Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ali roziyallohu anhu aytadilar: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam tosh ko‘tarayotgan bir qavmning oldidan o‘tdilar. Ularga: “Sizlarning eng kuchligingiz g‘azablanganda o‘zini tuta oladiganingizdir. Sizlarning eng halim (yumshoq)ingiz kuchi yeta turib afv qilganingizdir”, dedilar.
Sahobalardan hazrati Ali va Jobir ibn Abdulloh Ansoriy roziyallohu anhum baquvvatliklari bilan mashhur bo‘lganlar.
Xaybar g‘azotida Hazrati Alining qalqonlari tushib ketganda, qo‘rg‘on oldidagi darvozani ko‘tarib u bilan o‘zlarini himoya qilganlar.
Bu haqda batafsil Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mavlolari Abu Rofe’ aytadi: “Rasululloh Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga bayroq berib, (sariyaga) jo‘natdilar. Biz ham birga yo‘lga chiqdik. U kishi bir qal’aga yaqinlashganlarida undan ahli chiqib, urishishdi. Bir yahudiy u kishini urgan edi, qalqonlari tushib ketdi. Shunda Ali roziyallohu anhu qal’a darvozasini sug‘urib olib, u bilan o‘zlarini himoya qildilar. Alloh taolo zafar bergunicha qo‘llaridagini qo‘ymay jang qildilar. So‘ng uni otib yubordilar. Atrofimda yetti kishi bor edi. Men sakkizinchisi edim. Biz darvozani ag‘darishga urindik. Lekin uni qimirlata olmadik” (Imom Ahmad rivoyati).
Inson joniini, dinini saqlash, Vatani, oilasini himoya qilish, atrofdagilarga ko‘proq foyda berish maqsadida kuch-quvvatini oshirishi marg‘ub ishdir. Albatta, bunda bajaradigan mashqlar va ko‘taradigan og‘ir yuklar salomatlikka zarar yetkazmaydigan bo‘lishi lozim. Islom dini jismni o‘ta qiynab yoki shariat harom qilgan mahsulotlar, dorivorlar bilan qomatni shakllantirishdan qaytaradi. Musulmon kishi maqtanib o‘z kuchini musulmonlarga ko‘z-ko‘z qilishi va boshqalarga zulm qilishi harom amaldir.
Albatta, mo‘min kishi har bir amalda hatto kuch to‘plashda ham avvalambor niyatini to‘g‘irlab olishi shart. Xuddi shunday, og‘ir atletika bilanshug‘ullanuvchi kishi ham jismonan sog‘lom, ko‘rkam bo‘lish va kuch-quvvatini Alloh taolo rozi bo‘ladigan o‘rinda ishlatishni maqsad qilmog‘i kerak.
Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘lining
"Islomda salomatlik" kitobidan olindi
Yurtimizda sportga katta e’tibor qaratilmoqda, alhamdulillah. Shu bilan birga, Islom shariatida ham bunga katta e’tibor berilgan.
Bu haqda Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadislari bor.
Oisha onamiz roziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam men bilan musobaqalashgan edilar, men u zotdan o‘zib ketdim. Bir muddatdan so‘ng jismim og‘irlashganida yana men bilan musobaqalashib, mendan o‘zib ketdilar va “haligi bilan biru bir”, dedilar» (Imom Ahmad, Imom Abu Dovud rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ayollari Oisha onamiz roziyallohu anho bilan yugurish musobaqasi o‘tkazgan ekanlar, subhanalloh.
Bu yugurish musobaqasi paytida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yoshlari ellik uchdan o‘tgan edi. Oisha onamizdan o‘zib ketgan yugurish musobaqada esa, u zotning yoshlari bundan ham katta bo‘lgan. Bu, oilaviy ravishda badantarbiya bilan shug‘ullanishdir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yosh avlodning sog‘lom bo‘lib o‘sishini ta’minlash borasida ota-onalarni farzandlarini badantarbiya bilan shug‘ullantirishga targ‘ib qilganlar.
U zot alayhissalom: “Farzandlaringizga suzishni, otishni va ot minishni ta’lim beringlar”, deganlar.
Yana boshqa bir hadisi sharifda esa: “Yozishni, suzishni va otishni ta’lim berish farzandning ota-onadagi haqqidandir”, deyilgan.
O‘ylab ko‘radigan bo‘lsak, Islom o‘zining butun borlig‘i bilan harakat dinidir. Unda harakatsiz hech narsa bo‘lmaydi.
Bir vaqt namoz o‘qish uchun inson qanchalar harakat qiladi. Saharda uyqusidan turib, tahorat qilib, ikki rakat namoz o‘qigunicha insonning har bir bo‘g‘ini harakatga tushadi.
Ro‘za ham shunga o‘xshash: saharlikka turiladi, harakat qilinadi, xuftonga qo‘shib yigirma rakat taroveh namozi o‘qiladi. Haj va umra ham asosan qattiq jahd va harakatlardan iborat ibodatlar.
Bularning hammasi sog‘liq uchun foydali ekanini hozirgi paytda musulmon bo‘lmagan insonlar ham yaxshi biladi. Ammo afsuski, biz musulmonlar esa ko‘pchiligimiz sportdan uzoqlashib ketmoqdamiz.
Hech bo‘lmasa nafl namozlarni ko‘paytirsak ham tanamizga anchagina harakat qo‘shgan, shu bilan birga ulkan ajrlarga ega bo‘lamiz inshaalloh. Zero, biz musulmonlar barchaga har sohada (Alloh rozi bo‘ladigan ishlarda) namuna va ibrat bo‘lmoqligimiz lozim.
Muhammad Quddus Abdulmannon,
“Yetti chinor” jome masjidi imom noibi.