Makkai mukarrama shahriga yetib kelgan ziyoratchilarning dastlabki guruhlari “Haj–2026” ishchi guruhi rahbari – Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, Diniy idora raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, “Haj” va “Umra” ishlari bo‘yicha attashe Shuhrat Amoniy hamda boshqa mutasaddilar tomonidan samimiy va yuksak ehtirom bilan kutib olindi.
Hamyurtlarimiz muhtasham “Al-Ayam Elite” mehmonxonasida iliq muhitda qarshi olinib, zamzam suvi, xurmo, shirinliklar, gullar hamda esdalik sovg‘alari bilan xushnud etildi.
Bunday yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan ziyoratchilarimiz Alloh taologa shukronalar aytib, mazkur mehr-e’tiborni nafaqat yurtimizda, balki muqaddas Makka zaminida ham his etayotganlarini ta’kidladilar.
Shuningdek, mehmonxonaga joylashgan ziyoratchilar mohir oshpazlar tomonidan tayyorlangan lazzatli taomlardan bahramand bo‘ldilar.
Shundan so‘ng tamattu hajini niyat qilgan ziyoratchilarimiz umra amallarini ado etishga kirishdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Jizzax shahridagi “Yakkasaroy” tantanalar majmuasida ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, ehtiyojmand oilalar farzandlariga mehr-e’tibor ko‘rsatish maqsadida ularning xatna to‘yi o‘tkazildi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Jizzax viloyatidagi vakilligi hamda viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan xayriya tadbirida 2 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan 35 nafar bolajonlarga xursandchilik ulashildi.
Bolalarga bayram munosabati bilan velosiped, kostyum-shim, ko‘ylak, oyoq kiyimlari hamda yana boshqa turli xil sovg‘a-salomlar taqdim etildi.
Bolalarning yaqinlari va jamoatchilik vakillari uchun bayram dasturxoni yozildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Jizzax viloyati matbuot xizmati