Bismillahir Rohmanir Rohiym
﴿تَبَّتْ يَدَا أَبِي لَهَبٍ وَتَبَّ مَا أَغْنَى عَنْهُ مَالُهُ وَمَا كَسَبَ سَيَصْلَى نَارًا ذَاتَ لَهَبٍ وَامْرَأَتُهُ حَمَّالَةَ الْحَطَبِ فِي جِيدِهَا حَبْلٌ مِنْ مَسَدٍ﴾
“Abu Lahabning ikki qo‘li halok bo‘lsin, halok! Unga moli va kasb qilgan narsalari foyda bermadi. U tezda cho‘g‘i qizib turgan olovga kiradir. Va uning o‘tin ko‘targan xotini ham. Uning bo‘ynida eshilgan arqon” (Masad surasi).
Ushbu sura Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amakilari Abu Lahab haqida nozil bo‘lgan. U Allohga iymon keltirmagan, Islom diniga dushmanlardan edi. Ushbu sura Abu Lahabning tiriklik vaqtida nozil bo‘lgan. O‘sha paytda Makkada boshqa kofirlar ham ko‘p edi. Boshqalar hidoyat topib musulmon bo‘ldilar. Abu Lahab ham ular kabi iymon keltirishi mumkin edi. Lekin agar u iymon keltirganida haqiqat yuzaga chiqmasdi.
Xo‘sh, Abu Lahab odamlarni to‘plab: “Muhammad o‘zicha payg‘ambarman deyapti. Unga osmondan vahiy kelayotgan emish, aytishicha men kofir bo‘lar ekanman. Lekin hammangizning oldingizda men shahodat kalimasini aytaman va uni mot qilaman” deganida nima bo‘lardi?
Lekin unday bo‘lmadi. Unday qilish Abu Lahabning hatto xayoliga ham kelmadi. Bu Allohning irodasi, hukmi har narsadan ustun ekanligiga ochiq-oydin dalil emasmi?! Islomning eng katta dushmaniga dinni sharmanda qilish imkoniyati berildi axir! Xohlaganida sharmanda qilishi mumkin edi. Ammo, Alloh uning xohlashini ham istamadi.
Shayx Muhammad Mutavalli Sha’roviy rahimahullohning
"Allohning borligiga aqliy dalillar" kitobidan
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan aholi bilan yo‘lga qo‘yilgan ochiq va samimiy muloqot tizimi fuqarolarning murojaatlarini atroflicha o‘rganish hamda ularga tezkor yechim topishda muhim omil bo‘lmoqda.
12 avgust kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning arz, taklif va murojaatlarini tingladilar. Yuzma-yuz suhbat jarayonida masjidlar holati va faoliyati, imom-xatiblar ishi, Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etish, oilaviy munosabatlarni tartibga solish hamda moddiy yordam ko‘rsatishga oid ko‘plab masalalar chuqur tahlil qilinib, ularning aksariyati joyida ijobiy hal etildi.
Eslatib o‘tamiz, bu kabi qabullar va fuqarolar bilan muloqot tadbirlari Diniy idoraning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarda har haftaning chorshanba kuni imom-xatiblar tomonidan o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati