Bismillahir Rohmanir Rohiym
Senga yetgan bo‘lsada halokatlar zarari,
Xabar bermish u senga kelajak ne’matlari.
Bir yigit qamaldi. U yolg‘iz farzand bo‘lib, onasining u yigitdan boshqa hech kimi yo‘q edi. Onaning ko‘zidan uyqusi qochdi, uni g‘am-tashvish chulg‘ab oldi. Yig‘layverib yoshlari qurib qoldi. U shunday holdaligida Alloh taolo uning qalbiga: “Laa havla va laa quvvata illa billaah” (Kuch-quvvat faqat oliy, buyuk Allohdandir) kalimasini solib qo‘ydi.
Ona jannat hazinalaridan bo‘lmish bu kalimani qayta-qayta takror qila boshladi. O‘g‘lining chiqishidan umidini uzgan kunlarining birida kimdir eshikni qoqib qoldi. Eshikni ochib, onaning ko‘ngli yorishib, xursand bo‘lib ketdi, Chunki uning qarshisida sevimli o‘g‘li turar edi.
Bu Robbisiga bog‘langan, Unga ko‘p duo qilgan va ishini U zotning o‘ziga topshirgan bandaning mukofotidir. Shunday ekan, siz ushbu kalimani lozim tuting. Chunki bu ulug‘ kalimadir. Unda baxt-saodat siri bor. U kalimani ko‘proq ayting, u bilan g‘am parchalarini quving va Allohdan tez orada keladigan xushxabarni kuting.
Hech qachon sizdan umid rishtalari uzilib qolmasin, hech qachon tushkunlikka tushmang. Shuni bilingki, har qanday qiyinchilik ortidan yengillik keladi, har qanday qiyinchilik ortida bir yengillik bo‘ladi, bu narsa doimiy takrorlanib turadigan dunyo qonunidir. Shunday ekan, Allohga chiroyli gumon qiling, Unga tavakkul qiling va Undan yaxshi narsalarni so‘rang, umid qiling.
Shu’la: Qiyinchilik va g‘amlaringizni boshqalar bilan gaplashadigan mavzu qilib olmang. Chunki bu narsa siz bilan saodat o‘rtasida to‘siq paydo qiladi.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan
Bugungi jamiyatimizda odob-axloq jihatidan oqsoqliklar ko‘zga tashlanmoqda. Salom berish, yordamga muhtojlarni ko‘rganda ko‘maklashish, o‘zidan kattalarga hurmat ko‘rsatish kabi qadriyatlar kamayib borayotganini hech kim inkor qilmasa kerak. Holbuki, har bir ota-ona farzandining ilmli, solih va yetuk inson bo‘lib kamol topganini ko‘rishni orzu qiladi. Biroq “holva” degan bilan og‘iz shirin bo‘lmaydi. Ya’ni quruq orzu-havasning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki doimiy va tartibli ta’lim-tarbiya ishiga kirishish lozim bo‘ladi. Bu borada jamiyatdagi insonlarni uch toifaga bo‘lish mumkin:
1. O‘zi ham amal qilib, farzandini ham ezgulikka yetaklaydiganlar. Bu tutum dunyo va oxirat saodatini ko‘zlagan mo‘minning yo‘li. Tarbiyada eng samarali omil ota-onaning shaxsiy namunasidir. Bolaga, avvalo, Allohni tanitish va solih amallar bilan o‘rnak bo‘lish lozim. Qur’oni karimda ta’kidlanganidek, iymon keltirib, ezgu amal qilganlarga dunyoda pokiza hayot, oxiratda esa abadiy jannat bashorati berilgan (Nahl surasi, 97-oyat).
2. O‘zi amal qilmay, farzandi tarbiyasiga mol-dunyo sarflaydiganlar. Unutmang, pul hamma narsani hal qilmaydi. Ota-onaning o‘zi diniy va axloqiy majburiyatlarni bajarmasa, pand-nasihatlari farzandga ta’sir qilmaydi. Oilaviy muhitda ota ta’minotga, ona tarbiyaga mas’ul bo‘lib, o‘zaro hurmat va hamjihatlik bo‘lishi shart.
Shuningdek, ota-onalarning behuda ishlar, masalan, telefonga ko‘p bog‘lanib qolishi tarbiyadagi eng katta bo‘shliqni yuzaga keltiradi. Farzand kamoloti uchun uning vaqtini to‘g‘ri taqsimlash, uyqu va dars tartibini doimiy nazoratda tutish, tartibni ushlash lozim. Eng muhimi, xulq ilmdan ustun turadi: xulqsiz berilgan ilm insonni zalolatga yetaklaydi, shu bois farzandga go‘zal axloqiy tarbiya berib, so‘ng ilm bilan ziynatlash kerak.
3. O‘zi ham amal qilmay, farzandini ham bunga chaqirmaydiganlar. Bu toifaning oqibati xatarlidir. Alloh taolo Toha surasida bunday marhamat qiladi: “Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, albatta, uning uchun tang hayot bo‘lur...” (124-oyat). Mana shu oyatning o‘ziyoq kishini sergak torttirib, bu toifadan bo‘lib qolmaslikka undashi lozim.
Xulosa shuki, farzand qalbi va ruhiyati ildiz otishi kerak bo‘lgan daraxt ko‘chati kabidir. Uning ildizini iymon va taqvo mustahkamlaydi. Shunday ekan, kim farzandlari kamolini ko‘rishni istasa, amali va e’tiborini bilan shunga harakat qilsin. Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda bardavom qilib, zurriyotlarimiz kamolini ko‘rsatsin.
Aziza RAHMATOVA,
Samarqand tumani bosh otinoyisi