Orzular yolg‘ondek ko‘rinib darak beradi,
Lek g‘alaba ko‘p qiyinchilik bilan keladi.
Bir ayol aytadi: Men o‘ttiz yoshga to‘lganimda erim vafot etdi. Besh farzandimiz bor edi. Dunyo ko‘zimga qorong‘u ko‘rinib tinmay yig‘lardim, oxiri ko‘zimga zarar berishini o‘ylab o‘zimga keldim. Lekin meni g‘am-tashvish chulg‘ab oldi. Chunki bizda oilamizga yetadigan biror kirim yo‘q, farzandlarim esa yosh va otamiz bizga hech narsa qoldirmagan edi. Xonamda o‘tirgan vaqtimda magnitafonni yoqdim, shunda bir shayxning bunday deyayotganini eshitib qoldim: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar:
قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: من لزم الإستغفار جعل الله له من كل ضيق مخرجا
“Kim istig‘forni ko‘paytirsa Alloh taolo unga har qanday g‘amdan yengillikni va tanglikdan chiqish yo‘lini qilib qo‘yadi” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Shundan keyin istig‘forni ko‘paytirdim, farzandlarimga ham shunday qilishlarini buyurdim. Allohga qasamki, olti oy ham o‘tmay bizning uzoq vaqt oldin mulkimiz bo‘lgan yerimizning loyihasi topilib qoldi va uning evaziga katta pul berildi. Shundan keyin katta o‘g‘lim oliygohga o‘qishga kirdi, Qur’oni karimni to‘liq yodlab, boshqalarga yordam beradigan inson bo‘ldi. Uyimiz xayr-barakaga to‘lib, hayotimiz yaxshilandi. Alloh o‘g‘illarim va qizlarimni yaxshi inson bo‘lishini nasib etdi. Shunday qilib g‘am-tashvishlarim ketib, dunyodagi eng baxtli ayolga aylandim.
Shu’la: Agar umidsizlikka taslim bo‘lsangiz, siz hech narsa o‘rganolmaysiz va saodatni qo‘lga kiritolmaysiz.
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati