Alloh taolo insonning nimani xohlashini yaxshi biladi. Chunki insonni O‘zi yaratgan. U nimani xohlayapti, nimani xohlamayapti hammasini biladi. Hatto inson hech kimga aytmagan tuyg‘ularini ham biladi. Qur’oni karimda keladi:
﴿وَأَوْحَيْنَا إِلَى أُمِّ مُوسَى أَنْ أَرْضِعِيهِ فَإِذَا خِفْتِ عَلَيْهِ فَأَلْقِيهِ فِي الْيَمِّ وَلَا تَخَافِي وَلَا تَحْزَنِي إِنَّا رَادُّوهُ إِلَيْكِ وَجَاعِلُوهُ مِنَ الْمُرْسَلِينَ﴾
“Biz Musoning onasiga “Uni emizgin. Agar unga (zarar yetishidan) qo‘rqsang uni dengizga ot. Qo‘rqma va mahzun bo‘lma. Biz uni o‘zinga qaytarurmiz va uni payg‘ambarlardan qilurmiz” deb vahiy qildik” (Qasos surasi, 7-oyat).
Demak, insonning ichki kechinmalari ham Allohning qo‘lida ekan. Aqlimiz ham aslida Allohning izmidadir. Alloh xohlagan narsalarnigina aqlimiz anglay oladi. Xohlamagini esa anglay olmaydi. Lekin inson ixtiyori borasida erkindir. Inson biror narsani tanlash huquqiga ega. Lekin bu haqiqiy erkinlik emas, nisbiy erkinlik xolos. Ayrimlar bu qarashni inkor qilsalar ham aslida shunday.
To‘g‘ri, inson “buni qilaman, uni qilaman” deb aytadi. Hatto barcha amallar uning ixtiyoriga bog‘langan. Lekin bu Allohning qudratidan tashqariga chiqib ketadi degani emas. Chunki bunda Allohning qudratini cheklash ma’nosi chiqib qoladi.
Shayx Muhammad Mutavalli Sha’roviy rahimahullohning
"Allohning borligiga aqliy dalillar" kitobidan
Misrning nufuzli ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston muftiysi, shayx Nuriddin Xoliqnazarning Muhammad alayhissalom tavallud topgan muqaddas Rabiul avval oyiga bag‘ishlangan turkum maqolalari chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, Misrning “Al Gomhuria” nashri sahifalarida Rabiul avval oyi musulmonlar qalbida alohida o‘rin tutishi va Ummaning Payg‘ambarimizga bo‘lgan cheksiz muhabbati tufayli bu oy an’anaviy ravishda “Mavlid oyi” deb atalishi haqidagi fikrlar keng yoritilgan. Materialda Muftiyning ushbu davrni yangi ma’naviy ko‘tarinkilik bilan kutib olish, uni “Nabaviy siyrat oyi” va “Ibratli ummat oyi”ga aylantirish, ibodat, axloq va madaniyat masalalarida Payg‘ambarimiz o‘gitlarini amaliy o‘zlashtirishga qaratilgan da’vati alohida ta’kidlangan.
“Ya7dosal2an” nashri ham Islom e’tiqodining ajralmas qismi va chin imonning asosiy sharti bo‘lgan Payg‘ambarimizga bo‘lgan muhabbat sabablari haqidagi metodologik masalani qayd etgan. Maqolada sahobalarning sadoqatiga oid tarixiy misollar va guvohliklar keltirilgan.
“Aldawlanews” resursida Islomni amaliy tushunishning oliy manbai sifatida Nabaviy siyratni o‘rganishning ahamiyati ko‘rib chiqilgan bo‘lib, unda shunchaki sanalarni yodlash o‘rniga har bir tarixiy voqeadan sabr, adolat va rahmat kabi hayotiy saboqlarni chiqarish zarurligi urg‘ulangan.
“Al Diplomacy” nashri esa Payg‘ambarimizga bo‘lgan chin muhabbatning uch asosiy belgisiga — siyrat haqida tafakkur qilish, sunnatga so‘zsiz ergashish va ruhlar shifosi hamda jamiyatda axloqni mustahkamlashning ma’naviy asosi bo‘lgan ko‘p salavot aytishga e’tibor qaratdi.
“Sada El Balad” rasmiy resursi O‘zbekiston muftiysining Rabiul avval oyini oilalar va ta’lim muassasalari uchun keng qamrovli tarbiyaviy loyihaga aylantirish tashabbusini yoritib, musulmonlarni ushbu oyni yuksak axloq va jipslikning oliy namunasiga ergashish yo‘lidagi yangi debochaga aylantirishga chaqirdi.
“Eldameer” axborot portali ham O‘zbekiston muftiysining asarlarini atroflicha taqdim etib, Rabiul avval oyining chuqur mazmuni va sunnatga ergashish orqali ma’naviy poklanishning muhimligiga e’tibor qaratdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati