Moskva safari davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Imom Muhammad al-Buxoriy nomidagi musulmonlar diniy tashkiloti raisi va madrasa direktori Umidbek Mamtaliyev bilan uchrashuv o‘tkazdilar.
Muloqot chog‘ida Muftiy hazratlarining diniy-ma’rifiy ilmlarni tarqatish, jamiyatda sog‘lom ma’naviy-axloqiy muhitni shakllantirish, islom madaniyatini keng yoyish hamda musulmonlar hamjihatligini mustahkamlash borasidagi ko‘p yillik samarali faoliyati alohida e’tirof etildi.
Shuningdek, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining yosh avlodga diniy va dunyoviy bilimlarni uyg‘un holda yetkazish, xalqaro maydonda dinlararo muloqotni rivojlantirish va tinchlikparvar tashabbuslarni ilgari surishdagi salmoqli hissasi yuqori baholandi.
Muloqot yakunida mo‘min-musulmonlar birligi va ma’rifati yo‘lidagi mazkur ezgu ishlari va xalqaro miqyosdagi samarali faoliyatlarining e’tirofi sifatida Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlariga Moskva shahridagi Imom Muhammad al-Buxoriy nomidagi musulmonlar diniy tashkilotining “AL-ILM” ordeni tantanali ravishda topshirildi.
Ma’lumot o‘rnida: “AL-ILM” ordeni Moskvadagi Imom Muhammad al-Buxoriy nomidagi musulmonlar diniy tashkiloti tomonidan ta’sis etilgan bo‘lib, ma’naviy-ma’rifiy sohani rivojlantirish va islom madaniyatiga xizmat qilishda alohida jonbozlik ko‘rsatgan din peshvolariga topshiriladi.
Alloh taolo ushbu yuksak e’tirofni muborak aylasin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida “Zakovat” intellektual musobaqasi o‘tkazildi.
Bellashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — diniy soha xodimlarining ilmiy-ma’rifiy va huquqiy bilimlarini mustahkamlash, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni yanada oshirishdan iborat.
Musobaqada shahar va tumanlardan jamlangan jamoalar Qur’oni karim, hadisi shariflar, islom tarixi, milliy qadriyatlar va mamlakatimiz qonunchiligiga oid savollar bo‘yicha o‘z bilim va tezkor fikrlash qobiliyatlarini namoyon etdilar.
Yakuniy natijalarga ko‘ra:
1-o‘rin — “Tafakkur” jamoasi
2-o‘rin — “Ittifoq” jamoasi
3-o‘rin — “Hikmat” jamoasi
G‘oliblar O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligining maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Sirdaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati