Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ali roziyallohu anhu aytadilar: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam tosh ko‘tarayotgan bir qavmning oldidan o‘tdilar. Ularga: “Sizlarning eng kuchligingiz g‘azablanganda o‘zini tuta oladiganingizdir. Sizlarning eng halim (yumshoq)ingiz kuchi yeta turib afv qilganingizdir”, dedilar.
Sahobalardan hazrati Ali va Jobir ibn Abdulloh Ansoriy roziyallohu anhum baquvvatliklari bilan mashhur bo‘lganlar.
Xaybar g‘azotida Hazrati Alining qalqonlari tushib ketganda, qo‘rg‘on oldidagi darvozani ko‘tarib u bilan o‘zlarini himoya qilganlar.
Bu haqda batafsil Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mavlolari Abu Rofe’ aytadi: “Rasululloh Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga bayroq berib, (sariyaga) jo‘natdilar. Biz ham birga yo‘lga chiqdik. U kishi bir qal’aga yaqinlashganlarida undan ahli chiqib, urishishdi. Bir yahudiy u kishini urgan edi, qalqonlari tushib ketdi. Shunda Ali roziyallohu anhu qal’a darvozasini sug‘urib olib, u bilan o‘zlarini himoya qildilar. Alloh taolo zafar bergunicha qo‘llaridagini qo‘ymay jang qildilar. So‘ng uni otib yubordilar. Atrofimda yetti kishi bor edi. Men sakkizinchisi edim. Biz darvozani ag‘darishga urindik. Lekin uni qimirlata olmadik” (Imom Ahmad rivoyati).
Inson joniini, dinini saqlash, Vatani, oilasini himoya qilish, atrofdagilarga ko‘proq foyda berish maqsadida kuch-quvvatini oshirishi marg‘ub ishdir. Albatta, bunda bajaradigan mashqlar va ko‘taradigan og‘ir yuklar salomatlikka zarar yetkazmaydigan bo‘lishi lozim. Islom dini jismni o‘ta qiynab yoki shariat harom qilgan mahsulotlar, dorivorlar bilan qomatni shakllantirishdan qaytaradi. Musulmon kishi maqtanib o‘z kuchini musulmonlarga ko‘z-ko‘z qilishi va boshqalarga zulm qilishi harom amaldir.
Albatta, mo‘min kishi har bir amalda hatto kuch to‘plashda ham avvalambor niyatini to‘g‘irlab olishi shart. Xuddi shunday, og‘ir atletika bilanshug‘ullanuvchi kishi ham jismonan sog‘lom, ko‘rkam bo‘lish va kuch-quvvatini Alloh taolo rozi bo‘ladigan o‘rinda ishlatishni maqsad qilmog‘i kerak.
Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘lining
"Islomda salomatlik" kitobidan olindi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Zinhor ko‘nglingizni cho‘ktirmang..
Bilaman, hozir yelkangizga osmon qulab tushgandek.
Bilaman, kechalari uxlay olmayapsiz – fikrlar boshingizdan ketmaydi. Bir tarafda betob tan, bir tarafda qarz qog‘ozlari, yana bir tarafda odamlarning sovuq nigohi… Lekin shuni biling! Siz yolg‘iz emassiz. Alloh hech qachon bandasini tashlab qo‘ymagan. Faqat ba’zan imtihonni duoga aylantirib yuboradi.
Boshiga tashvish tushgan bandaga Alloh yaqin bo‘ladi. Tashvish kelgan uyga – Allohning nazari tushadi. Chunki quvonchda odam ko‘pincha Robbini unutadi, ammo dardda – qalb uyg‘onadi. Kimdir kasal bo‘ldi – tanasi sindi, lekin qalbi tozalandi. Kimdir qarzga botdi – g‘ururi sindi, lekin tavozesi o‘sdi. Kimdir odamlar tomonidan tashlab ketildi – lekin Alloh uni o‘ziga yaqin qildi. Alloh ba’zi bandalarini sindirib tarbiyalaydi so‘ng yuksaltiradi, boshqalarini esa erkalab qattiq sinaydi.
Betoblik – jazo emas, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Musulmonga yetadigan kulfat, mashaqqat, tashvish, mahzunlik, aziyat, g‘am hatto unga kiradigan tikan sababli Alloh uning xatolarini kechiradi” (Imom Muslim rivoyati).
Qanchadan-qancha solih zotlar bor – yillar kasal bo‘lib yashagan, lekin birgina nolish og‘zidan chiqmagan. Ular bilishardi: og‘riq tanada bo‘lsa ham, savob daftariga yoziladi. Bir kishi Hasan Basriy rahimahulloh huzuriga kelib dedi:
– Ey imom, boshimdan ketma-ket musibatlar tushyapti. Kasallik, qarz, odamlarning sovuqligi… Nega Alloh meni bunchalik sinayapti? Hasan Basriy yig‘lab bunday dedi:
– “Ey birodar! Agar podshoh seni tez-tez huzuriga chaqirsa, bu seni yomon ko‘rganidanmi yoki yaxshi ko‘rganidan?”.
U kishi: – Albatta, yaxshi ko‘rganidan, dedi.
Hasan Basriy aytdi: “Alloh ham bandani sinab, huzuriga chaqiradi. Chunki musibat – bandani Alloh eshigiga olib keladigan eng tez yo‘ldir”.
Qarz – xorlik emas, sabr maktabi qarzga botgan odamni odamlar yerga uradi. Lekin osmon – unga rahm bilan qaraydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qarzdor kishi uchun ko‘p duo qilganlar. Chunki qarz – nafsni sindiradi, insonni yolg‘iz Allohga suyanishga o‘rgatadi.
Bugun qo‘lingiz qisqa bo‘lsa ham, qo‘lingiz duoda bo‘lsin. Zero, duo – qarzdan tezroq yetib boradi.
Ko‘ngilni cho‘ktirmang… aynan hozir umid kerak. Eng xavfli narsa – kasallik emas, qarz emas. Eng xavfli narsa – umidsizlik. Shayton sizni shunga undaydi: “Endi bo‘ldi, chiqish yo‘q…”. Qur’on karimda esa bunday deyiladi: “Mahzun bo‘lma, albatta Alloh biz bilan birgadir” (Tavba surasi, 40-oyat).
Ehtimol, bugun yig‘laysiz. Ammo ertaga: “Yaxshiki sabr qilgan ekanman”, deydigan kun ham keladi. Fuzayl ibn Iyoz rahimahulloh bunday deganlar: “Alloh bandani yaxshi ko‘rsa, uni dard bilan band qiladi. Chunki dard bandani Robbiga yaqinlashtiradi. Agar bandaga dunyoni keng qilib bersa, u bandani unuttirib qo‘yishi mumkin”.
Keyin yig‘lab qo‘shganlar: “Ba’zi bandalar bor, agar sog‘lom va boy bo‘lsa, halok bo‘lardi. Alloh esa ularni kasallik va muhtojlik bilan jannatga sudraydi”.
Oxirida birgina iltijo… Zinhor ko‘nglingizni cho‘ktirman… Chunki cho‘kkan ko‘ngil – duodan uziladi. Duodan uzilgan qalb esa, eng katta yo‘qotishdir. Agar hozir faqat shuni ayta olsangiz ham yetarli: “Yo Allohim, ko‘tara olmaydigan yukni bermagin”. Mana shu so‘zning o‘zi – najotning boshi. Sira maxzun bo‘lmang… Alloh sinayotgan bandani yo‘qotmaydi, balki yuksaltiradi buni unutmang!
Nuriddin HAMRAQULOV,
Yakkasaroy tumani “Rahimjon hoji ota” jome masjidi imom noibi