador bo‘lib, tunlari ibodat qilish, tez-tez sadaqalar ulashish, quduq va ariqlar qazib odamlarni serob qilishga o‘xshagan amallar kiradi.
Odatda oxirat uchun bo‘lgan xayrli ishlarda hech kim bir-biri bilan musobaqalashmaydi, talashmaydi, xusumatlashmaydi. Bu amallar uning natijasida biror bir dunyoviy manfaat, mukofot yo obro‘ ko‘zlanadigan mudarrislik, shayxlik, ruhoniylik yo boshqa lavozimu mansabdorlik amallariga aslo o‘xshamaydi. Ya’ni dunyo uchun bo‘lgan amallarda, odamlarning bir-birlari bilan raqobatlashishlari, talashib tortishishlari, albatta, beiloj bir holatdir.
Bir gal kimdir rohibning ibodatxona xizmatchisiga bunday deyayotganini eshitib qolibdi: “Sen qanchalar iymoni zaif va savobga beparvo odamsan! Sen bu ishlaring bilan, xuddi musulmonlarga o‘xshab, go‘yo bir dunyoviy manfiat ko‘zlayotganga o‘xshaysan!”.
Jumladan shu narsa ham ma’lumki, hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytilgan xizmatni bajarib bo‘lganlaridan so‘ng ham kelishilgan haqni talab qilishdan uyalganlar. Bir gal Allohning Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam kim bilandir sherikchilikda hazrati Xadicha onamiz raziyallohu anhoning qo‘ylarini boqib keldilar. U odam hazrati Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan: “Ey Muhammad sollallohu alayhi vasallam! Xadichadan kelishilgan haqqimizni so‘rang”, deb iltimos qilib qoldi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Men so‘rashdan uyalaman”, deb javob berdilar (Imom Shaaroniy, “Al-Bahrul mavrud fil-Mavosiqil uhud” asari, 49-bet).
Darhaqiqat, olim kishilar uchun lozimki dunyo boyliklarining asirligidan, mansabu hukumat talashish dardidan, obro‘-e’tibor, shuhratu ulo‘g‘lik da’vosidan tamomila qo‘l tortsinlar. Faqat ana shundagina ular haqiyqiy oxirat olimlari, payg‘ambarlar merosxuri, siyohlari tarozuda Alloh yo‘lidagi shahidlar qonidanda qiymatliroq qalam sohiblariga aylanadilar.
Mana bu muborak so‘zda aytilgan ma’no: “Olimning uyqusi ham ibodatdir” shundagina ularga tegishli bo‘lib qoladi. Shundagina ular abadiy hayotning na qadar go‘zalligiyu porloqligini va foniy dunyoning manfurligiyu qabihligini his etadilar. Shundagina oxirat hayotini abadiyat manzili sifatida qadrlaydilar va bu dunyo hayotini arzimas, o‘tkinchi narsa sifatida nazarga ilmaydilar.
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.
Hayotda ko‘pincha to‘g‘ri yo‘nalish emas, balki tezlashish o‘rgatiladi. Tezroq yurish, tezroq yetib borish, hamma narsani tezroq bajarish... Lekin hech kim to‘xtab: “Bunchalik shoshilishdan maqsad nima?” deb so‘ramaydi. Inson tinimsiz harakatda bo‘lishni erishish, tabiiy hayot tarzi deb o‘ylab, sarflanayotgan umri evaziga aslida nimaga erishayotgani haqida o‘ylamay qo‘yadi.
Ba’zan yo‘lni yo‘qotdik, deb o‘ylaymiz. Holbuki, yo‘qoladigan narsa yo‘l emas, balki to‘g‘ri yo‘nalishdir. Bu yo‘nalish xaritadagi chiziqlar yoki telefondagi yo‘l ko‘rsatkich emas, balki Alloh taolo borlig‘imizga jo qilgan ichki yo‘naltirgich, ya’ni fitratimizdir.
Bu ichki yo‘naltirgich ba’zan to‘g‘ri tomonni ko‘rsatmayotgandek tuyuladi. Dunyo tashvishlari, nafs istaklari ko‘payib ketganida, u sarson bo‘ladi yo qotib qoladi. Shunda biz uni buzildi deb o‘ylaymiz. Lekin fitrat buzilmaydi, shunchaki biz unga ahamiyat bermay qo‘ygan bo‘lamiz. Ba’zilar bu yo‘naltirgichni boshqalarning qo‘liga berib qo‘yadi...
Yo‘nalishini yo‘qotgan odam to‘g‘ri yo‘lga qaytishi kerak. Bu qaytish shunchaki bir manzilga qaytib borishmas, balki ichki dunyomizdagi tarqoqlikni jamlash, fitratimizga qaytishdir. Shunda inson dunyoning “hammasiga erishish” vasvasasidan xalos bo‘ladi. O‘tmishdagi xato va sinovlardan ibrat oladi, ammo ularni o‘ziga og‘ir yuk qilib olmaydi. Boshqalardan va hayotdan juda ko‘p narsa kutishni to‘xtatadi...
Haqiqiy xotirjamlik – hamma narsa mukammal bo‘lishi deganimas. Inson o‘z harakat doirasi chegarasiga yetganida Allohning qazo va qadariga rozi bo‘lsa xotirjamlik topadi. Bu loqaydlik emas.
Musulmon kishi ham xursand bo‘ladi, qayg‘uradi, boshqalar kabi yashaydi. Lekin u o‘tkinchi tuyg‘ular, orzu-havaslar aro sarson bo‘lib qolmaydi. Chunki dunyodagi har bir holat vaqtinchalik sinov ekanini yaxshi anglaydi.
Inson o‘zligiga qaytganida boshqalarning yukini yelkasiga olishga urinmaydi. Yordam beradi, lekin har kim o‘z qismati va qilmishi uchun o‘zi mas’ul ekanini tushunadi. Boshqalarning aybiga qaramay, o‘z xatolarini tuzatish bilan band bo‘ladi. Muhimi, har ishida shoshqaloqlik qilmaydi. Chunki oxiratga va ma’naviy kamolotga eltuvchi yo‘lni shoshib bosib o‘tib bo‘lmasligini biladi.
Aytilganidek: “Kim o‘zini tanisa, Rabbini taniydi”. Bu martabaga erishgan qalb esa hech qachon adashmaydi.
Abdulatif ABDULLOH