Bismillahir Rohmanir Rohiym
Saodatni ko‘rmadim molu dunyo jamlashda,
Asli baxt kaliti bo‘lar chin taqvo qilishda.
Bugungi kun daftaringizning saodat sahifalari va eng avvalgi bayram kartochkalari bomdod namozidir. Shunday ekan, kuningizni bomdod namozi bilan boshlang, shunda siz Allohning rioyasi, hifzi va omonligida bo‘lasiz. U zot sizni barcha yomon narsalardan asraydi, sizni yaxshilik tarafga to‘g‘irlab qo‘yadi va sizni fazilatli amallar tomon boshlaydi. Alloh taolo bomdod namozi bilan boshlanmagan kunga baraka bermaydi. Kuningizda baraka bo‘lishi namozingiz qabul bo‘lganining eng avvalgi alomati va muvaffaqiyat belgisidir. Bomdod namozini o‘qiganlarga jannat bo‘lsin, uni doimiy tark etmaganlarning ko‘zlari quvonsin! Bomdod namoziga beparvo bo‘lganlar baxtsizlik va mahzunlik “e’tiborida” bo‘ladi!
Shu’la: Behuda tortishuv va bahslar samimiylik va go‘zallikni ketkazadi.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Banu Dinor qabilasidan bir ayolning eri, akasi va otasi Uhudda shahid bo‘ldi. Unga yaqinlari halok bo‘lgani haqida aytishgan edi, «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nima bo‘ldi?» deb so‘radi. «Ey Ummu Falon, u zot yaxshilar», deyishdi. Lekin: «U zot alayhissalomni menga ko‘rsatinglar, ko‘zim bilan ko‘rayin», deb iltimos qildi. Unga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rsatishdi. Ayol sevikli Payg‘ambarimiz alayhissalomni ko‘rgach, «Sizni ko‘rganimdan keyin boshqa barcha musibatlar arzimasdir», dedi.
Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiyning
"Ishqi Rasul" kitobidan Nodirjon Odinayev tarjimasi