Jahongir Nig‘matov,
Toshkent islom instituti talabasi
Bugun "16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni" munosabati bilan yurtimizda millatlararo do‘stlik va diniy totuvlikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh soha vakillariga «Diniy bag‘rikenglik» ko‘krak nishoni topshirildi.
Tantanali marosimda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov fidoyi yurtdoshlarimizga ushbu yuksak mukofotlarni topshirib, ularning kelgusi faoliyatiga zafarlar tiladi.
Quvonarlisi, e’tirofga sazovor bo‘lganlar safida O‘zbekiston musulmonlari idorasi va uning tizimida samarali mehnat qilayotgan Akbarshoh Rasulov, Ne’mat Musayev, Hikmatilla Toshtemirov, O‘tkirbek Sobirov, Damin Jumaqulov, Tohir Qurbonov, Doniyor Ikramov, Munira Abubakirova, hamda Tursunoy Dehqonova kabi zahmatkash insonlar bor.
Tadbirda so‘zga chiqqan notiqlar mazkur mukofotning ta’sis etilishi Davlatimiz rahbari tomonidan diniy-ma’rifiy sohaga qaratilayotgan yuksak e’tibor, fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va ma’naviy muhit barqarorligini saqlash yo‘lidagi ezgu islohotlarning yaqqol namunasi ekanini alohida ta’kidladilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati