O‘zbekiston delegatsiyasining Turkiya davlatiga amaliy safari doirasida bugun, 22 aprel kuni Turkiya islomiy tadqiqotlar markazi rahbariyati va mutasaddilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda bugungi kun uchun juda muhim bo‘lgan kitoblar nashri, ularning elektron variantlarini ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqatish hamda sun’iy aql tizimlaridan foydalanishda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javobni asl manbalarga asoslangan ma’lumotlardan olishlarini ta’minlash borasida muzokaralar olib borildi.
Shu bilan bir qatorda, “Vaqf” xayriya jamoat fondi faoliyati bo‘yicha alohida muzokaralar o‘tkazilib, fondga doir kitoblar va ma’lumotlar bilan tanishildi.
Turkiyalik olimlar o‘z mamlakatlarida vaqf faoliyatini tashkil etishda qadimiy Buxoro va Samarqand maktablari tajribasidan foydalanishganini, bu borada maxsus tadqiqotlar o‘tkazib, kitob nashr etishganini mamnuniyat bilan e’tirof etishdi. Uchrashuv so‘ngida markaz tomonidan nashr etilgan “Sahihul Buxoriy” asarining ming yil oldingi nusxasi hamda Buxoro vaqf ishlariga doir tarixiy kitoblar o‘zbekistonlik mehmonlarga taqdim etildi.
Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Xalqaro islomshunoslik akademiyasi va Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti kutubxonalaridagi tarixiy manbalar va qo‘lyozmalar ustida birgalikda tadqiqotlar o‘tkazishga kelishib olindi.
Hamkorlikning navbatdagi bosqichi Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA) bilan davom etdi. Uchrashuvda O‘zbekistondagi mavjud ilmiy-tadqiqot markazlari bilan aloqalarni mustahkamlash, olimlarning ijodiy merosini o‘zaro turk va o‘zbek tillariga tarjima qilish hamda ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish masalalari muhokama qilindi. Turkiyadagi diniy tizim faoliyati va talabalar tajriba almashuvi bo‘yicha ham kelishuvlarga erishildi.
Kunning ikkinchi yarmida o‘zbekistonlik talaba yoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, milliy qadriyatlarga ehtirom, vatanparvarlik va yot oqimlardan saqlanish kabi dolzarb mavzular yoritildi.
Talabalar ko‘rsatilayotgan e’tibor uchun Davlatimiz rahbari va tashkilotchilarga o‘z minnatdorliklarini bildirishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning ko‘ngliga quvonch ulashishga qaratilgan xayriya tadbirlari davom etmoqda.
Xususan, joriy yilning 9 avgust kuni «Vaqf» xayriya jamoat fondi Buxoro viloyati filiali, hududdagi masjidlar xodimlari va saxovatpesha homiylar hamkorligida ehtiyojmand oilalarning 35 nafar farzandi uchun sunnat to‘ylari tashkil etildi.
Tadbir doirasida to‘ybolalarning har biriga 35 ta velosiped, 35 to‘plam o‘quv qurollari hamda yangi kostyum-shim, ko‘ylak va oyoq kiyimlar to‘plami tantanali ravishda topshirildi.
Tantanali marosimda so‘z olganlar bolajonlar va ularning ota-onalariga ezgu tilaklar bildirib, farzandlarni sog‘lom, barkamol va dinu diyonatli insonlar etib tarbiyalash, ularga munosib ta’lim berish eng muhim vazifalardan biri ekanini ta’kidladilar.
Dinimiz va xalqimizga xos bo‘lgan mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik fazilatlarining amaliy ifodasi bo‘lgan bu kabi xayrli tadbirlarni «Vaqf» fondi tomonidan izchil davom ettirish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati