Bizga rizq beruvchi Zot Allohdir, lekin U rizqni to‘g‘ridan to‘g‘ri og‘zimizga yoki quchog‘imizga tashlab qo‘ymaydi. Bizning vazifamiz — harakat qilish, Allohning ishi esa — muvaffaq qilish (tavfiq berish)dir.
«Uning (yerning) turli joylarida yuringlar va Uning rizqidan yenglar» (Mulk surasi, 15-oyat).
Hatto surunkali va og‘ir dardga chalingan Ayyub alayhissalomga ham Rabbisi shunday degan edi:
«Oyog‘ing bilan (yerni) tep! Mana bu cho‘miladigan muzdek suv va ichimlikdir» (Sod surasi, 42-oyat).
Hatto to‘lg‘oq azobida turgan Bibi Maryamga ham Alloh taolo:
«Xurmo shoxini o‘zingga qarab silkit, u senga yangi pishgan xurmolarni to‘kadi», — dedi (Maryam surasi, 25-oyat).
Pok va Muqaddas Zot xurmoni uning quchog‘iga shunchaki tashlab qo‘ymadi. Balki eng qiyin lahzada — to‘lg‘oq azobida bo‘lishiga qaramay, unga:
«Xurmo shoxini o‘zingga qarab silkit», — deb buyurdi.
Demak, harakat qilish va intilish — matlubdir.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan “Do‘stlik” festivali yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Tadbirda Qo‘mita rahbariyati, milliy madaniy markazlar, do‘stlik jamiyatlari hamda Birodar shaharlar alyansi vakillari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Unda festivalning asosiy maqsad va vazifalari, dastur doirasida rejalashtirilgan madaniy-ma’rifiy, ilmiy-amaliy hamda ommaviy tadbirlar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, festivalning asosiy tadbirlaridan biri hisoblangan I xalqaro “Birodar shaharlar forumi”ga to‘xtalib o‘tilib, mazkur tadbir 24–25 iyul kunlari qadimiy va navqiron Samarqand shahri mezbonligida bo‘lib o‘tishi, unda 30 ga yaqin davlatdan 100 ga yaqin xorijiy mehmonlar, olimlar, xalqaro tashkilotlar vakillari bir maydonda jamlanishi haqida batafsil axborot berildi.
Anjumanda festivalning mamlakatimizda millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik va xalq diplomatiyasini rivojlantirishdagi o‘rni alohida ta’kidlandi.
Ma’lumot uchun, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 30 iyul sanasi Xalqaro do‘stlik kuni sifatida e’tirof etilgan. Shu munosabat bilan har yili ushbu sana butun dunyoda Xalqaro do‘stlik kuni sifatida nishonlanadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati