Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Avgust, 2026   |   28 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:58
Quyosh
05:28
Peshin
12:30
Asr
17:24
Shom
19:32
Xufton
21:00
Bismillah
11 Avgust, 2026, 28 Safar, 1448

Rasululloh ﷺning zuhdlari

22.04.2026   15775   3 min.
Rasululloh ﷺning zuhdlari

Allohning Rasuli sollallohu alayhi vasallam dunyoning avvalidan oxirigacha yashab o‘tgan va yashab o‘tishlari kelajakda taqdir qilingan barcha zohid zotlarning hammalaridan ko‘ra zohidroqlari edilar. Hazrati Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga Tihoma tog‘i kattaligicha oltin, kumush, zumrad u kishi bilan doimo hamroh yurishligi sharti bilan taklif etilganda ham qabul qilmadilar, aytdilarki:

“­Yo‘q, Allohim, men bir kun och, bir kun to‘q yurishni istayman” (Abu Umoma Bohiliy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan, Bayhaqiy rivoyati).

Shuningdek, hazrati  Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Menga Uhud tog‘i kattaligicha oltin berilganda ham meni bu narsa quvontirolmaydi. Mabodo uch kun o‘tib bu boylikdan bir dirhamcha qolguday bo‘lsa, u  ham bo‘ynimdagi qarzimni o‘tashlik uchun qolgan bo‘lardi xolos” (Zayd ibn Vahbdan rivoyat qilingan, Buxoriy rivoyati)

Hazrati Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘zlarida dunyo boyligidan nimadir saqlashni xush ko‘rmasdilar. Hatto Uhud tog‘ichalik oltinlari bo‘lgan taqdirda ham barchasini musulmonlarga tarqatib bergan bo‘lardilar. O‘zlarida esa qarzlarini to‘lashgagina kifoya qiladigan miqdorni saqlagan  bo‘lardilar xolos.

Shuningdek, hazrati Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam musulmonlar e’tiborini ishq haqiqatiga qaratar ekanlar, hech bir bandaning ko‘ngli to Alloh  Rasuli sollallohu alayhi vasallamning muhabbati bilan limmo-lim bo‘lmaguncha va bu sevgini boshqa hamma narsaga bo‘lgan muhabbatdan ustun qo‘ymagunicha iymonda kamolga yetisholmasligini uqtirardilar:

“Sizdan birortangiz men unga ota-onasidan, bolasidan va odamlarning hammasidan mahbubroq bo‘lmagunimcha, mo‘min bo‘la olmaydi” (Anas ibn Molikdan ikki shayx va Nasoiy rivoyat qilgan).

Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam musulmonlarga dunyoni muhabbati inson qadrini yerga urishligini, xo‘rlab ochko‘z qilib qo‘yishligini atroflicha tushuntirib o‘tganlar. Haqiqatda inson bolasining ko‘zi dunyo boyligiga hech qachon to‘ymaydi.

Jumladan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Odam bolasi, ikki vodiy to‘la mol-dunyosi bo‘la turib, mol-dunyo to‘la uchinchi vodiyni orzu qiladi. Uchinchisini qo‘lga kiritgandan so‘ng to‘rtinchisini tilay boshlaydi. Odam bolasining ko‘zini tuproqdan o‘zga narsa to‘ldirolmaydi” (Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan, Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Shuningdek, Allohning Rasuli sollallohu alayhi vasallam mo‘min kishi o‘zining iffatu hurmatini saqlashligini, dunyoga to‘qlik, behojatlik va baparvolik nazari bilan qarashligini yaxshi ko‘rar edilar. Allohning Rasuli sallallou alayhi vasallam yana aytdilarki:

“Chindan ham sadaqa,  odamlarning kiri va gunohlarining yuvindisidir” (Abdulmuttalib ibn Robi’adan rivoyat qilingan, Muslim rivoyati).

Hazrati Payg‘ambarimizning bu muborak so‘zlarida mo‘min kishi shaxsiyatini qanchalar oliyjanob, aziz, sharmu hayoli, o‘zgalar qo‘liga qaramaydigan bo‘lishi lozimligi  haqida  oydin ishoralar bor.

Shuningdek, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam yana ta’lim berar edilarki, agar mo‘min kishining nazari – ko‘zi  to‘q bo‘lsa  Allohning muhabbatiga, odamlarning muhabbatiga bemalol, osonlikcha erisha oladi. Chunki odamlar o‘z qo‘llaridagi molu dunyodan umidvor bo‘lgan kimsani, hech qachon yoqtirmaydilar. Chunonchi, marhamat etdilar:

“Dunyodan yuz o‘girgin, Alloh sevadi. Odamlar qo‘lidagi narsadan umidvor bo‘lma, odamlar sevishadi” (Abul Abbos Sahl ibn Sa’idiydan rivoyat qilingan, Ibn Moja rivoyati).

“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Toshkent islom instituti va Hadis ilmi maktabida ijodiy imtihonlar o‘tkaziladi

10.08.2026   7619   1 min.
Toshkent islom instituti va Hadis ilmi maktabida ijodiy imtihonlar o‘tkaziladi

Toshkent islom instituti magistratura bosqichi hamda Hadis ilmi maktabiga hujjat topshirgan talabgorlar uchun joriy yilning 11 avgust kuni ijodiy imtihonlar o‘tkaziladi.
 

Talabgorlar tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha quyidagi fanlardan imtihon topshiradilar:

  • Teologiya (Tafsir va Qur’on ilmlari): Qur’oni karim va tajvid, Tafsir;

  • Teologiya (Hanafiylik va fiqh ilmlari): Fiqh, Usulul-fiqh;

  • Hadis ilmi maktabi: Hadis va mustalahul hadis.


Imtihonlar 11 avgust kuni soat 8:00 da Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti binosida boshlanadi. Talabgorlarni ro‘yxatga olish jarayoni soat 7:30 dan start oladi.


Muhim eslatma: Abituriyentlar imtihonga pasport (yoki ID-karta) asli hamda «Imtihon ruxsatnomasi» bilan kelishlari shart. Ushbu hujjatlardan biri bo‘lmagan talabgorlar imtihonga kiritilmaydi.

Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Zarqaynar 18-berk ko‘chasi, 47-uy.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari