Bismillahir Rohmanir Rohiym
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollollohu alayhi vasallam: “Aksa urish Alloh taolodan, esnash esa shaytondandir. Shuning uchun qachon birortangiz esnasa, qo‘lini og‘ziga qo‘ysin. Agar (esnagan paytda): “ooh, ooh” desa, shayton uning ichida kuladi. Alloh taolo aksa urishni yaxshi ko‘radi, esnashni yomon ko‘radi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
1. Aksirganda qo‘li yo kiyimini og‘ziga qo‘yish.
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sllallohu alayhi vasallam aksirganlarida qo‘llarini yoki kiyimlarini og‘zilariga qo‘yardilar va u bilan ovozlarini pasaytirardilar” (Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
Ushbu sunnatga amal qilish tufayli aksirgan paytda yonidagi kishilarga aziyat berishdan saqlangan bo‘ladi.
2. Aksirganda ovozini pasaytirish.
Aksirishda juda baland ovoz chiqarish odobsizlikdir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan biringiz aksirsa, ikki kaftini og‘ziga qo‘ysin va ovozini pasaytirsin”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
3. Aksirgandan keyin Allohga hamd aytish.
Aksirgandan keyin Allohga hamd aytish. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan biringiz aksirsa “alhamdulillah” (Allohga hamd bo‘lsin), deb aytsin. Uning birodari esa, unga “yarhamukalloh” (Alloh senga rahm qilsin), desin. Birodari unga “yarhamukalloh”, deb aytsa, u “yahdiykumullohu va yuslihu balakum (Alloh sizlarni hidoyat qilsin va ishlaringizni isloh qilsin), deb aytsin”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
4. Aksirib Allohga hamd aytgan kishiga “tashmit” aytish. Musulmon kishining haqlaridan biri aksirganda unga tashmit aytish hisolanadi. Aksirgandan so‘ng Allohga hamd aytgan kishiga “Yarhamukalloh”, deb aytishdir.Tashmit aytish uchun, aksirgan odam Allohga hamd aytishi kerak bo‘ladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan biringiz aksirsa “alhamdulillah” (Allohga hamd bo‘lsin), deb aytsin. Uning birodari esa, unga “yarhamukalloh” (Alloh senga rahm qilsin), desin. Birodari unga “yarhamukalloh”, deb aytsa, u “yahdiykumullohu va yuslihu balakum” (Alloh sizlarni hidoyat qilsin va ishlaringizni isloh qilsin), deb aytsin”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV