Bugun, 7 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov tizimda faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislar bilan dildan suhbat qurdi.
Muloqot avvalida Homidjon domla yurtimizda yoshlarning bilim olishi va kasbiy yuksalishi uchun yaratilgan imkoniyatlarga to‘xtalib, Diniy idorada ham yosh mutaxassislarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun barcha sharoitlar muhayyo ekanini alohida qayd etdi.
Shuningdek, Idoraning shonli tarixiga nazar tashlab, 1943 yilda "Baroqxon" madrasasida boshlangan faoliyat 2007 yilda "Hazrati Imom" majmuasiga, 2026 yilga kelib esa muhtasham O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining yangi binosiga ko‘chganini so‘zlab berdi.
Suhbat davomida bugungi tinchlik va taraqqiyot ajdodlarimizning duolari va mehnatlari samarasi ekani ta’kidlandi. Shuningdek, Diniy idora nafaqat yurtimizda, balki qo‘shni davlatlarda ham yuksak ehtirom bilan tilga olinadigan dargoh bo‘lib, bu yerda faoliyat yuritgan ulug‘ ulamolarning xizmati beqiyos ekani qayd etildi.
Homidjon domla yoshlarni ularga nasib etgan mana shunday beqiyos imkoniyatlardan oqilona foydalanishga, o‘z bilim va malakalarini tinimsiz oshirib, din va millat rivoji uchun bor kuch-g‘ayratini sarflashga chaqirdi.
Uchrashuv yakunida yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi hamda ma’rifat ziyosi yanada keng yoyilishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Eng ulug‘, eng aziz bayram – Mustaqillik shodiyonalariga sanoqli kunlar qoldi. Ayyom arafasida kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj bemorlar, keksalar holidan xabar olinib, ularga bayram tuhfalari yetkazib berilyapti.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida imom-domlalar, homiylar poytaxtimizning Olmazor tumanidagi "Islomobod" masjidida yig‘ilib, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olishdi.
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Toshkent shahar filiali hamda homiylar ko‘magida tayyorlangan oziq-ovqatlar jamlanmasi, shirinliklardan iborat ehsonlar bilan xonadonlarga kirib borildi.
Ko‘ngli o‘ksik insonlar bayram tuhfalarini olib, aziz yurtimizda hech kim mehr va e’tibordan chetda emasligiga yana bir karra amin bo‘lishdi.
Alloh taolo ehsonlarni qabul qilsin. Savoblarini ko‘paytirib bersin!
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati