Bismillahir Rohmanir Rohiym
Oisha roziyallohu anho aytadilar: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam yegan oxirgi taomlari piyoz bo‘lgan” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Nabiy alayhissalom vafotlaridan avval bir necha kun bemor bo‘lib, Oisha roziyallohu anhoning uylarida yotganlar. Ushbu holatda piyoz iste’mol qilishlari uning shifobaxsh xususiyatga ega ekanini ko‘rsatadi. Boshqa hadislarda piyoz va sarimsoqning noxush hidi kelmasligi uchun masjidlarga borishdan avval uni xom holatda iste’mol qilishdan qaytarilgan.
Piyoz rangni chiroyli qiladi, balg‘amni kesadi va oshqozon faoliyatini yaxshilaydi. Uni me’yordan ortiq iste’mol qilish xotirani susaytiradi, aqlni zaiflashtiradi va og‘izdan yomon hid kelib, farishtalarga aziyat yetishiga sabab bo‘ladi.
"Islomda salomatlik" kitobidan
Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘li
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bizga rizq beruvchi Zot Allohdir, lekin U rizqni to‘g‘ridan to‘g‘ri og‘zimizga yoki quchog‘imizga tashlab qo‘ymaydi. Bizning vazifamiz — harakat qilish, Allohning ishi esa — muvaffaq qilish (tavfiq berish)dir.
«Uning (yerning) turli joylarida yuringlar va Uning rizqidan yenglar» (Mulk surasi, 15-oyat).
Hatto surunkali va og‘ir dardga chalingan Ayyub alayhissalomga ham Rabbisi shunday degan edi:
«Oyog‘ing bilan (yerni) tep! Mana bu cho‘miladigan muzdek suv va ichimlikdir» (Sod surasi, 42-oyat).
Hatto to‘lg‘oq azobida turgan Bibi Maryamga ham Alloh taolo:
«Xurmo shoxini o‘zingga qarab silkit, u senga yangi pishgan xurmolarni to‘kadi», — dedi (Maryam surasi, 25-oyat).
Pok va Muqaddas Zot xurmoni uning quchog‘iga shunchaki tashlab qo‘ymadi. Balki eng qiyin lahzada — to‘lg‘oq azobida bo‘lishiga qaramay, unga:
«Xurmo shoxini o‘zingga qarab silkit», — deb buyurdi.
Demak, harakat qilish va intilish — matlubdir.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV