Bir boy kishi hech kim bilmasligi uchun qurbonlik qilinadigan qo‘ylarni maxfiy ravishda sadaqa qilishni xohladi. U o‘z qo‘ylariga faqat o‘zi biladigan maxsus belgilar qo‘ygan edi. U xizmatkorlaridan biri orqali qo‘shni qishloqdagi eng muhtoj, ko‘p farzandli va kambag‘al oilalarga bittadan semiz qo‘chqorlarni yubordi. Bu boy kishining go‘zal odati shunday ediki, u ko‘p sadaqa qilardi-yu, lekin buni xizmatkorlaridan boshqa hech kim bilmasdi.
Bir kuni boy kishi bozorda yurib, to‘satdan kechagina qo‘shni qishloqqa sadaqa qilib yuborgan qo‘chqorlaridan birini kambag‘al kishining qo‘lida ko‘rib qoldi. Boy kishi juda hayron bo‘lib, ichida dedi: “Bu qo‘chqor mening sadaqalarimdan-ku! Xizmatkorim uni mana shu odamga bergan bo‘lsa, nega u buni sotyapti? Demak, bu odam muhtoj emas ekan, xizmatkorim manzilda adashibdi”.
Boy kishi kambag‘alga yaqinlashib so‘radi:
— Bu bahaybat qo‘chqorni o‘zing boqqanmisan yoki biror savdogardan sotib oldingmi?
Kambag‘al kishi tabassum bilan javob berdi:
— Allohga qasamki, na unisi va na bunisi. Buning ajoyib qissasi bor. Kecha eshigim taqilladi, qarasam, bir notanish kishi turibdi. U menga: «Bu qo‘chqorni sizga xojam hadya qildi», dedi-yu, xojasining ismini aytmay ketdi. Ko‘rib turganingizdek, bu qo‘chqor juda katta. Mening esa xuddi o‘zimdek o‘ta muhtoj, serfarzand bir qo‘shnim bor. U hayit uchun nafaqat qo‘y, balki go‘sht yoki tovuq sotib olishga ham qurbi yetmaydi. Shuning uchun bu qo‘chqorni sotib, puliga ikkita kichikroq qo‘y olmoqchiman: birini o‘zimga, ikkinchisini esa o‘sha muhtoj qo‘shnimga beraman.
Bu gaplarni eshitgan boy kishi yig‘lab yubordi va dedi:
— Baraka top, senga xushxabar bo‘lsin! Robbimiz: “Sizlar suygan narsalaringizdan infoq-ehson qilmaguningizcha, hargiz yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysiz” (Oli Imron surasi) deb aytganida haq edi. Sen o‘zing shu go‘shtga juda muhtoj bo‘la turib, ehson qilyapsan.
Qo‘shnining holidan xabardor bo‘lish – mana shu haqiqiy Islomdir! Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Yonidagi qo‘shnisi och o‘tirib, o‘zi to‘q uxlagan kishi bizdan emas” deb aytganlar.
Boy kishi so‘zida davom etdi:
— Ey birodar, men bu katta qo‘chqorni sendan sotib olaman. Mana pulini ol-da, borib ikkita qo‘y sotib ol. Sen mendan va menga o‘xshagan boylardan ko‘ra saxiyroq ekansan. Chunki boylar boridan, kengchilikdan infoq qiladilar, sen esa yo‘qchilik va tanglik holida ehson qilyapsan.
Qani edi biz ham kambag‘allarning holidan xabar olsak... Agar har bir boy o‘z qo‘shnilaridan xabardor bo‘lganida edi, yurtimizda birorta ham kambag‘al qolmasdi. Agar har bir boy zakotini chiqarganida edi, yurtda birorta muhtoj qolmasdi.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV
Insonga mehr ko‘rsatish, muhtojning holidan xabar olish, bemorga tasalli berish va ehtiyojmandlarga ko‘mak qo‘lini cho‘zish xalqimiz ma’naviyatining azaliy fazilatlaridandir. Islom ta’limotida ham saxovat, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash eng ulug‘ amallardan biri sifatida e’tirof etilgan. Chunki bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, uning qalbiga umid va ishonch bag‘ishlash jamiyatda mehr-muhabbat, hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlaydi.
Shu ezgu qadriyatlarni hayotga tatbiq etish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va yurtdoshlarimiz qalbida mehr-shafqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirish maqsadida 2026 yil 13 avgust kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy hamda xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tadbirlarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nursultonxon domla Abdumannonov, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, VAQF xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali rahbari Yoqubjon domla Mansurov, uning o‘rinbosari A.Sultonov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu xayrli aksiya doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va boquvchisidan ayrilgan 300 ta oila holidan xabar olindi. Ularning xonadonlariga tashrif buyurilib, turmush sharoitlari o‘rganildi, oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Tashriflar davomida bemor va keksalarning holidan xabar olinib, ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularning haqqiga shifo, xonadonlariga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tilab duolar qilindi. Zero, muhtojning ko‘nglini ko‘tarish va uni yolg‘iz emasligini his ettirish ham insonparvarlikning yuksak ko‘rinishidir.
Shu bilan birga, hayotida turli ijtimoiy qiyinchiliklarga duch kelgan hamda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolish xavfi mavjud bo‘lgan ayrim fuqarolar bilan yakka tartibda muloqotlar tashkil etildi. Suhbatlarda sof e’tiqod, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnat, Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat, shuningdek, turli buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan ma’naviy immunitetni mustahkamlash masalalari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.
Tadbirlar doirasida Urgut tumanidagi jome masjidlarda peshin namozidan so‘ng ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Ularda mehr-oqibat, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oila tinchligini asrash, jamiyatda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini qaror toptirish kabi dolzarb mavzular atroflicha yoritildi.
Uchrashuvlar yakunida mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi va yosh avlodning ilmli, odobli hamda vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishi haqida xayrli duolar qilindi.
Bugun yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-saxovat va o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urgut tumanida o‘tkazilgan mazkur xayrli tadbirlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, aholi o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Mehr bor joyda ishonch, saxovat bor joyda baraka, inson qadri ulug‘langan jamiyatda esa tinchlik va farovonlik qaror topadi. Ana shunday ezgu amallar xalqimiz o‘rtasidagi birdamlik rishtalarini mustahkamlab, yurtimizning yanada obod va fayzli bo‘lishiga xizmat qiladi.
Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati