Bismillahir Rohmanir Rohiym
Keltirdik iymon Rabbimiz Rahmonga,
Ergashdik elchisi mukarram zotga.
Qadrli singlim, ko‘proq uyingizda bo‘ling, muhim ishingiz bo‘lmasa ko‘chada behuda yurmang, chunki uyingiz saodatingiz siridir. Uyingizda baxt ta’mini totasiz, ibo-hayo va nomusingizni saqlaysiz. Ko‘chaga huda-behuda chiqaveradigan, bozoru guzarlarda aylanib yuraveradigan, keraksiz qandaydir narsalarni surtishtirib chiqaveradigan ayolda oxirat g‘ami bo‘lmaydi, biror narsani o‘rganish yoki ma’rifat hosil qilishga qiziqmaydi. Balki u vaqtini isrof qilayotgan, g‘ami faqat yeyish va ichish bo‘lgan ayol bo‘ladi. Shuning uchun ham siz ko‘chada behuda yurishdan saqlaning. Aslida, uyingiz baxt makoni, rohat o‘rni, insonlar aziyatidan salomat joydir, uni shunday go‘zal makonga aylantirish sizning qo‘lingizda. Shunday ekan, uyingizni muhabbat va surur makoniga aylantiring!
Shu’la: Tashvishlaringizni faqatgina sizga fikrlari va so‘zlari bilan saodatga eltadigan eng yaqin insonlaringizganiga oshkor qiling.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan
Kuvayt universiteti Til markazi direktori, doktor Holid Al-Fadli mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi.
– Mustaqillikning 35 yillik bayrami munosabati bilan yaqin do‘st va qardosh O‘zbekiston xalqini chin dildan samimiy muborakbod etaman. O‘zbekistonlik barcha birodarlarimizga yuksak taraqqiyot, farovonlik, tinchlik-xotirjamlik va yangi muvaffaqiyatlar tilayman.
Biz O‘zbekiston bilan azaldan mustahkam do‘stlik, o‘zaro hurmat va samimiy mehr-oqibat rishtalariga egamiz. Ushbu muborak zamindan ko‘plab buyuk va mashhur islom ulamolari yetishib chiqqan. Bu bebaho ilmiy va ma’naviy meros nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulkan boylik hisoblanadi.
Kuvayt universiteti va O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida yaqin va samarali hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilganidan mamnunmiz. Ko‘p yillardan buyon o‘zbekistonlik talabalar yurtimizda, xususan, Kuvayt universitetida arab tili va madaniyatimiz bo‘yicha o‘z bilimini oshirib kelmoqda. Ular bir o‘quv yili davomida, ya’ni uch semestr mobaynida arab tilini puxta o‘rganish bilan birga, Kuvayt madaniyati, tarixi va jamiyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lmoqda.
O‘zbek talabalari bilan muloqotlar davomida ularning ta’lim va ilmga juda katta qiziqish hamda ishtiyoq bilan yondashishiga alohida e’tibor qaratdim. Ular nafaqat arab tilini o‘rganish, balki boshqa xalqning madaniyati, san’ati, iqtisodiyoti va rivojlanish tendensiyalarini chuqur anglashga intilayotgani quvonarli.
Arablar va o‘zbek xalqi o‘rtasida asrlar davomida shakllangan chuqur tarixiy, ilmiy va ma’naviy aloqalar mavjud. Men ushbu do‘stona va qardoshlik rishtalari kelgusida yanada mustahkamlanib, yangi mazmun bilan boyishini istayman. Bu borada xalqaro konferensiyalar o‘tkazish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini kengaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Kuvaytdagi O‘zbekiston elchixonasi tomonidan bildirilayotgan tashabbus va takliflarni qo‘llab-quvvatlash, ularni amalga oshirishga yanada katta e’tibor qaratish zarur. Biz ham ikki mamlakat o‘rtasidagi ta’lim, ilm-fan va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar va istiqbolli tashabbuslarni amalga oshirishdan manfaatdormiz.
Yana bir bor, qardosh O‘zbekiston xalqini Mustaqillikning 35 yillik qutlug‘ bayrami bilan qutlayman. Alloh taolo qardosh O‘zbekiston diyoriga tinchlik-xotirjamlik, farovonlik, taraqqiyot va ulkan muvaffaqiyatlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati