Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Avgust, 2026   |   22 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:50
Quyosh
05:18
Peshin
12:34
Asr
17:29
Shom
19:40
Xufton
21:10
Bismillah
05 Avgust, 2026, 22 Safar, 1448

Rostgo‘ylik – Allohning qilichi

06.05.2026   12098   3 min.
Rostgo‘ylik – Allohning qilichi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Sidq va uning ulug‘ligi haqida mashoyix ko‘pgina qimmatli so‘zlar aytgan ekanlar, ulardan ba’zilarini keltirib o‘tamiz.


1. Shaqiqi Balxiy quddisa sirruhu shunday deydilar:

“Sodiq muridning holi xurmo ekib, meva o‘rniga tikan  o‘sib qolmasaydi, deb xavotirda yurgan odamga o‘xshaydi. Yolg‘onchi muridning holi esa, tikanli buta ekib, xurmo berishini kutayotgan odamga o‘xshaydi”.


2. Abul Fath al-Mosuliy quddisa sirruhudan sidq haqida so‘raganlarida, qo‘llarini temirchining o‘chog‘iga suqib, undan lovullagan temir bo‘lagini oldilar, so‘ng kaftlariga qo‘ydilarda: “Sidq mana budir!” dedilar.


3. Shuningdek, aytilibdi: “Sodiq, o‘zini o‘limga hozirlagan kishidir, u mabodo biror bir siri ochilib qolguday bo‘lsa ham, hijolatda qolmasligiga ishonadi”. Chunonchi  Alloh bu haqda marhamat etibdi:

“Agar (da’volaringizda) rostgo‘y bo‘lsangizlar o‘limni orzu qilinglar-chi?!” (Juma surasi, 6-oyat).

Agar banda o‘z o‘limiga tayyorgarligida xolis, samimiy bo‘lsa, ajalning qay vaqtda kelishi uni xavotirga solmaydi, chunki Alloh oldida uni xijolatga qoldiradigan hech bir narsa yo‘qligiga ishonadi.       


4. Zunnuni Misriy quddisa sirruhu aytadilar:

“Sidq – Allohning qilichi, nimada sinab ko‘rilmasin, hammasini kesadi”.
 

5. Shuningdek, bir olim:

“Kim doimiy bajarilishga buyurilgan zimmasidagi farzini ado etmas ekan, bajarilishi ma’lum vaqtlarda belgilangan, farz ibodatlarini ham Alloh qabul qilmaydi”, deb aytganida, O‘sha olimdan:

“Doimiy farz” o‘zi nima, deb so‘rabdilar. U olim: “To‘g‘rilik”, deb javob beribdi.


 6. Boshqa bir solih shunday degan ekan:

“Yolg‘onchining alomati, uni undan talab qilmasalarda hadeb bo‘lar-bo‘lmasga qasam ichaverishidir”.


7. Shuningdek, aytilibdi:

“Xushomadchi odam sidqni, rostlikni hidini ham totmaydi. U xoh o‘ziga xushomad qilsin, xoh o‘zgaga, buni aslo farqi yuq”.

Allohning Qur’oni karimdagi: “Ey iymon keltirganlar, Allohga taqvo qilinglar va sodiqlar ila birga bo‘linglar!” degan so‘zini (Tavba surasi, 119-oyat) quyidagicha sharhlagan ekanlar: “Ey Allohga imon keltirgan ahli kitoblar, bu dunyoda sodiq bo‘lgan musulmonlar bilan birga bo‘lingiz, yoxud imoningizni haq va  to‘g‘ri bo‘lgan, Islom dini bilan isloh qilishga erishsangiz, ertaga jannatda ham haqiqiy, rostgo‘y, siddiqlar bilan birga bo‘lasiz”.

Ilohiyot olimlari shunday degan ekanlar:

“Sidq – to‘g‘rilik bu tariqatdagi hol maqomining eng oliy darajasidir. Bu degani shuki, insonning ichki olamidagi kayfiyati va tashqi ko‘rinishdagi kayfiyati xoh odamlar ichida bo‘lsin, xoh tanholik holida bo‘lsin, umuman bir-biridan farq qilmasligi lozim. Bu juda ham nodir va kamdan kam uchraydigan holdir”.

Sidq – to‘g‘rilik xuddi odamning so‘zida bo‘lgani kabi uning ruhiy va ma’naviy holida ham bo‘ladi. Sidqning mana shu ko‘rinishi uning eng mukammal shaklidir.


“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Kyiv Diplomatic”: Qadimiy Buxoro shahri yangi renessans va madaniy tiklanish bosqichini boshdan kechirmoqda

05.08.2026   2942   1 min.
“Kyiv Diplomatic”: Qadimiy Buxoro shahri yangi renessans va madaniy tiklanish bosqichini boshdan kechirmoqda

Ukrainaning “Kyiv Diplomatic” jurnali veb-saytida qadimiy Buxoro shahrining zamonaviy madaniy va sayyohlik rivojlanishiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Jurnal yozishicha, AQSHning "The New York Times" nufuzli gazetasi O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridan biri - Buxoroga bag‘ishlangan maqola chop etgan. Gazetada Buxoro ming yildan ziyod vaqt davomida Sharq va G‘arbni bog‘lagan Buyuk ipak yo‘lining eng muhim markazlaridan biri bo‘lgani ta’kidlangan.

Jumladan, Ark qal’asi, maqbaralar, madrasalar va moviy gumbazli masjidlardan iborat boy me’moriy merosga alohida e’tibor qaratilib, ularning ko‘pchiligi YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgani qayd etilgan.

Jurnalda ta’kidlanishicha, bugungi kunda Buxoro xalqaro madaniy markaz sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlamoqda. O‘tgan yili ushbu shaharda o‘tkazilgan zamonaviy san’at biyennalesi, infratuzilmaning rivojlanishi, yangi mehmonxona va restoranlarning ochilishi xorijiy sayyohlar oqimining ortishiga xizmat qilmoqda.

“Kyiv Diplomatic” nashri mintaqaning boy gastronomiyasi, xususan, mashhur Buxoro oshi (osh sofi) va azaliy an’analarni o‘zida mujassam etgan hunarmandchilik mahsulotlari — so‘zana, sopol buyumlar va qo‘l mehnati bilan tayyorlangan qaychilarni alohida e’tirof etgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari