O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan bevosita muloqoti fuqarolarning diniy-ijtimoiy masalalarini hal etishda muhim omil bo‘lmoqda.
Xususan, 6 may kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi qabul doirasida imom-xatiblar faoliyati, masjidlar holati, oilaviy munosabatlar va moddiy yordam so‘rovlari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Murojaatchilarning har biriga shar’iy masalalar yuzasidan zarur tavsiyalar berilib, ijtimoiy masalalar bo‘yicha amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.
Ta’kidlash joizki, bunday ochiq muloqot tizimi yurtimizdagi barcha jome masjidlarda ham yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, har haftaning chorshanba kuni imom-domlalar fuqarolarni qabul qilib, ularning arz va takliflarini tinglab kelmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Jizzax shahridagi “Yakkasaroy” tantanalar majmuasida ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, ehtiyojmand oilalar farzandlariga mehr-e’tibor ko‘rsatish maqsadida ularning xatna to‘yi o‘tkazildi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Jizzax viloyatidagi vakilligi hamda viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan xayriya tadbirida 2 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan 35 nafar bolajonlarga xursandchilik ulashildi.
Bolalarga bayram munosabati bilan velosiped, kostyum-shim, ko‘ylak, oyoq kiyimlari hamda yana boshqa turli xil sovg‘a-salomlar taqdim etildi.
Bolalarning yaqinlari va jamoatchilik vakillari uchun bayram dasturxoni yozildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Jizzax viloyati matbuot xizmati