Bir boy kishi hech kim bilmasligi uchun qurbonlik qilinadigan qo‘ylarni maxfiy ravishda sadaqa qilishni xohladi. U o‘z qo‘ylariga faqat o‘zi biladigan maxsus belgilar qo‘ygan edi. U xizmatkorlaridan biri orqali qo‘shni qishloqdagi eng muhtoj, ko‘p farzandli va kambag‘al oilalarga bittadan semiz qo‘chqorlarni yubordi. Bu boy kishining go‘zal odati shunday ediki, u ko‘p sadaqa qilardi-yu, lekin buni xizmatkorlaridan boshqa hech kim bilmasdi.
Bir kuni boy kishi bozorda yurib, to‘satdan kechagina qo‘shni qishloqqa sadaqa qilib yuborgan qo‘chqorlaridan birini kambag‘al kishining qo‘lida ko‘rib qoldi. Boy kishi juda hayron bo‘lib, ichida dedi: “Bu qo‘chqor mening sadaqalarimdan-ku! Xizmatkorim uni mana shu odamga bergan bo‘lsa, nega u buni sotyapti? Demak, bu odam muhtoj emas ekan, xizmatkorim manzilda adashibdi”.
Boy kishi kambag‘alga yaqinlashib so‘radi:
— Bu bahaybat qo‘chqorni o‘zing boqqanmisan yoki biror savdogardan sotib oldingmi?
Kambag‘al kishi tabassum bilan javob berdi:
— Allohga qasamki, na unisi va na bunisi. Buning ajoyib qissasi bor. Kecha eshigim taqilladi, qarasam, bir notanish kishi turibdi. U menga: «Bu qo‘chqorni sizga xojam hadya qildi», dedi-yu, xojasining ismini aytmay ketdi. Ko‘rib turganingizdek, bu qo‘chqor juda katta. Mening esa xuddi o‘zimdek o‘ta muhtoj, serfarzand bir qo‘shnim bor. U hayit uchun nafaqat qo‘y, balki go‘sht yoki tovuq sotib olishga ham qurbi yetmaydi. Shuning uchun bu qo‘chqorni sotib, puliga ikkita kichikroq qo‘y olmoqchiman: birini o‘zimga, ikkinchisini esa o‘sha muhtoj qo‘shnimga beraman.
Bu gaplarni eshitgan boy kishi yig‘lab yubordi va dedi:
— Baraka top, senga xushxabar bo‘lsin! Robbimiz: “Sizlar suygan narsalaringizdan infoq-ehson qilmaguningizcha, hargiz yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysiz” (Oli Imron surasi) deb aytganida haq edi. Sen o‘zing shu go‘shtga juda muhtoj bo‘la turib, ehson qilyapsan.
Qo‘shnining holidan xabardor bo‘lish – mana shu haqiqiy Islomdir! Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Yonidagi qo‘shnisi och o‘tirib, o‘zi to‘q uxlagan kishi bizdan emas” deb aytganlar.
Boy kishi so‘zida davom etdi:
— Ey birodar, men bu katta qo‘chqorni sendan sotib olaman. Mana pulini ol-da, borib ikkita qo‘y sotib ol. Sen mendan va menga o‘xshagan boylardan ko‘ra saxiyroq ekansan. Chunki boylar boridan, kengchilikdan infoq qiladilar, sen esa yo‘qchilik va tanglik holida ehson qilyapsan.
Qani edi biz ham kambag‘allarning holidan xabar olsak... Agar har bir boy o‘z qo‘shnilaridan xabardor bo‘lganida edi, yurtimizda birorta ham kambag‘al qolmasdi. Agar har bir boy zakotini chiqarganida edi, yurtda birorta muhtoj qolmasdi.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV
X asrning oxiri va XI asrning boshlarida Xorazm va Buxoro ilmiy muhitida antik davr yunon falsafasi hamda tabiiy fanlar merosini qayta ko‘rib chiqishga bo‘lgan qiziqish nihoyatda kuchaydi. Aristotelning “Osmon va olam haqida” hamda “Fizika” asarlaridagi ayrim xulosalar o‘sha davr tadqiqotchilari tomonidan so‘zsiz haqiqat sifatida qabul qilinayotgan bir paytda, taxminan 24–26 yoshlardagi Beruniy antik muallifning ayrim qarashlarini amaliy kuzatuv va matematik mantiq yordamida shubha ostiga oldi. Beruniy o‘z e’tirozlari va savollarini xat orqali Buxoroda yashab ijod qilayotgan, o‘sha vaqtda 17–19 yoshlarda bo‘lgan Ibn Sinoga yubordi. Ushbu tarixiy muloqotning bizgacha yetib kelgan matni Ibn Sinoning Beruniy tomonidan berilgan savollarga qator javoblaridan iborat. Manbashunos va sharqshunos Yu.Zavadovskiy ushbu qo‘lyozma matnini rus tiliga o‘girgan va u ilk bor 1957 yilda Toshkentda nashr etilgan. Keyinchalik, 1973 yilda Beruniy tavalludining 1000 yillik yubileyi munosabati bilan falsafa fanlari nomzodi A.Sharipov tomonidan tayyorlangan qayta nashrda ushbu yozishmalarning ilmiy ahamiyati yanada aniqroq yoritilgan.
Beruniyni Aristotel ta’limotidagi ba’zi fizik qoidalarning kuzatuv va tajribaga zid kelishi alohida tashvishga solgan edi. Xususan, “Fizika” bo‘limiga oid savollar orasida moddalarning nur sindirishi va issiqlik yig‘ish xususiyatiga oid aniq tajriba bayon qilinadi. Xorazmlik olim dumaloq va shaffof shisha idishni olib, uni suv bilan to‘ldirganda u billur lupa kabi quyosh nurlarini bir nuqtaga to‘plab, alanga oldirish xususiyatiga ega bo‘lishini ko‘rsatib o‘tadi. Agar ushbu idish suv o‘rniga havo bilan to‘ldirilsa, hech qanday nur yig‘ilmaydi va olov hosil bo‘lmaydi. Beruniy Ibn Sinoga murojaat qilib, suvning bunday o‘ziga xos ta’sir ko‘rsatishi sababini va nega aynan suv mavjud bo‘lganda nurlar to‘planishini so‘raydi. Sharqshunos A.Sharipov tadqiqotlarida ta’kidlanganidek, bu kabi savollar Beruniyning shunchaki nazariy mulohaza yuritmagani, balki aniq fizik hodisalarni tajribada tekshirib ko‘rganini tasdiqlaydi.
Ibn Sino Beruniyning bu savoliga javob berar ekan, suvning tabiatan tiniq, zich va silliq jism ekanini, shu sababli u o‘zidan o‘tayotgan nurni akslantirish va qaytarish xususiyatiga egaligini tushuntiradi. Optimika masalalarida olimlar o‘rtasidagi bahs Platon va Aristotel maktablarining qarashlarini qiyoslash darajasigacha yetib boradi. Ibn Sino ko‘rish jarayoni ko‘zdan nur chiqishi orqali yuz bermaydi degan Aristotel pozitsiyasini himoya qiladi va bu borada Platon qarashlaridan farqli yondashuvni ilgari suradi.
Beruniyning yana bir e’tiborga loyiq tajribaviy savoli suv va muzning zichligi hamda og‘irligi o‘rtasidagi munosabatga bag‘ishlangan. Aristotel nazariyasiga ko‘ra, sovuq va toshsimon qattiq shaklga ega bo‘lgan muz o‘z mohiyatiga ko‘ra tuproq elementiga yaqinroq bo‘lishi va suv tubiga cho‘kishi kerak edi. Lekin Beruniy amaliyotda muzning suv yuzida suzib yurishini ko‘rib, bu hodisaning fizik sababini so‘raydi. Ibn Sino o‘z javobida suv muzlagan paytda uning tarkibida havo zarralari qotib qolishini va aynan shu suyuqlik ichidagi havo pufakchalari muzni suv tubiga cho‘kishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlaydi. Yu.Zavadovskiy tomonidan o‘rganilgan ushbu ommaviy munozara o‘sha davr uchun moddalarning fizik holati va termodinamika boshlang‘ich tushunchalari bo‘yicha muhim qadam edi.
Kosmologiya va fazoviy geometriya sohasida ham Beruniy Aristotel da’volarini jiddiy sinovdan o‘tkazadi. Aristotel fazoda osmon sferasi og‘irlikka ham, yengillikka ham ega emas, chunki u markazga yoki markazdan atrofga harakat qilmaydi deb hisoblar edi. Beruniy esa xayoliy tafakkur nuqtayi nazaridan osmon jismi eng og‘ir jismlardan biri bo‘lishi mumkinligini, uning markazga tushmasligi uning vaznsizligini anglatmasligini ilgari suradi. Shuningdek, Beruniy fazo shakli borasida ham to‘xtalib, osmon sferasi mukammal sharsimon bo‘lishi shartligi, u tuxumsimon yoki yasmiqsimon shaklda ham bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi. Ibn Sino esa geometriya va fizika dalillarini keltirib, agar sfera sharsimon bo‘lmasa, uning harakati paytida bo‘shliq hosil bo‘lishi zaruriyatini isbotlashga urinadi.
Aristotelning fazoda olamning o‘ng va chap tomonlari haqidagi qarashlari ham Beruniyning keskin tanqidiga uchraydi. Aristotel jismning o‘ng tomoni harakat boshlanadigan joy deb ta’rif berib, keyinchalik Osmon harakati sharqdan boshlanadi, demak Sharq – bu o‘ng tomon degan xulosa chiqargan edi. Beruniy bunday xulosa chiqarish logikada “mantiqiy aylana” xatoligiga olib kelishini ko‘rsatib o‘tadi. Ibn Sino o‘z javobida Aristotel osmon sferasini tirik jism sifatida tasavvur qilganini aytib, antik muallif mantig‘ini himoya qilishga harakat qiladi.
Ushbu yozishmalar matni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining 2385-raqamli qo‘lyozmalar fondida saqlanib qolgan. Mazkur manbaning bizgacha yetib kelishida xatlarni ko‘chirib yozgan faqih Ma’sumiyning xizmati borligi xat oxiridagi qaydlarda eslatib o‘tiladi. Yu.Zavadovskiy va A.Sharipov tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, XI asr boshidagi bu ilmiy bahs nafaqat ikki mutafakkirning shaxsiy muloqoti, balki Turonda tabiatshunoslik fanlari va kuzatuv tajribalariga asoslangan yangi ilmiy uslub shakllanganining tarixiy isbotidir.
Beruniy va Ibn Sino o‘rtasidagi yozishmalar X-XI asrlarda Xorazm va Buxoroda shakllangan ilmiy tafakkur darajasi antik davr falsafasini shunchaki o‘zlashtirish bilan cheklanmay, uni aniq tajriba va mantiqiy tahlil vositasida tanqidiy qayta ko‘rib chiqish bosqichiga ko‘tarilganini anglatadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati