Imom Roziy rahmatullohi alayh bunday deb aytardilar: “Allohim! Sening zikringsiz mening kunim behalovatdir. Tunim Senga rozu niyozsiz fayzsizdir”.
Ha, albatta! Allohga oshiq bo‘lgan kishi tunning yarmini, xuddi kelin-kuyovlar bir-biri bilan suhbatlashishni kutishganidek kutadilar. Nima uchun, bilasizmi? Chunki undan Allohning oshiqlari lazzat oladilar. Agar e’tibor qaratsak, bir turdagi lazzatlar insonning tili tomonidan keladi. Kishi biror narsani mazali, deb bilsa, uni totib ko‘rishga talpinadi.
Yana boshqa bir turdagi lazzat insonning ko‘zi orqali yetadi. Kishi doimo xushsurat, chiroyli manzaralarni ko‘rishni xohlaydi. Quloq bilan bog‘liq lazzat ham borki, agar chiroyli ovozda tilovat qilinsa, kishiga rohat bag‘ishlaydi. Masalan, qori Abdulbosit Abdussomad Qur’on tilovat qilsa, uni jon quloqlarimiz bilan eshitishni xohlaymiz. Yana bir turdagi lazzat borki, u qalb tomonidan his qilinadi. U muhabbat va ishq lazzatidir.
Albatta, qalb inson a’zolarining sardori ekan. Undan keladigan lazzat barcha a’zolarning his qiladigan lazzatidan totliroqdir. Buni faqat his qilganlargina biladi. U lazzatni his qilganlardan biri bunday she’r bitgan:
Alloh, Alloh inchi shirin ast nom,
Shiru shakar mishavad jonam tamom.
Tarjimasi:
Alloh, Alloh bunchalik shirin nom,
Qandu asal bulg‘usi jonim tamom
Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiyning
"Ilohiy ishq" kitobidan Nodir Odinayev tarjimasi
Joriy yilning 13–16 sentyabr kunlari Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi hamda uning doirasidagi bir qator tadbirlar bo‘lib o‘tadi.
Yig‘inlarda turkiy dunyoning yetakchi din peshvolari – O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Allohshukur Poshshozoda, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Safi Arpagush, Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy nazorati raisi, muftiy Abdulaziz qori Zakirov, Turkmaniston muftiyci Rahmon Qurbonmurodov kabilar boshchiligidagi turkiy davlatlar ulamolaridan iborat delegatsiyalar ishtirok etadi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi safidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi, Fatvo markazi, hududiy vakilliklar hamda oliy diniy ta’lim muassasalaridan vakillar joy olgan.
Tadbirlar doirasida ulamolar musulmon ummati uchun muhim bo‘lgan shar’iy masalalar, zamonaviy fatvolar va mushtarak tashabbuslarni muhokama qilib, yakuniy hujjatlarni imzolaydilar. Shuningdek, ilmiy-amaliy anjuman, ikki tomonlama muzokaralar hamda tabarruk qadamjolar ziyorati ham rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati