Alloma Sayyid Alaviy Molikiy rahimahulloh juda hozirjavob va so‘rovchini dalil bilan qanoatlantirib qo‘yuvchi buyuk olim edilar.
Bir kuni shayxning oldilariga Ka’bai sharifning tarnovidan tushayotgan suv ostida barakalanib, suv ostida turganlaridan g‘azabi chiqqan bir kishi keldi.
U shayxga:
Bularni gapini qarang, buni baraka deyaptilar! dedi.
Shunda shayx:
Bunda ikkita baraka bor. Alloh taolo aytadiki: “Va osmondan baraka suvini tushirdik” (Qof surasi, 9-oyat), yana Alloh taolo aytadi: “Odamlarga muborak qilib qo‘yilgan birinchi uy Bakkadagi uydir” (Oli Imron surasi, 96-oyat).
Baraka ustiga baraka (ya’ni, suvning barakasi, Baytullohning barakasi), deb javob berdilar.
Haligi darg‘azab kishi boshini eggancha, shayx Sayyid Alaviy Molikiy rahimahullohdan eshitganlariga raddiya berolmay jim bo‘lib qoldi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Direktorimiz menga 15 soat dars yozgan. Lekin men 10 soat dars o‘taman. Direktor o‘tilmayotgan 5 soatning pulini menga berasiz, men u pulni maktabning turli to‘lovlarga ishlataman, dedi. Uning bu gapi qanchalik rost bilmayman. Shu vaqtgacha uning aytgani bo‘yicha 5 soatning pulini unga berib kelyapman. Direktorning ortiqcha ish soati yozib, pulini olishi halolmi, mening bu ishga rozi bo‘lganim-chi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu ish o‘zganing haqini nohaq o‘zlashtirish bo‘lib, buni Alloh taolo O‘z kalomida ochiq-oydin taqiqlagan:
﴿وَلَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُم بَيْنَكُم بِالْبَاطِلِ﴾
“Mol-dunyolaringizni oralaringizda nohaq – harom yo‘llar bilan yemangiz!” (Baqara surasi, 188-oyat).
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Haromdan oziqlangan hech bir jasad jannatga kirmaydi” (Abu Ya’lo, Bazzor va boshqalar rivoyati).
Direktoringizning maktab chiqimlarini ro‘kach qilib olayotgan pullari halol emas. Darhol bu ishni tark etib tavba qilishi, sizga o‘tadigan dars soatlaringizni to‘g‘ri yozishi lozim.
Sizning uning taklifiga rozi bo‘lishingiz ham gunoh sanaladi. Chunki shariatimizda ma’siyatlarga yordam berish ham gunoh sanaladi. Shuning uchun siz unga qilayotgan ishini xato ekanini bir ilojini qilib tushuntiring va bu ish uning boshiga dunyoda ham, oxiratda ham ulkan musibatlar olib kelishini ayting. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi