Savol: Tilla taqinchoqlardan zakot chiqarishni tushuntirib bersangiz. Ayrim tanishlarim taqinchoqlardagi sof tilladan chiqariladi deyishmoqda. Ular ChatGPT dan olgan javoblarida 585 probali tilla zanjirning hammasi ham tilla emas. Uning 58,5 % tilla, qolgani esa, boshqa metall bo‘ladi. Undagi sof tilla hisoblanib zakoti beriladi, deyilgan ekan. Bu javob qanchalik asosli?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Avvalo, shar’iy masalalar sun’iy intellektdan so‘ralmaydi, balki shu sohani yaxshi biluvchi ahli ilmdan so‘raladi. Bu haqda ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimizda batafsil javoblar qo‘yilgan. Tilladan yasalgan taqinchoqlardagi zakot berishning shar’iy qoidasi shuki, ulardagi tilla miqdorining oz yoki ko‘pligiga qaraladi. Agar taqinchoq tarkibining ko‘p qismi (50% dan ziyodi)ni tilla tashkil etsa, taqinchoq butunlay tilla deb e’tiborga olinadi va uning umumiy vaznidan zakot chiqariladi. Masalan, 585 probali, 85 gr tilla zanjiri bor musulmonga mazkur taqinchoqdan zakot berish farz bo‘ladi. Chunki taqinchoqdagi tilla miqdori boshqa metallarga qaraganda ko‘p (58,5%) bo‘lgani uchun to‘lig‘icha tillaga hukm qilinadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV