Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Sentabr, 2026   |   3 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:42
Quyosh
06:02
Peshin
12:19
Asr
16:44
Shom
18:39
Xufton
19:54
Bismillah
14 Sentabr, 2026, 3 Rabi`us soni, 1448

Hayz ko‘rgan ayol Qur’on tilovat qilishi mumkinmi?

07.05.2026   17547   1 min.
Hayz ko‘rgan ayol Qur’on tilovat qilishi mumkinmi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Qur’onni yoddan o‘qish tahorati yo‘q kishi (muhdis) uchun joiz, ammo junub, nifos va hayz ko‘rgan ayollar uchun taqiqlangandir.

Buning sababi (hikmati) quyidagicha: Arab qavmi, Alloh taolo: U (Alloh) ummiylar ichiga o‘zlaridan bo‘lgan Rasulni yuborgan Zotdir... (Juma surasi, 2-oyat) deb sifatlaganidek va Payg‘ambarimiz alayhissalom: Biz ummiy ummatmiz; na hisobni va na yozishni bilamiz, deb aytganlaridek, asosan xat-savodsiz bo‘lishgan. Ulardan Islomga kirganlar Qur’onni faqat eshitish (talqin) orqali qabul qilishar,  qalblarida yodlab qolishar edi.

Qur’onni yodda saqlab qolish maqsadida uni ko‘p takrorlashga ehtiyoj sezardilar. Agar ularga Qur’on o‘qigan har bir holatlarida pok (tahoratli) bo‘lish majburiyati yuklanganda, bu ularga qiyinchilik tug‘dirgan bo‘lardi. Ularning ichida Mus'hafdan o‘qiydiganlari kam edi, shuning uchun Mus'hafni ushlash va undan o‘qish vaqtida tahoratli bo‘lish sharti ularga og‘irlik qilmasdi.

Shu ma’noga ko‘ra, tahoratsiz kishiga qiroat qilish joizligi va junub kishiga mumkin emasligi o‘rtasidagi hukm ajratildi. Chunki junublik holati tahoratsizlik (kichik betahoratlik) kabi doimiy va tez-tez sodir bo‘lmaydi.

Tahoratsiz kishiga Qur’on o‘qish uchun tahoratni vojib qilishda mashaqqat bor, ammo junublikdan g‘usl qilishni vojib qilishda mashaqqat yo‘q. Vallohu a’lam (Alloh biluvchiroqdir).

Qaffol Shoshiy. “Mahosin ash-shari’a”.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Turkiy davlatlar muftiylari 10 ga yaqin muhim bayonot va fatvolarni imzoladilar

14.09.2026   258   1 min.
Turkiy davlatlar muftiylari 10 ga yaqin muhim bayonot va fatvolarni imzoladilar

Xabar berganimizdek, Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston muftiylari muhim yo‘nalishlarda 3 ta bayonot va zamonaviy masalalarga oid 6 ta yirik fatvoni imzolashdi.

Jumladan, «Islomning ilm-fan va texnologiyaga yondashuvi» mavzusidagi bayonotda Islom dinida insoniyat farovonligiga xizmat qiluvchi barcha ilmiy va texnologik yutuqlar qo‘llab-quvvatlanishi bilan birga, ular yuksak axloqiy mezonlar, adolat va mas’uliyat tamoyillari asosida rivojlanishi shartligi ta’kidlandi.

«Musulmonligi ma’lum bo‘lgan shaxsni kofirga chiqarishning hukmi» to‘g‘risidagi bayonotda Islom ta’limotiga ko‘ra, kalimai shahodat keltirib, qibla ahlidan bo‘lgan har qanday shaxs musulmon hisoblanishi hamda qilgan gunohi yoki amaldagi nuqsoni tufayli uni kufrda ayblash (takfir qilish) qat’iyan man etilishi aytildi. Shuningdek, Turkiy davlatlar ulamolari ushbu bayonotda jamiyatda fitna, qon to‘kilishi va nizolarga sabab bo‘luvchi takfirchilik oqimlariga qarshi ilmiy-ma’rifiy kurashni kuchaytirish, ummat birdamligini mustahkamlash zarurligiga e’tibor qaratishdi.

«Oila qurishga targ‘ib qilish, uni muhofaza qilish va mustahkamlashga doir umumiy mas’uliyat» bayonotida Islom ta’limotiga ko‘ra, oila nikoh asosiga quriladigan, sog‘lom avlod va jamiyat davomiyligini ta’minlovchi, insonga ruhiy xotirjamlik hamda axloqiy tarbiya beruvchi muqaddas muassasa ekaniga urg‘u qaratildi. Muftiylar oila institutini himoya qilish, yoshlarni oilaga tayyorlash va milliy-ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlashda birdamlikka chaqirdilar.

Shuningdek, muftiylar tomonidan «Bitta qabrga birdan ortiq mayyitni dafn etishning hukmi», «Ijaraga berilgan dehqonchilik yerlarining ushri», «Fatvo so‘rash va fatvo berishda sun’iy idrokdan foydalanish masalasi», «Juma namozi durust bo‘lishining shartlari», hijriy oy boshlanishini aniqlash mezonlari va takfir masalasiga doir 6 ta fatvo matni imzolandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari