Bismillahir Rohmanir Rohiym
Hazrati Umar ibn Xattob roziyallohu anhuga bir kishining ko‘p xamr (may) ichayotgani haqida xabar yetdi. Shunda u zot u kishini sharmanda qilmadilar, nomini oshkor qilmadilar va la’natlamadilar ham...
Balki unga qisqa, ammo ma’nosi ulkan bir maktub yozdilar:
«Men seni Undan o‘zga iloh bo‘lmagan Allohga hamd aytishga chaqiraman. U gunohni mag‘firat qiluvchi, tavbani qabul etuvchi, azobi qattiq va ehsoni keng Zotdir. Undan o‘zga iloh yo‘q va qaytish Uning huzurigadir».
Haligi kishi maktubni qayta-qayta o‘qir ekan, tinmay yig‘ladi, qalbi larzaga keldi, gunohining naqadar og‘irligini angladi va Allohga chin dildan tavba qildi.
Bu xabar Hazrati Umarga yetganda, atrofidagilarga dedilar:
«Agar bir birodaringizni toyilganini ko‘rsangiz, mana shunday yo‘l tutinglar. Uni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llanglar, Alloh taologa tavba qilishini so‘rab duo qilinglar va unga qarshi shaytonga yordamchi bo‘lmanglar».
Xulosa shuki... Din insonlarni sharmanda qilish yoki yiqilganlarning sonini ko‘paytirish uchun kelmagan. Balki din — qalbi siniqlarni tiklash, qaytish eshigini ochish va gunohkorni yanada pastga urish uchun emas, balki uni qutqarish uchun qo‘lidan tutish uchun kelgandir.
Qanchadan-qancha qattiq so‘zlar borki, tavba eshigini yopib qo‘ygan va qanchadan-qancha rahm-shafqat bilan aytilgan so‘zlar borki, bir qalbning hidoyatiga sabab bo‘lgan...Alloh taolo: «Odamlarga yaxshi gaplar ayting» degan (Baqara surasi, 83-oyat).
Zero, birgina shirin so‘z bir insonni qutqarib qolishi va birgina yomon so‘z esa yangi bir shaytonni paydo qilishi mumkin.
Yo Allohim! Bizni yaxshilik eshigining kalitlari, yomonlik eshigining qulflari qilgin... Bandalaringga qarshi bizni shaytonga yordamchi qilib qo‘ymagin.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV
Sayyor yig‘ilish
Bir kishiga ko‘maklashsangiz, u qanchalik shod bo‘ladi.
Endi bir emas, o‘n emas, yuzdan ziyod oilaga ham ma’naviy, ham ma’rifiy, ham moddiy ko‘mak berilsa, qancha kishining ko‘ngli ko‘tarilishini, sizni alqashini tasavvur qilib ko‘ring-a.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida poytaxtimizning Yangi hayot tumanidagi «Niyozmat ota» jome masjidida ma’naviy-ma’rifiy sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari Ergashali domla Rustamov, Toshkent shahar tumanlari bosh imomlari, imom-domlalar, «Haj 2026» ishtirokchilari qatnashdilar.
Tumandagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish maqsadida mahallalarga tashrif buyurildi. Adashib aqidasi buzuq turli oqimlar ta’siriga tushib qolgan shaxslar, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan ham suhbatlar olib borildi.
Katta hayot tajribasiga ega hoji otalar, hoji onalar imom-xatiblar, otinoyilar bilan birgalikda olib borgan ma’rifiy targ‘ibotlari o‘z samarasini berdi: yuzdan ziyod xonadonga ham ma’naviy, ham moddiy yordam ko‘rsatildi.
* * *
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov Yangi hayot tumanidagi mahallalarga tashrif buyurib, u yerdagi bir qancha xonadonlarga kirib, xonadon egalarining qalblariga xursandchilik ulashdilar.
Quvonarlisi, yangi o‘quv yili arafasida homiylarni jalb qilgan holda 30 ta haqdor xonadon sohiblari farzandlariga sumka, o‘quv qurollari hadya etildi.
Yuzdan ziyod xonadon egalarining ko‘ngli ko‘tarilib, ular ezgu ishlarning boshida turgan barcha aziz insonlarning haqlariga xayrli duolar qilishdi.
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati