Bismillahir Rohmanir Rohiym
Dunyoda hech narsa abadiy emas,
Sizga yetgan zarar-da ko‘p qololmas.
Hayotingizga yaxshilik umidi bilan boqing. Chunki hayot Allohning sizga bergan hadyasi, ushbu ulug‘ hadyani xursandchilik ila qabul qiling. Porloq tongni go‘zal tabassumi, tunni sokinligi, kunduzni buyukligi va ziyosi bilan qarshi oling. Toza suvdan shukr qilib foydalaning, havodan surur ila nafas oling, gulni tasbeh aytib hidlang va koinot haqida tafakkur qiling.
Atrofingizdagi go‘zallikni gullar bog‘lamida, atirgulning chiroyi, shabada esishi, bog‘larning xushbo‘y isi, quyoshning iliqligi va to‘lin oyning ziyosidan topa oling. Ushbu ne’mat va tortiqlarni Allohga ibodat etishda o‘zingizga quvvat zahirasi qiling, U Zotga shukr qilib, hamdu sano ayting.
Sizni tushkunlikning qo‘rqinchli tushlari va g‘am-tashvish qo‘shinlari ushbu ne’matlarni ko‘rishdan to‘sib qolishi, so‘ngra siz ne’matlarni inkor etadigan bo‘lib qolishingizdan saqlaning. Shuni bilingki, bandalarga rizq beruvchi Zot ushbu ne’matlarni Uning toatiga quvvat olishga sarflash uchun yaratgan. U zot aytadi:
﴿يَا أَيُّهَا الرُّسُلُ كُلُوا مِنَ الطَّيِّبَاتِ وَاعْمَلُوا صَالِحًا إِنِّي بِمَا تَعْمَلُونَ عَلِيمٌ﴾
“Ey Payg‘ambarlar! Pok narsalardan yenglar va solih amallar qilinglar. Albatta, Men nima amal qilayotganingizni o‘ta bilguvchiman” (Mo‘minun surasi, 51-oyat).
Shu’la: Saxiylikning eng pok va eng afzali hech narsaga ega bo‘lmagan, lekin tabbasum va shirin so‘zning qadriga boradiganlarda bo‘ladi. Qanchadan-qancha qancha insonlar infoq-ehson qilishadi, lekin ularning qilgan yaxshiliklari xuddi yuzga urgandek bo‘ladi.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan
Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi «Zomin» jome masjidida diniy soha xodimlari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan tashkiliy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Sirdaryo viloyati vakilligi rahbariyati, tuman va shahar bosh imom-xatiblari, hudud masjidlari imomlari, otinoyilar, «Haj» ziyoratchilari hamda MFY raislari qatnashdi.
Uchrashuvda yurt tinchligini asrash, yosh avlodni milliy va diniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash hamda noxush holatlarning oldini olish kabi muhim masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, tadbir doirasida amaliy sa’y-harakatlar ham olib borildi:
Imom-xatiblar va otinoyilar mahallalardagi ehtiyojmand va ko‘makka muhtoj oilalar xonadonlariga tashrif buyurdilar.
Jarayonda jami 112 ta xonadon (imom-xatiblar tomonidan 83 ta, otinoyilar tomonidan 29 ta oila) holidan xabar olinib, ularning muammo va takliflari o‘rganildi.
Fuqarolarga ma’naviy-ma’rifiy dalda berilib, zarur amaliy yordamlar ko‘rsatildi.
O‘MI Sirdaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati