Bismillahir Rohmanir Rohiym
1. Ovqatlanishdan oldin qo‘lni yuvish.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Taomdan oldin va keyin qo‘llarni yuvish faqirlikni daf qiladi va u payg‘ambarlarning sunnatlaridandir”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Taomning barakasi undan oldin va keyin qo‘lni yuvishdadir”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
2. “Bismillah” ni aytish.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, shayton Allohning ismi zikr qilinmagan taomni o‘ziga halol hisoblaydi”, deganlar.
Shayton Alloh taoloning ismini aytmay yeyayotgan odamga sherik bo‘ladi. Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Qachonki taom ustida Alloh zikr qilinsa, shayton sheriklariga: "Sizlarga o‘rin ham yo‘q, ovqat ham yo‘q", deydi. Agar Alloh zikr qilinmasa, shayton: "Joyingizni ham, taomingizni ham topdingiz", deydi (Imom Buxoriy rivoyati).
Agar ovqatlanishning avvalida "bismillah"ni aytish yoddan ko‘tarilsa, esga tushganda: “Bismillahi fiy avvalihi va axirihi”, deyish lozim.
3. O‘ng qo‘l bilan yeyish.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Chap qo‘l bilan yemanglar! Chunki shayton chap qo‘li bilan yeydi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
4. Taomni o‘z oldidan yeyish.
Umar ibn Abu Salama roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qaramog‘idagi bola edim. Qo‘lim tovoqqa borib-kelardi. Shunda u zot alayhissalom menga: "Ey g‘ulom! "Bismillah" degin, o‘ng qo‘ling bilan yegin, o‘z oldingdan yegin!" dedilar. Shundan so‘ng yeyishim shunday bo‘ldi» (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
5. Tushib ketgan luqmani olib, yeyish.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Birortangizdan bir luqma tushib ketsa, undagi zararni ketkazsin, so‘ngra yesin”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Boshqa bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar biringizning yeguligingiz yerga tushib ketsa, uni ko‘tarib, sirtini begona narsalardan tozalab yesin, nasibasini shaytonga qoldirmasin”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Aston universiteti professori Entoni Xilzning olib borgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, yerga tushib ketgan yegulikni besh soniya ichida yerdan olib iste’mol qilish sog‘liq uchun xavfsiz ekan. Chunki bu vaqt ichida hech qanday mikroorganizm yegulikka tegishga yoki uni zararlashga ulgurmaydi.
6. Ovqatni uchta barmoq bilan yeyish va barmoqlarni yalab qo‘yish. Ka’b ibn Molik roziyallohu anhu aytadilar: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uchta barmoqlari bilan yer edilar va qo‘llarini artishdan oldin ularni yalar edilar" (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy, Imom Nasaiy rivoyati).
Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ovqatlanib bo‘lgandan so‘ng barmoqlarni yalab qo‘yish haqida bunday deganlar: "Qo‘lini artmay turib yalab qo‘ysin. Darhaqiqat, u baraka qay birida ekanidan bexabardir".
7. Ovqatni ayblamaslik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hech qachon ovqatni yomonlamaganlar, yoqtirsalar yeganlar, yoqtirmasalar yemaganlar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
8. Ovqatni yonboshlab, tik turib tanovul qilmaslik.
Abu Juhayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Men suyangan holimda yemayman", deganlar (Imom Buxoriy, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy, Imom Nasoiy rivoyati).
Anas roziyallohu anhu aytadilar: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tik turib ichishdan qaytardilar". Shunda sahobalar: "Tik turib yeyish mumkin-mi?" deb so‘rashdi.
U zot alayhissalom: "U yana ham og‘irroq", dedilar (Imom Muslim, Imom Termiziy rivoyati).
9. Ovqatga puflamaslik.
Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadilar: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam taom va sharobga puflashdan qaytardilar" (Imom Ahmad rivoyati).
10. Ovqatni qorin to‘yguncha yemaslik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Odamzot qornidan ko‘ra yomonroq idishni to‘ldirmagandir. Aslida, unga qomatini tiklab turadigan ovqat yetarlidir. Agar zarurat bo‘lsa: qorinning uchdan biri taomi, uchdan biri ichimligi va uchdan biri nafas olishi uchun bo‘lsin!” (Imom Termiziy, Imom Ibn Moja rivoyati).
11. Jamoat bo‘lib ovqatlanish.
Bir jamoa odamlar: "Yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biz ovqatlanamiz, ammo hech to‘ymaymiz", deyishdi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Sizlar alohida-alohida ovqatlanasiz-mi?" deb so‘radilar.
Ular: "Ha, shunday", deyishdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Taomingizga (birgalikda) to‘planing va Allohning ismini zikr qiling. (Shunda) baraka beriladi", dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
12. Ovqatlanib bo‘lgach Alloh taologa hamd aytish.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh taolo banda taom yeb Unga hamd aytganidan, ichimlik ichib, Unga hamd aytganidan rozi bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ovqat yeb bo‘lsalar: “Alhamdulillahillaziy at’amana va saqona va ja’alana muslimiyn” (Bizni ovqatlantirib, sug‘orib va musulmonlardan qilgan Allohga hamd bo‘lsin) deb aytardilar.
Alloh taolo barchamizga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashishimizga va unda bardavom bo‘lishimizga tavfiq ato etsin.
Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam o‘z hadisi shariflarida Qur’oni karim oyatlarining tafsirlari va fazilatlarini bayon qilib berganlar. Shunga ko‘ra muhaddis ulamolar o‘z asarlariga “Tafsir kitobi” va “Qur’on fazilatlari kitobi” nomi ostida shu mavzuga oid hadislarni keltirishgan.
Imom Buxoriy rahmatullohi alayh “Sahihi Buxoriy” asarida “Kitab at-Tafsir”, ya’ni “Tafsir kitobi” degan alohida bo‘lim qilib, unda tafsirga oid hadislarni keltirgan. Shuningdek, u kishi bilan bir davrda yashagan Imom Muslim rahmatullohi alayhning “Sahihi Muslim” asarida ham “Kitab at-Tafsir”, ya’ni “Tafsir kitobi” nomli sakkizta bobdan iborat kichik bo‘lim ajratilgan. Imom Termiziy rahmatullohi alayh ham o‘zining “Jome’ at-Termiziy” asarida “Kitabu tafsir al-Qur’an” ya’ni, “Qur’on tafsiri kitobi” degan nom ostida Qur’oni karimning ba’zi oyatlari tafsiri haqidagi hadislarni keltirgan.
Imom Nasoiy rahmatullohi alayh “Sunan al-Kubro” asarida “Kitabut tafsir” nomi bilan tafsirga oid hadislarni keltirgan. Shuningdek, hadis asarlarida “Qur’on fazilatlari kitobi” nomi ostida shu mavzuga oid hadislarni keltirishgan. Jumladan, Imom Buxoriy rahmatullohi alayh Sahihul Buxriy asarida “Kitabu fazoilil Qur’an”, “Qur’on fazilatlari kitobi” bo‘limini va Imom Termiziy rahmatullohi alayh ham o‘zining Jome’ at-Termiziy asarida “Kitabu fazoilil Qur’an”, “Qur’on fazilatlari kitobi” bo‘limini keltirishib, unda Qur’oni karim suralarining fazilatiga oid hadislarni bayon qilishgan. Jumladan, Falaq va Nas suralari haqida ham ko‘p hadisi shariflar vorid bo‘lgan bo‘lib, ularni qisqacha bayon qilamiz.
Suralarning nomlanish sababi
Nas surasining birinchi oyati “Qul a’uzu birobbin naas” (Odamlar Robbisidan panoh so‘rayman) oyati bilan boshlangan. “Nas” so‘zi bu oyatda besh marta zikr qilingan. Shu e’tibordan bu sura “Nas” deb nomlangan. “Nas” so‘zi “odamlar”, degan ma’noni anglatadi.
Falaq surasiga o‘zining birinchi oyatidagi “falaq” so‘zi nom bo‘lib qolgan. “Falaq” so‘zi lug‘atda “yorish ma’nosini bildiradi. Bu surada “Falaq” so‘zi subh-tong ma’nosida kelgan. Tong kechani yorib boshlagani uchun shu nom bilan ham ataladi.[1]
Bu ikki sura birgalikda “Mu’avvizatayn”, “Ikki panoh so‘rovchi” deb nomlanadi. Chunki, ikki sura ham “a’uzu” (panoh so‘rayman) so‘zi bilan boshlanadi.
Suralarning fazilati
Hadisi shariflarda ushbu suralarning fazilati bayon qilingan bo‘lib, ular quyidagilardir:
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam betob bo‘lib qolsalar, o‘zlariga mu’avvizotni o‘qib, dam solar edilar. (Vafotlaridan oldingi) og‘riqlari kuchayganda esa men o‘zim u zotga o‘qib, barakotidan umid qilib, o‘z qo‘llari bilan silar edim” (Imom Buxoriy rivoyati).
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam har kecha joylariga yotganlarida ikki kaftlarini jamlab, ularga “Qul huvallohu ahad”, Qul a’uzu birobbil falaq” va “Qul a’uzu birobbinnas” larni o‘qib, dam solib, badanlarining (qo‘llari) yetgan joyigacha silar edilar. Avval boshlari va yuzlaridan boshlardilar. Keyin badanlarining old tarafiga (o‘tardilar). Buni uch marta qilar edilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Uqba ibn Omir Juhaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: U kishi aytdi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashdim, vaholanki u zot ulovda edilar. Ikki qo‘limni u zotning ikki oyoqlariga qo‘yib: “Menga Yusuf surasini o‘qiting”, dedim. Shunda u zot: “Sen Allohning huzurida “Qul a’uzu birobbil falaq” dan ko‘ra yetukroq biror narsani hargiz o‘qiy olmaysan”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Abdulloh ibn Xubayb roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: U kishi aytdi: “Menga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kechga kirishingda ham, tongga kirishingda ham “Qul huvallohu ahad” va “mu’avvizatayn” ni uch marta o‘qi, (shunda) u senga har bir narsadan kifoya qiladi”, dedilar (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati).
Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: U kishi aytdi: “Men Juhfa va Abvo orasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga yurib borardim. Bizni yomg‘ir va shiddatli zulmat qoplab oldi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Qul a’uzu birobbil falaq” va “Qul a’uzu birobbin nas”, bilan panoh so‘ray boshladilarda: “Ey Uqba, ikkovi bilan panoh tila, hech bir panoh tilovchi ikkovichalik narsa bilan panoh tilamagan”, dedilar.So‘ngra u zotdan bizga imom bo‘lib, namozda ham ikkovini qiroat qilganlarini eshitdim” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Menga ushbu kecha nozil qilingan oyatlarni bildingmi? Ularning misli hech ko‘rilmagan. “Qul a’uzu birobbil falaq” va “Qul a’uzu birobbin nas”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Xulosa qilib aytganda, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam o‘z hadisi shariflarida Qur’oni karim oyatlarining tafsirlari va fazilatlarini bayon qilib berganlar. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Qur’onning ma’nolarini mufassal va mukammal tushunganlar. U Zotga Qur’onni yodlatish va ma’nolarini tushuntirish kafolatini Alloh taolo o‘z zimmasiga olgan. Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Zero, uni (Sizning dilingizda) jamlash ham, (tilingizdagi) qiroati ham Bizning zimmamizdadir. Bas, qachon Biz (Jabroil tilida) uni o‘qisak, Siz ham uni o‘qishga ergashing! So‘ngra uni (Qur’onni) bayon qilib berish ham, albatta, Bizning zimmamizdadir” (Qiyomat surasi, 17-19-oyatlar).
Sahobai kiromlar Qur’oni karimni tafsir qilishda biror muammoga duch kelsalar, darhol Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga murojaat qilar edilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam oyatlarning maxfiy, nozik joylarini tushuntirib berardilar. Chunki u Zotning asosiy vazifalari shu edi. Alloh taolo oyati karimasida shunday degan:
“Va sizga odamlarga nozil qilingan narsani o‘zlariga bayon qilib berishingiz uchun zikrni nozil qildik. Shoyadki tafakkur qilsalar” (Nahl surasi, 44-oyat).
Shunga ko‘ra u zot Qur’oni karim ma’nolarini o‘z hadislarida bayon qilib berganlar.
Shokirjon MADAMINOV
[1] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol. Oltinchi juz. “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati. Toshkent-2008. – B.565.