Bismillahir Rohmanir Rohiym
Sidq va uning ulug‘ligi haqida mashoyix ko‘pgina qimmatli so‘zlar aytgan ekanlar, ulardan ba’zilarini keltirib o‘tamiz.
1. Shaqiqi Balxiy quddisa sirruhu shunday deydilar:
“Sodiq muridning holi xurmo ekib, meva o‘rniga tikan o‘sib qolmasaydi, deb xavotirda yurgan odamga o‘xshaydi. Yolg‘onchi muridning holi esa, tikanli buta ekib, xurmo berishini kutayotgan odamga o‘xshaydi”.
2. Abul Fath al-Mosuliy quddisa sirruhudan sidq haqida so‘raganlarida, qo‘llarini temirchining o‘chog‘iga suqib, undan lovullagan temir bo‘lagini oldilar, so‘ng kaftlariga qo‘ydilarda: “Sidq mana budir!” dedilar.
3. Shuningdek, aytilibdi: “Sodiq, o‘zini o‘limga hozirlagan kishidir, u mabodo biror bir siri ochilib qolguday bo‘lsa ham, hijolatda qolmasligiga ishonadi”. Chunonchi Alloh bu haqda marhamat etibdi:
“Agar (da’volaringizda) rostgo‘y bo‘lsangizlar o‘limni orzu qilinglar-chi?!” (Juma surasi, 6-oyat).
Agar banda o‘z o‘limiga tayyorgarligida xolis, samimiy bo‘lsa, ajalning qay vaqtda kelishi uni xavotirga solmaydi, chunki Alloh oldida uni xijolatga qoldiradigan hech bir narsa yo‘qligiga ishonadi.
4. Zunnuni Misriy quddisa sirruhu aytadilar:
“Sidq – Allohning qilichi, nimada sinab ko‘rilmasin, hammasini kesadi”.
5. Shuningdek, bir olim:
“Kim doimiy bajarilishga buyurilgan zimmasidagi farzini ado etmas ekan, bajarilishi ma’lum vaqtlarda belgilangan, farz ibodatlarini ham Alloh qabul qilmaydi”, deb aytganida, O‘sha olimdan:
“Doimiy farz” o‘zi nima, deb so‘rabdilar. U olim: “To‘g‘rilik”, deb javob beribdi.
6. Boshqa bir solih shunday degan ekan:
“Yolg‘onchining alomati, uni undan talab qilmasalarda hadeb bo‘lar-bo‘lmasga qasam ichaverishidir”.
7. Shuningdek, aytilibdi:
“Xushomadchi odam sidqni, rostlikni hidini ham totmaydi. U xoh o‘ziga xushomad qilsin, xoh o‘zgaga, buni aslo farqi yuq”.
Allohning Qur’oni karimdagi: “Ey iymon keltirganlar, Allohga taqvo qilinglar va sodiqlar ila birga bo‘linglar!” degan so‘zini (Tavba surasi, 119-oyat) quyidagicha sharhlagan ekanlar: “Ey Allohga imon keltirgan ahli kitoblar, bu dunyoda sodiq bo‘lgan musulmonlar bilan birga bo‘lingiz, yoxud imoningizni haq va to‘g‘ri bo‘lgan, Islom dini bilan isloh qilishga erishsangiz, ertaga jannatda ham haqiqiy, rostgo‘y, siddiqlar bilan birga bo‘lasiz”.
Ilohiyot olimlari shunday degan ekanlar:
“Sidq – to‘g‘rilik bu tariqatdagi hol maqomining eng oliy darajasidir. Bu degani shuki, insonning ichki olamidagi kayfiyati va tashqi ko‘rinishdagi kayfiyati xoh odamlar ichida bo‘lsin, xoh tanholik holida bo‘lsin, umuman bir-biridan farq qilmasligi lozim. Bu juda ham nodir va kamdan kam uchraydigan holdir”.
Sidq – to‘g‘rilik xuddi odamning so‘zida bo‘lgani kabi uning ruhiy va ma’naviy holida ham bo‘ladi. Sidqning mana shu ko‘rinishi uning eng mukammal shaklidir.
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.
O‘zbekiston va YUNЕSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibiyati vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Mamlakatimizning YUNЕSKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi ko‘magida tashkil etilgan muloqotda mahalla bilan bog‘liq madaniy an’ana va urf-odatlar, ularni xalqaro darajada targ‘ib qilish istiqbollari muhokama qilindi.
YUNЕSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibi Fumiko Oxinata va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi uchun mas’ul dastur mutaxassisi Nikolas Tan mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.
O‘zbekiston tomonidan Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda YUNЕSKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi vakillari mahallaning ko‘p asrlik tarixi, uning jamiyat hayotidagi alohida o‘rni va milliy an’analarni saqlashdagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Uchrashuvda mahalla O‘zbekiston xalqi turmush tarzining ajralmas qismi ekani ta’kidlandi. U insonlarni yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro yordam, hamjihatlik va katta avlod vakillariga hurmat tamoyillari asosida birlashtiradi.
YUNЕSKO Kotibiyati vakillari taqdim etilgan materiallarga katta qiziqish bildirdi. Ular O‘zbekistonda mahalla bilan bog‘liq shakllangan jamoat hayoti tartibining o‘ziga xos xususiyatlarini e’tirof etdi.
Suhbat davomida O‘zbekistonning nomoddiy madaniy merosni targ‘ib qilishdagi roli alohida qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan, o‘zbek mahalla tizimi tajribasi YUNЕSKO Kotibiyati mutaxassislarida katta qiziqish uyg‘otdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati