Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Sentabr, 2026   |   3 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:42
Quyosh
06:02
Peshin
12:19
Asr
16:44
Shom
18:39
Xufton
19:54
Bismillah
14 Sentabr, 2026, 3 Rabi`us soni, 1448

Abu Lahab nega iymon keltira olmadi?

07.05.2026   15428   2 min.
Abu Lahab nega iymon keltira olmadi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

﴿تَبَّتْ يَدَا أَبِي لَهَبٍ وَتَبَّ مَا أَغْنَى عَنْهُ مَالُهُ وَمَا كَسَبَ سَيَصْلَى نَارًا ذَاتَ لَهَبٍ وَامْرَأَتُهُ حَمَّالَةَ الْحَطَبِ فِي جِيدِهَا حَبْلٌ مِنْ مَسَدٍ﴾

“Abu Lahabning ikki qo‘li halok bo‘lsin, halok! Unga moli va kasb qilgan narsalari foyda bermadi. U tezda cho‘g‘i qizib turgan olovga kiradir. Va uning o‘tin ko‘targan xotini ham. Uning bo‘ynida eshilgan arqon” (Masad surasi).

Ushbu sura Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amakilari Abu Lahab haqida nozil bo‘lgan. U Allohga iymon keltirmagan, Islom diniga dushmanlardan edi. Ushbu sura Abu Lahabning tiriklik vaqtida nozil bo‘lgan. O‘sha paytda Makkada boshqa kofirlar ham ko‘p edi. Boshqalar hidoyat topib musulmon bo‘ldilar. Abu Lahab ham ular kabi iymon keltirishi mumkin edi. Lekin agar u iymon keltirganida haqiqat yuzaga chiqmasdi.

Nega? Chunki Alloh taolo uning kofir bo‘lib o‘lishini, jahannamga kirishini e’lon qilib bo‘ldi. Agar u yolg‘ondan “iymon keltirdim” deb aytib qo‘yganida ham musulmonlarni mot qilgan bo‘lardi. Biroq ilohiy amr bunga to‘sqinlik qildi. U hatto yolg‘ondan bo‘lsa ham iymon kalimasini ayta olmadi. Chunki Abu Lahabning ixtiyori mutloq, haqiqiy ma’noda erkin emas edi, xuddi boshqalarniki kabi.

Xo‘sh, Abu Lahab odamlarni to‘plab: “Muhammad o‘zicha payg‘ambarman deyapti. Unga osmondan vahiy kelayotgan emish, aytishicha men kofir bo‘lar ekanman. Lekin hammangizning oldingizda men shahodat kalimasini aytaman va uni mot qilaman” deganida nima bo‘lardi?

Lekin unday bo‘lmadi. Unday qilish Abu Lahabning hatto xayoliga ham kelmadi. Bu Allohning irodasi, hukmi har narsadan ustun ekanligiga ochiq-oydin dalil emasmi?! Islomning eng katta dushmaniga dinni sharmanda qilish imkoniyati berildi axir! Xohlaganida sharmanda qilishi mumkin edi. Ammo, Alloh uning xohlashini ham istamadi.

Shayx Muhammad Mutavalli Sha’roviy rahimahullohning
"Allohning borligiga aqliy dalillar" kitobidan

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“The Jordan Times”: Toshkentda islom sivilizatsiyasi va yangi kashfiyotlarga bag‘ishlangan xalqaro media forumi o‘tkaziladi

24.08.2026   46641   1 min.
“The Jordan Times”: Toshkentda islom sivilizatsiyasi va yangi kashfiyotlarga bag‘ishlangan xalqaro media forumi o‘tkaziladi

Iordaniyaning  nufuzli “The Jordan Times” nashrida 24–29 avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro media forumi haqida maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Maqolada yozilishicha, tadbirning asosiy qismi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari, yetakchi ekspertlar va media sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.

O‘zbekistonning Iordaniyadagi elchixonasining ma’lum qilishicha, ushbu forum dasturidan yalpi majlislar, media ko‘rgazmalar, matbuot brifinglari va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘rin olgan. Uchrashuvlarda hujjatli kino va tarixiy xotira, nashriyot loyihalari va zamonaviy texnologiyalar, xalqaro media loyihalarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari, o‘zbekistonlik talabalar uchun jahon media sanoatining yetakchi vakillari ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi. Ishtirokchilar zamonaviy jurnalistika, media ishlab chiqarish va xalqaro axborot makonida samarali hamkorlik qilish bo‘yicha tajriba almashadi.

Nashrda qayd etilishicha, forum ishtirokchilari 27 avgust kuni Samarqandga sayohat qilishadi. Safar doirasida mehmonlar Imom al-Buxoriy majmuasiga tashrif buyurib, shaharning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadi. Shuningdek, Toshkentda xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari uchun maxsus mediatur o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Forum 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va rasmiy yopilish marosimi bilan yakunlanadi. Mehmonlar O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ham ishtirok etadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari